“Biz ta’lim bilan bir qatorda ilm-fan, zamonaviy texnologiya va innovatsiyalarni ham taraqqiyotimizning hal qiluvchi omili deb bilamiz”, deya ta’kidladi Prezidentimiz.

Alisher Navoiy ilmni insonni kamolot sari yetaklovchi, jaholatni bartaraf etib, ma’naviy olamni yorituvchi buyuk kuch sifatida tarannum etgan. Uning:

Jaholatdan ilmu yiroq qilg‘ay,

Bilim ila ko‘ngling charog‘ qilg‘ay

degan hikmati bugun ham ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q. Millatimizning ikki fidoyisi ilgari surgan bu da’vatkor fikrlar har birimizni yosh avlod ma’rifati haqida qayg‘urishga chorlaydi. Chunki bugungi zamon talabi bunday: endi bilimni egallashning o‘zi kifoya emas, uni tahlil qilish, yangi g‘oyaga aylantirish, texnologiya bilan uyg‘unlashtirish hamda inson va jamiyat manfaatiga xizmat qildirish hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.

Insoniyat sivilizatsiyasining eng buyuk yutuqlari, avvalo, inson tafakkurining yuksalishi bilan bog‘liq. Odam olovni o‘zlashtirdi, yozuvni kashf etdi, tabiat qonuniyatlarini angladi, koinot sirlarini o‘rgandi, elektr va kompyuterni ixtiro qildi. Bugun esa sun’iy intellekt inson tafakkurining imkoniyatlari bilan yangi texnologik bosqichni boshlab bermoqda.

Shubhasiz, tamaddunning asosiy mohiyati bilimning avloddan avlodga o‘tishi, yangi bilimga aylanishi va inson hayotini o‘zgartirishidir.

Uchinchi Renessansning

eng katta tayanchi

Yangi O‘zbekiston falsafasi zamirida inson qadrini ulug‘lash, xalq bilan muloqotni davlat boshqaruvining muhim mezoniga aylantirish va islohotlar samarasini har bir mahalla, har bir xonadon va har bir fuqaroning kundalik hayotida aks ettirishdek teran g‘oya mujassam.

Bugun minglab mahallalarimizga yangi O‘zbekistonning yangi qiyofasi va yangicha tafakkuri kirib bormoqda. Ilgari mamlakatimiz iqtisodiyotiga yiliga 2-3 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilingan bo‘lsa, bugun ushbu ko‘rsatkich 40-50 milliard dollarga yetmoqda.

Shu ma’noda, so‘nggi o‘n yillikda mamlakatimizda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlarning mohiyati va strategik ahamiyatini chuqur anglash uchun ilm-fan va ta’lim tizimida yuz bergan o‘zgarishlarga nazar tashlashning o‘zi kifoya.

Zero, mazkur yangilanishlar tasodifiy emas. Ular yangi O‘zbekistonni barpo etishning uzoq muddatli maqsad va vazifalariga uyg‘un strategik qarorlar, izchil islohotlar hamda davlatimiz rahbarining ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohasini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga qaratayotgan doimiy e’tibori va alohida mehrining mantiqiy natijasidir.

Dunyo hamjamiyatida munosib o‘rin egallash, global raqobat muhitida taraqqiyot yo‘limizni ishonch bilan davom ettirish uchun bizga, eng avvalo, bilimli, kelajak kasblarini puxta egallagan, kreativ fikrlaydigan yangi avlod mutaxassislari kerak. Zero, zamon o‘zgargani sari mehnat bozori ham, ta’limning vazifasi ham transformatsiya jarayonini boshdan kechirmoqda.

Shu bois, mamlakatimiz ta’lim tizimidagi islohotlar jamiyatning ustozga va ma’rifatga munosabatini ham tubdan o‘zgartirdi. Muallimning jamiyatdagi obro‘-e’tiborini tiklash, mehnatini munosib qadrlash va daromadini izchil oshirib borish bu jarayonning muhim tarkibiy qismiga aylanmoqda.

