BIMT rahbariga respublikada savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy sohalarda va intellektual mulkni himoya qilish yoʻnalishida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil maʼlumot berildi. Oʻzbekiston bilan xalqaro iqtisodiy tashkilotlar oʻrtasidagi hamkorlikni faollashtirish mamlakatimiz tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekanligi taʼkidlandi.
Daren Tang Oʻzbekistonda intellektual faoliyat va innovatsiyalar natijalarini iqtisodiyot sohasiga joriy etish mexanizmlarini takomillashtirish, hududiy brendlarni yaratish, kontrafakt mahsulotlar savdosining oldini olish, intellektual mulk obyektlarining ishonchli huquqiy himoyasini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni yuqori baholadi. Uning aytishicha, Oʻzbekiston BIMT bilan faol hamkorlik qiladi, respublika vakillari tashkilot organlarining yigʻilishlari, forumlari, seminarlari, mintaqaviy va xalqaro miqyosdagi tadbirlarida muntazam ishtirok etadi.
Tomonlar Oʻzbekistonda, BIMT akademiyasi boʻlimini tashkil etish va mamlakatimizning JSTga aʼzo boʻlishi jarayonida BIMT bilan hamkorlikni faollashtirish masalalarini muhokama qildilar.
Uchrashuv yakunida Daren Tang Oʻzbekistonga tashrif bilan kelish istagini bildirdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.