Hujjat Prezidentning “Oʻzbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini taʼminlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 30-iyuldagi PQ-4794-son qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan. Seysmik faol hududlarda joylashgan bino va inshootlar, koʻp kvartirali uy-joylarning seysmik zaifligini baholash uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan elektron texnik pasportlar bosqichma-bosqich shakllantiriladi.
Vazirliklar va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xoʻjalik birlashmalari hamda boshqa tashkilotlar bosqichma-bosqich oʻzlariga qarashli bino va inshootlar, shuningdek, koʻp kvartirali uy-joylarning elektron texnik pasportlarini Yagona integratsiyalashgan platformaga kiritilishini taʼminlashlari kerak.
Qurilish vazirligi huzuridagi Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasiga yangi qurilayotgan barcha turdagi bino va inshootlar, shuningdek, koʻp kvartirali uy-joylarning elektron texnik pasportlarini shakllantirib, platformaga doimiy kiritib borilishini taʼminlash vazifasi yuklandi.
Qaror bilan Bino va inshootlarning seysmik mustahkamligini baholash boʻyicha elektron texnik pasportlarni shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga asosan, Fanlar akademiyasi Qurilish vazirligi bilan hamkorlikda har yili 15-yanvarga qadar platformaga kiritilgan elektron texnik pasportlar asosida bino va inshootlar, shuningdek, koʻp kvartirali uy-joylarni seysmik zaifligi boʻyicha turlarga ajratib chiqadi. Mazkur axborot Favqulodda vaziyatlar vazirligiga taqdim etiladi.
FVV axborot olingan kundan eʼtiboran 15 kun muddatda vazirliklar va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xoʻjalik birlashmalari hamda boshqa tashkilotlarga instrumental-texnik tekshiruvdan oʻtkazish toʻgʻrisida ogohlantirish xati yuboradi.
Olti oy davomida ular seysmik zaif hisoblangan bino va inshootlarini seysmik holatini mustahkamlash choralarini koʻrishlari zarur.
Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 1.07.2021-yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.