E’tiborlisi, o‘tgan o‘n yilda aholi soni 8 millionga ko‘paygani holda bog‘cha qamrovi 78 foizga yetkazildi. Maktablarda 1,5 million qo‘shimcha o‘quvchi o‘rni ochildi. Prezident, ijod va ixtisoslashgan maktablarning tashkil etilgani farzandlarimizga yetakchi xorijiy ta’lim maskanlaridagidan kam bo‘lmagan darajada chuqur bilim olish uchun keng imkoniyatlar eshigini ochdi.

Mustaqillik arafasida yangi O‘zbekiston universiteti, Nizomiy Ganjaviy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti, O‘zbekiston milliy kutubxonasining muhtasham binolari ochildi.

Bundan tashqari, yoshlarning xorijiy tillar va kasb-hunarlarni egallashi uchun ham munosib sharoit yaratilmoqda. Bu, aslida, yoshlarga dunyo bilan muloqot qilish, bilim va tajriba almashish, o‘z salohiyatini xalqaro miqyosda namoyon etish imkoniyatini berish demakdir.

Oliy ta’lim uchun yaratilayotgan imkoniyatlar hisobiga hozir talabalar soni 1 million 600 mingga yetdi. Yoshlarning bilim olishga ishtiyoqi kuchaydi. Ota-onalar uchun farzandini oliy ma’lumotli qilish erishish mumkin bo‘lgan aniq maqsadga aylandi.

Ayniqsa, talabalarning yarmidan ko‘pini xotin-qizlar tashkil etayotgani o‘ziga xos voqeadir. Zero, ayolning ta’lim olishi — bir insonning emas, butun bir avlodning intellektual kelajagiga qo‘yilgan sarmoya. Ma’rifatli qiz — bilimli oila, bu esa, o‘z navbatida, bilimli avlod, pirovardida ma’rifatli jamiyat demakdir.

Shuningdek, 2025-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonning 7 ta oliy ta’lim muassasasi QS World University Rankings, 4 tasi Times Higher Education World University Rankings, 59 tasi esa THE Impact Rankings xalqaro reytinglariga kiritildi. Bu ko‘rsatkichlar mamlakatimizni Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqasida mazkur reytinglar bo‘yicha yetakchi davlatlardan biriga aylantirdi. Ushbu natijalar yangi O‘zbekistonda inson kapitaliga sarmoya kiritish, ilm-fan va ta’limni davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida rivojlantirish o‘zining amaliy samarasini berayotganini yaqqol namoyon etmoqda.

Bu esa yurtimizga investitsiyalar bilan birga ilg‘or texnologiyalar, zamonaviy bilim va boshqaruv tajribasi, yangi ishlab chiqarish madaniyati hamda iqtisodiy imkoniyatlar kirib kelyapti degani. Natijada islohotlar insonning bilimi va malakasi, mehnat salohiyati va hayot sifatida namoyon bo‘layotganini ko‘rsatadi.

Shu ma’noda, Prezidentimizning ta’lim va ilmga mehri hamda e’tiborini millatning intellektual kelajagiga qo‘yilayotgan poydevor sifatida anglash lozim. Chunki yangi O‘zbekistonning ilmli avlodi ulkan qiymatga ega inson kapitalidir.

Umummilliy harakat

Bilim olish faqat maktab yoki universitetning vazifasi emasligini tushunib turibmiz. U inson hayotining muayyan davrida emas, balki butun umr davom etadigan jarayon. Bugun tez o‘zgarayotgan dunyoda bir marta egallangan bilimning o‘zi kifoya qilmaydi. Yangi kasblar, yangi texnologiyalar, yangi ijtimoiy munosabatlar insondan muntazam o‘rganish, o‘z ustida ishlash va ko‘nikmalarini yangilab borishni talab etmoqda.

Aslida, bilimga ehtiyojning inson umri davomida saqlanishi taraqqiy etgan jamiyatning muhim belgilaridan. Shu ma’noda, ta’limning haqiqiy maqsadi insonni faqat bir kasbga tayyorlash emas, balki uni butun umr davomida o‘rganish va o‘zgarishga qodir shaxs sifatida shakllantirishdir.

