Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalar va telegram messenjerida tashkil etilgan guruh va kanallar orqali ovqatga qoʻshiladigan biologik faol qoʻshimchalar, malhamlar, surtmalar, balzamlar, damlamalar, suvlarning tibbiyotda davolash qiyin boʻlgan kasalliklarni davolash va oldini olishda (profilaktikada) eng maqbul va samarali vosita koʻrinishida targʻibot qilish kuchaymoqda.
Bunda ushbu mahsulotlarning reklamasi “ming bir xastalikka davo” sifatida, “moʻjizakor” taʼsiri haqida isteʼmolchilarni chalgʻitadigan yolgʻon yoki noaniq, boʻrttiruvchi iboralar asosida joylashtirilishi, taniqli shaxslar va jamoat arboblari tomonidan mazkur mahsulotlarni tavsiya qilinishi, davolashda foydalanganliklari, taʼsir doirasi va terapevtik samaradorligi haqida fikrlar bildirilishi isteʼmolchilarning rejali (anʼanaviy) davolashdan voz kechib, oʻz-oʻzini davolash usullarini keng qoʻllanilishiga, hattoki fojiali holatlarga sabab boʻlmoqda.
Ayniqsa, reklama lavhalarida fuqarolarning diniy tuygʻularidan foydalangan holda dalil sifatida diniy blogerlarning suratlari, ular ishtirokidagi video va audio lavhalardan foydalanilib (muayyan bir savdo belgisi aniq gapirmagan boʻlsada), davolash uchun tavsiyalar va koʻrsatmalar berish orqali isteʼmolchilarda mahsulotlarga nisbatan boʻlgan ishonchni sunʼiy ravishda oshirilishiga va pirovardida notoʻgʻri xulosa chiqarilishiga olib kelmoqda.
Achinarlisi, bunday mahsulotlarni diniy blogerlar tomonidan bevosita reklama qilinishi isteʼmolchilarni chalgʻitib, ularda ushbu mahsulotlarni dori vositasi va davolash xususiyatiga ega ekanligi haqida yanglish fikrlar shakllanishiga hamda ularni isteʼmol qilinishiga undamoqda.
Oʻz navbatida, Qoʻmitaga reklamalarga ishonib, aynan shu kabi mahsulotlarni sotib olgan, biroq ularni isteʼmoli natijasida sogʻligi yanada yomonlashganligi toʻgʻrisida fuqarolardan koʻplab murojaatlar kelib tushmoqda. Jumladan, joriy yilning oʻtgan davrida BFQlar boʻyicha 1 mingga yaqin murojaatlar koʻrib chiqilib, isteʼmolchilarga 118 mln soʻm moddiy zararlar qoplanishi taʼminlangan.
Maʼlumot uchun: “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunning 35-moddasida ovqatga qoʻshiladigan biologik faol qoʻshimchalarning va oziq-ovqat qoʻshimchalarining reklamasiga doir talablar belgilangan:
- ular dori vositalari hisoblanadi va (yoki) davolash xossalariga ega degan taassurotni uygʻotmasligi;
- ularni qoʻllash natijasida odamlar davolanganligi, ularning ahvoli yaxshilanganligiga doir muayyan hollarga havolalarni oʻz ichiga olmasligi;
- ularning qoʻllanilganligi munosabati bilan jismoniy shaxslar tomonidan bildirilgan minnatdorchilik izhorini oʻz ichiga olmasligi; sogʻlom ovqatlanishni rad etishga undamasligi;
- ovqatga qoʻshiladigan biologik faol qoʻshimchalarning va oziq-ovqat qoʻshimchalarining tadqiqotlar oʻtkazilganligi, davlat roʻyxatiga olinganligi toʻgʻrisidagi faktlarga havolalar qilish, shuningdek boshqa tadqiqotlar natijalaridan ularni qoʻllash uchun toʻgʻridan-toʻgʻri tavsiya shaklida foydalanish orqali dori vositalariga nisbatan afzalliklari haqidagi taassurotni yuzaga keltirmasligi;
- har bir holda reklama obyekti dori vositasi emasligi toʻgʻrisidagi ogohlantirish bilan birga berilishi kerakligi belgilangan.
Qonunning 47-moddasiga asosan, biologik faol va oziq-ovqat qoʻshimchalari reklamasiga doir talablarni buzganlik — bazaviy hisoblash miqdorining oʻttiz baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, Raqobat qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan noaniqligi,bir xil maʼnoli boʻlmaganligi, boʻrttirib yuborilishi, yashirib ketilishi, tarqatilish vaqti, joyi va usuliga nisbatan talablarning hamda qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa talablarning buzilishi natijasida reklamadan foydalanuvchilarni chalgʻitadigan yoki chalgʻitishi mumkin boʻlgan, yuridik va jismoniy shaxslarga, shuningdek jamiyat hamda davlat manfaatlariga moddiy zarar va maʼnaviy ziyon yetkazishi mumkin boʻlgan reklama notoʻgʻri (insofsiz, bila turib yolgʻon) reklama ekanligi haqida eslatadi hamda bunday reklamani tarqatish qonunchilikka binoan javobgarlikka asos boʻlishi haqida ogohlantiradi.