Mamlakatimiz hududida Binance kripto-birjasi oʻz faoliyatini qonunchilik bilan belgilangan tartibda mahalliy «CoinPay» MCHJ orqali amalga oshirishni rejalashtirmoqda.
Maʼlumot uchun: “COINPAY” MCHJ kripto-aktivlar aylanmasi sohasida rasmiy xizmat koʻrsatuvchi provayder boʻlib, u kripto-birja va kripto-doʻkon faoliyatini amalga oshirish uchun tegishli litsenziyalarga ega.
Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari Binance platformasiga «COINPAY» MCHJning tegishli resurslari (coinpay.uz) orqali kirishlariga imkoniyat beriladi. Shu bilan birga, foydalanuvchilar oʻz mablagʻlarini bank kartalari va milliy toʻlov tizimlari orqali milliy valyutada kiritish hamda chiqarish imkoniyatiga ega boʻladilar.
Tizimni ishga tushirish, hamkorlar platformalarining barcha modullari, jumladan, milliy toʻlov tizimlari bilan integratsiyalashganidan soʻng amalga oshirish rejalashtirilgan. Tizimning ishga tushirilishi haqida hamkorlarning rasmiy resurslarida (CoinPay i Binance) qoʻshimcha ravishda eʼlon qilinadi.
2024-yilning yanvar oyida Agentlik tomonidan Binance kripto-birjasiga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi, xususan, kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilik talablarini buzganligi uchun jarima qoʻllash haqidagi qaror qabul qilingan edi. Shundan soʻng, tegishli daʼvo arizasi Toshkent shahar iqtisodiyot sudiga yuborilgan.
2024-yilning 26-martidan 7-iyuniga qadar javobgar (Binance kripto-birjasi) vakili ishtirokida davom etgan sud jarayonlari yakuniga koʻra, sud Agentlikning arizasini toʻliq qondirish hamda kripto-birjadan 300 bazaviy hisoblash miqdoriga teng boʻlgan jarimani Oʻzbekiston Respublikasi byudjetiga belgilangan tartibda undirish haqida qaror qabul qilgan.
Binance kripto-birjasi sudning barcha talablarini bajarganligini hamda jarimani qonunchilikda belgilangan tartibda Davlat byudjetiga toʻliq toʻlaganligini taʼkidlash joiz.
Agentlik, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 3-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotni va kripto-aktivlar aylanmasi sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3832-son qarorining 3-bandi “d)” kichik bandiga muvofiq, 2023-yil 1-yanvardan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va yuridik shaxslari kripto-aktivlarni sotib olish, sotish va (yoki) ayirboshlash boʻyicha operatsiyalarni faqat milliy provayderlar orqali qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshirishlari lozimligini eslatib oʻtadi.
Shu munosabat bilan, fuqarolarni qonun talablariga rioya qilishga va kripto-aktivlar bilan operatsiyalarni faqat milliy provayderlar orqali amalga oshirishga qatʼiy chaqiramiz.
Shuningdek, eslatib oʻtamiz, kripto-aktivlarni sotib olish obyekti sifatida ishlatish va buning oqibatlari xaridorning shaxsiy tanlovidir.