Bugun bog‘cha va maktab yoshidagi bolalardan tortib, katta yoshdagilarga qadar turli avlod vakillarining ilm o‘rganish, yangi kasb va zamonaviy ko‘nikmalarni egallashga ¬intilayotgani bejiz emas. Bu intilishni mamlakatimizning eng chekka hududlarida ham ko‘rish mumkin.

Ta’til kunlarida Baxmal tumanidagi chekka qishloqlardan birida bo‘lganimda, yozning issiq kunlariga qaramay, yoshlarning xorijiy tillar, matematika kabi fanlar bo‘yicha tashkil etilgan to‘garaklarda kun davomida mashg‘ul bo‘lib, o‘z bilimi va ko‘nikmalarini oshirishga intilayotganiga guvoh bo‘ldim. Bu oddiy manzara emas, menimcha. Chunki bir vaqtlar qo‘shimcha ta’lim, xorijiy til yoki zamonaviy kasb o‘rganishga asosan yirik shaharlarga xos imkoniyat sifatida qaralgan bo‘lsa, bugun bunday ehtiyoj chekka qishloqlarda ham tobora kuchayib bormoqda.

Mazkur tendensiyani raqamlar aniq ko‘rsatib turibdi. Xususan, 2025/2026 o‘quv yili boshida mamlakatda 551 ta nodavlat umumiy o‘rta ta’lim muassasasi faoliyat yuritgan. Nodavlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan o‘quvchilar soni 2016/2017 o‘quv yilidagi 5309 dan 2025/2026 o‘quv yilida 157 ming 471 nafarga yetdi. Bu qariyb 30 barobar o‘sish demakdir.

Shu ma’noda, yoshlarning shaxsiy rivojlanishga intilishini bugun bemalol umummilliy harakat deb atash mumkin. Zamonaviy til bilan aytganda, o‘z ustida ishlash, yangi til va kasb o‘rganish, zamonaviy ko‘nikmalarni egallash oddiy trenddan ko‘ra kengroq mazmun kasb etmoqda. Bu — yangi hayot tarzi, yangi tafakkur madaniyati, eng muhimi, inson o‘z kelajagini o‘zi yaratishi mumkinligiga ishonchning kuchayishi.

Mustahkam poydevor

Insonning bilim olishga munosabati, fikrlash qobiliyati va yangi ko‘nikmalarni o‘zlashtirish salohiyati poydevori aynan maktabgacha ta’lim davrida shakllana boshlaydi.

Binobarin, 6 yoshli tayyorlov guruhlariga bolalar qamrovini qisqa muddatda 100 foizga yetkazish vazifasining belgilanishi strategik ahamiyatga ega. Bunda xususiy bog‘chalar tashkil etish bo‘yicha imtiyozlarni saqlab qolish orqali ta’lim xizmatlarini kengaytirish va ota-onalar uchun tanlov imkoniyatini ta’minlash ham nazarda tutilmoqda. Bugun bolaning tayyorlov guruhida olgan ko‘nikmasi ertaga maktabdagi o‘zlashtirishiga, keyinchalik kasbiy tanlovi va uzoq istiqbolda mehnat bozoridagi raqobatbardoshligiga ta’sir qiladi. Asosiy mezon baribir olingan bilim sifati va uni hayotda qo‘llay olish qobiliyatidir.

2026-yil 8-sentabrda PISA — 2025 xalqaro baholash dasturi natijalari rasman e’lon qilindi. Unda 91 mamlakat va ta’lim tizimidan 760 mingdan ortiq 15 yoshli o‘quvchi ishtirok etdi. O‘zbekistondan xalqaro tanlov asosida 233 ta maktabda tahsil olayotgan 8652 nafar 15 yoshli o‘quvchi qamrab olindi. O‘zbekistonlik o‘quvchilar tabiiy fanlar bo‘yicha 438 ball to‘pladi. Bu 2022-yildagi 355 ballga nisbatan 83 balli o‘sish demakdir. 2025-yilda O‘zbekiston 91 mamlakat va ta’lim tizimi orasida 48-o‘rinni qayd etdi. IHTT ham 2022–2025-yillar oralig‘idagi 83 balli o‘sishni ishtirokchilar orasidagi eng katta o‘sishlardan biri sifatida qayd etgan.

