Bilimni baholash tizimi nima uchun muhim?

    Biz yashayotgan asrda chet tillarni o'zlashtirish bilimni baholash tizimiga ko'p jihatdan bog'liqdir.

    Bugungi kunda xorijiy tillarni oʻrganishga qaratilgan eʼtibor xalqaro hamjamiyatda buyuk ajdodlarimiz tomonidan qoldirilgan anʼanalarni talab darajasida davom ettirish, rivojlantirish yoʻlidagi harakatlarini faollashtirayotgani hech kimga sir emas. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-mayda eʼlon qilingan “Oʻzbekiston Respublikasida xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida qayd etilishicha, xorijiy tillarni oʻrgatishni taʼlim siyosatining ustuvor yoʻnalishi sifatida rivojlantirish, ushbu yoʻnalishda taʼlim sifatini tubdan oshirish, sohaga malakali pedagoglarni jalb etish hamda aholining xorijiy tillarni oʻrganishga boʻlgan qiziqishini oshirishdir.

    Bugungi kun talablari asosida chet tillarni oʻzlashtirish deganda barcha sohadagi mutaxassislarimiz tomonidan chet tilida ravon gaplashish, muloqot mahoratiga erishish nazarda tutiladi. Biz yashayotgan asrda chet tillarni oʻzlashtirish bilimni baholash tizimiga koʻp jihatdan bogʻliqligini qayd etish maqsadga muvofiqdir. Bu esa, oʻzlashtirilayotgan bilim, koʻnikma va malakalarni zamonaviy testlar yordamida tekshirib borishni taqozo etadi. Bilimni talab darajasida baholash sifatli, bugungi kun talabiga javob beradigan testlarni yaratilishiga koʻp jihatdan bogʻliq.

    Biz bir oʻta muhim narsani yodimizda tutishimiz kerak, u ham boʻlsa – bilimni nazorat qilish, oʻzlashtirilayotgan bilim, koʻnikma va malakalar doimiy ravishda tekshirilib boriladigan oʻta muhim ishlardan biridir.

    Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-maydagi “Xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirishni samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida xorijiy tillarni bilish darajasini baholovchi xalqaro tan olingan sertifikatlarning roʻyxati hamda xorijiy tillarni bilish darajasini belgilovchi milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlarning darajalari oʻrtasidagi muvofiqlikni tasdiqlash Agentlikning chora-tadbirlar rejasiga kiritilgan.

    Ingliz tili oʻqituvchilarining xalqaro tan olingan malaka oshirish kurslari (TKT, TESOL, TEFL, CELTA va boshq.)da sertifikatlashtirish tizimini tashkil qilish maqsadida Agentlik mutaxassislari tavsiya etilgan testlar qatorida Linguaskill testi bazasini oʻrganib, tahlil qilib chiqishdi.

    Linguaskill testi Cambridge Assessment English ekspertlari tomonidan tuzilgan boʻlib, 14 yoshdan katta til oʻrganuvchilar uchun umumiy ingliz tili darajasini aniqlash, talabalar kursni bitirishi va til bilish qobiliyati uchun izchil va mustaqil maʼlumot topishi, xodimlar uchun ishga kirish va lavozim oshishi, yutuq va kamchiliklarni koʻrsatishda, nomzodlarni tegishli kursga joylashtirishda va CEFR A1-C1 darajasiga teng barcha darajadagi test topshiruvchilar uchun tavsiya etiladi.

    Boʻlajak chet til oʻqituvchilari oldiga qoʻyilgan maqsad va vazifalarni talab darajasida oʻzlashtirib, kundalik taʼlim jarayonida qayd etilgan testlardan unumli foydalana olishlari davrimiz talabidir. Unumli foydalanilgan testlar dars olib borayotgan oʻqituvchining chet til bilan bogʻliq amaliy va nazariy bilimi, zamonaviy metodlardan boxabar boʻlib, ulardan qay darajada foydalanayotganining ham koʻrsatkichidir. Shunday ekan, oʻquv jarayoniga testlardan faol, talab darajasida foydalanishga milliy manfaatlarimizni taʼminlashga oʻzining jiddiy hissasini qoʻshadigan vosita sifatida qarashimiz kerak.

    Nazira NURMATOVA,

    Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi

    Xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish agentligining

    Hududlarda xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish boʻlimi bosh mutaxassisi