Biroq PISA natijalari bizga oldimizda turgan vazifalarni ham ko‘rsatadi. Eng muhimi, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, xalqaro baholash dasturlarida ishtirok etish endi ayrim maktablar yoki alohida tadqiqotlar doirasidagi jarayon bo‘lib qolmaydi. Barcha maktablarni xalqaro baholash dasturlari bilan to‘liq qamrab olish vazifasi ta’lim sifatini baholashda yagona va xolis mezonlarni shakllantiradi.

Tarixiy burilish ostonasida

Bugun insoniyat bir vaqtning o‘zida bir nechta ulkan xavf bilan yuzma-yuz turibdi. Iqlim o‘zgarishi, suv va oziq-ovqat xavfsizligi, energetika, kiberxavfsizlik, demografik jarayonlar, yangi texnologiyalar va sun’iy intellekt — bularning har biri nafaqat yangi yechimlarni, balki yangi bilim, yangi tafakkur va yangicha kasbiy ko‘nikmalarni talab etmoqda.

Ilgarigi bir avlod egallagan bilim keyingi avlod uchun yetarli tayanch bo‘lib xizmat qilgan bo‘lsa, bugun bilimning yaroqlilik muddati qisqarib bormoqda. Shu bois, zamonaviy inson uchun muntazam o‘rganish qobiliyati eng muhim ko‘nikmalardan biriga aylanmoqda.

Bugun insoniyat yana bir tarixiy burilish ostonasida turibdi. Sun’iy intellekt inson tafakkurining imkoniyatlarini raqamli muhitda kengaytirishga xizmat qilayotgan yangi vosita sifatida namoyon bo‘lmoqda. U axborotni izlash, tahlil qilish, tarjima, modellashtirish, dasturlash, ilmiy izlanish va ijodiy jarayonlarning ko‘plab bosqichlariga kirib kelmoqda.

Shu ma’noda, biz shartli ravishda sun’iy intellektgacha bo‘lgan va sun’iy intellekt keng qo‘llanayotgan davr o‘rtasidagi ulkan sivilizatsion o‘zgarish jarayonini boshdan kechirmoqdamiz. Ammo tarix bizga bir haqiqatni o‘rgatgan: texnologik inqilobning haqiqiy qiymati insonning undan qanday maqsadda foydalanishi bilan belgilanadi.

Prezidentimiz nutqida AT, sun’iy intellekt va kreativ iqtisodiyot kabi yo‘nalishlarni rivojlantirishga yangicha sur’at boshlangani ta’kidlandi. Ayni jarayon doirasida 10 million yoshni raqamli industriya va kelajak kasblariga olib kirish maqsadi ham ilgari surilmoqda. Bu o‘zgarib borayotgan mehnat bozori va kelajak kasblariga tay¬yorlash orqali yoshlarimizni global raqobat muhitidan munosib o‘rin egallashga ¬tayyorlash demakdir. Zero, global raqobat tobora bilim, malaka, texnologiya va kreativlik salohiyati atrofida kechmoqda.

Bu jarayonda yoshlarning salohiyatini yangi g‘oyalarni yaratish va iqtisodiy qiymatga aylantirish ham muhim. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Yoshlarimizning salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishda startap, venchur va sun’iy intellektni rivojlantirish ustuvor yo‘nalishga aylanadi”. Bu yondashuv yoshlarni kreativ iqtisodiyotning faol subyekti sifatida shakllantirishga xizmat qiladi.

Bunday maqsadlar, o‘z navbatida, kelajak avlod ta’limi qanday bo‘lishi kerak degan muhim savolni kun tartibiga qo‘yadi. Menimcha, kelajak ta’limi, avvalo, moslashuvchan ko‘nikmalarni rivojlantirish, sun’iy intellektni ta’lim jarayoniga oqilona integratsiya qilish va insonning butun umr uzluksiz ta’lim olishini ta’minlash tamoyillariga tayanishi lozim. Chunki kelajak kasblarini bugungi ta’lim mezonlari bilan to‘liq belgilab bo‘lmaydi. Biz yoshlarga muayyan kasbdan ko‘ra, o‘zgarib borayotgan dunyoda yangi bilim va ko‘nikmalarni mustaqil egallash qobiliyatini berishimiz kerak.

Sun’iy intellekt ta’lim sohasiga jadal kirib kelayotgan bir paytda uning imkoniyatlaridan oqilona foydalanish bilan birga ehtimoliy xavflarni ham anglash muhim. PISA asoschilaridan biri Andreas Shleyxerning mulohazalariga ko‘ra, sun’iy intellektni ta’lim tizimiga mas’uliyatsiz joriy etish mustaqil tafakkur qilishga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shuning uchun u ta’limda inson tafakkurining o‘rnini egallashi mumkin emas. Aksincha, odamning bilish, tahlil qilish va yaratish imkoniyatlarini kengaytiruvchi vosita sifatida qaralishi lozim. Demak, sun’iy intellekt davrida tanqidiy fikrlash intellektual xavfsizlikning muhim shartiga aylanishini aslo yoddan chiqarmasligimiz shart.

Nazariya va amaliyotni bog‘lovchi ko‘prik

Shu yil 28 sentyabr kuni Prezidentimiz huzurida maktab ta’limida yangi avlod darsliklarini joriy etish hamda oliy ta’lim muassasalari va korxonalar hamkorligida dual ta’limni kengaytirish bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. Unda ta’lim standarti, o‘quv dasturi, darslik va baholash tizimini uzviy bog‘liq holda shakllantirish, darsliklarda o‘quvchilarning tanqidiy fikrlash, muloqot, hamkorlik va ijodkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirishga e’tibor qaratish belgilandi. Shuningdek, uchinchi va to‘rtinchi bosqich talabalarining kamida 80 foizini, ya’ni 185 ming yoshni dual ta’limga qamrab olish, 2027/2028 o‘quv yilida 75 oliygoh va 3500 korxonani jalb etish rejalashtirilmoqda. Bunda talabalarga to‘langan ish haqining 50 foizini subsidiya qilish, korxonalarga bojxona va amortizatsiya bo‘yicha imtiyozlar berish, 25 nafardan ortiq talabani amaliyotga qabul qilgan korxonalarga davlat xaridlarida preferensiyalar qo‘llash ko‘zda tutilmoqda. Mazkur yondashuvlar ta’lim va amaliyotning uzviyligini ta’minlab, yoshlarni zamonaviy bilim va kasbiy ko‘nikmalarga ega raqobatbardosh kadrlar etib tayyorlashga xizmat qiladi.

Bilim kapitalga aylanishi uchun nazariya bilan amaliyot tutashishi kerak. Shu nuqtayi nazardan, dual ta’limning ahamiyati katta. Unda ta’lim muassasasida olingan nazariy bilim ish joyidagi amaliy tajriba bilan uyg‘unlashadi. Yoshlar kasbni faqat kitobdan o‘rganmaydi, aksincha, uning mohiyatini ish jarayonida anglaydi, jamoaga moslashadi, mas’uliyatni his qiladi va o‘z mehnatining natijasini ko‘radi. Shu ma’noda, zamonaviy ta’limning muhim vazifalaridan biri nazariya bilan amaliyot o‘rtasida mustahkam ko‘prik yaratish, bilimni real hayotda qo‘llashga o‘rgatishdan iborat.

Bugun mamlakatimizdagi 595 texnikumda 329 kasb va mutaxassislik bo‘yicha 437,8 ming yosh ta’lim olmoqda. Ularning 67,4 mingi 17 mingdan ortiq ish beruvchi bilan hamkorlikda dual ta’limga jalb etilgan.

Prezidentimiz yurtimizdagi texnikumlarda xalqaro ta’lim standartlarini joriy etish, yoshlarimizni yuqori daromadli kasblarga o‘qitishni yo‘lga qo‘yish va qamrovni 1 millionga yetkazish orqali yangi O‘zbekistonda kasb egallamagan birorta yigit-qiz qolmasligiga erishish vazifasini belgilab berdi. Buning zamirida yoshlarga hayotda o‘z o‘rnini topish imkoniyatini berish ezgu maqsadi mujassam. Ayniqsa, texnikumlarda xalqaro ta’lim standartlarining joriy etilishi kasbiy ta’lim oldiga yangi talablarni qo‘yadi.

Shuningdek, Prezidentimiz tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan “Ikkinchi imkon” loyihasi insonparvar yondashuvning amaliy ifodasidir. Unda jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan yoshlarning ijtimoiy hayotga tez moslashishini ta’minlash maqsadida zamonaviy kasb va ko‘nikmalarga ega bo‘lishga qaratilgan kompleks yondashuv nazarda tutilgan.

Yaqinda Qashqadaryo viloyatidagi yopiq muassasalarga milliy preventiv mexanizm doirasida Ombudsman huzuridagi jamoatchilik guruhlari bilan monitoring tashriflari davomida ushbu loyihaning tom ma’nodagi inson qadri loyihasiga aylanib borayotganiga guvoh bo‘ldik.

Eng muhimi, bu yerda yoshlarga shunchaki bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish yoki biror hunarni o‘rgatish emas, zamonaviy hayot va mehnat bozorida o‘z o‘rnini topish uchun zarur bo‘lgan yangi bilim va ko‘nikmalarni egallash imkoniyati yaratilmoqda. Ular AT, raqamli ko‘nikmalar, xorijiy tillar va mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan boshqa zamonaviy kasb hamda mutaxassisliklarni o‘rganib, yangi hayot yo‘lini qurishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Bu juda muhim. Chunki jinoyat yo‘liga qayta kirib qolmasligi uchun ularning hayotda o‘z o‘rnini topishi, qonuniy mehnat orqali o‘z kelajagini qurishi va jamiyatda munosib o‘rin egallashi nihoyatda dolzarb. Buning uchun esa insonga faqat ozodlikning o‘zi emas, yangi hayot qurish uchun zarur bilim, kasb, ko‘nikma va ishonch ham kerak.

Shu ma’noda, “Ikkinchi imkon”ning eng katta qiymati insonga faqat kechagi kunidan voz kechishni emas, balki ertangi kunga tayyorgarlik ko‘rish imkoni berilishidadir. Kasb egallayotgan, AT va raqamli texnologiyalarni o‘zlashtirayotgan, xorijiy til o‘rganayotgan yosh o‘z kelajagini kutib o‘tirmaydi. Uning uchun zarur bo‘lgan salohiyatni bugundan shakllantiradi.

Prezidentimiz ilgari surayotgan “Hech kim o‘z muammolari bilan yolg‘iz qolmasligi kerak” degan ulug‘vor g‘oyaning mohiyati ham shunda. Insonni faqat qilgan xatosi bilan emas, uning o‘zgarish, o‘rganish, mehnat qilish va jamiyatga foyda keltirish salohiyati bilan ham ko‘ra bilish inson qadrini ulug‘lashning yuksak ifodasidir.

Umuman olganda, kasb-hunarni egallashga rag‘bat inson hayotida o‘z qobiliyatini anglash va uni ijtimoiy-iqtisodiy qiymatga aylantirishga xizmat qilmoqda. Har bir yosh o‘z iste’dodi va qiziqishini kashf etishi, uni muayyan kasbiy mahoratga aylantirishi va o‘z mehnati orqali munosib hayot qurishi uchun zarur sharoitga ega bo‘lishi kerak.

Bekzod NARIMONOV,

O‘zbekiston Respublikasi

Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) o‘rinbosari, yuridik fanlar doktori