Vatanimiz mustaqilligi –
biz uchun kuch-qudrat
va ilhom manbai, taraqqiyot
va farovonlik asosi
Sh.Mirziyoyev
Sovet Ittifoqining qulashi bilan bog‘liq tarixiy voqealar natijasida O‘zbekiston o‘zining mustaqil davlat sifatida yo‘lini boshlab, yangi siyosiy va iqtisodiy tizimga o‘tishga kirishdi. O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligi e’lon qilinganidan buyon, mamlakat uchun tarixiy burilish nuqtasi bo‘lib xizmat qilmoqda. Xususan, Mustaqillik deklaratsiyasining qabul qilinishi mamlakat tarixida muhim bir davrni boshlab berdi. Bu voqea mamlakatning suverenitetini ta’minlash, iqtisodiy va siyosiy mustaqillikni saqlash va rivojlantirish yo‘lida muhim bir qadam hisoblandi.
2024-yil mamlakat mustaqilligining 33 yillik shonli sanasi chinakam umumxalq bayrami, ozodlik va saodat ayyomi sifatida koʻtarinki kayfiyatda kutib olinishi hamda mamlakatimizning bugungi taraqqiyot darajasi, yuksalish surʼatlariga munosib tarzda nishonlanishi rejalashtirilgan. Ushbu chora-tadbirlarning ijrosini ta’minlash maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz uch yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi Prezident Qarori qabul qilindi.
Xo‘sh, mustaqil O‘zbekiston bosib o‘tgan o‘ttiz uch yillik sharafli yo‘lda nimalarga erishdi? Mustaqillikni qo‘lga kiritganidan keyin O‘zbekiston iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy sohalarda sezilarli o‘zgarishlarni amalga oshirdi.
Jumladan, Istiqlol yillarida yurtimizda yangi davlat va jamiyat qurish yo‘lida muhim ishlar bajarildi. Qisqa muddatda mamlakatimiz Konstitutsiyasi ishlab chiqildi. Zamonaviy davlatchilik asoslari, qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlari shakllandi. O‘zbekiston iqtisodiy islohotlarni amalga oshirib, bozor iqtisodiyotiga o‘tishni boshladi. Qishloq xo‘jaligi, sanoat, xizmat ko‘rsatish va boshqa sohalarda modernizatsiya jarayonlari olib borildi. O‘zbekistonning iqtisodiy strategiyasi investitsiya jalb qilish, eksportni oshirish va mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirishga qaratildi. Ta’lim, sog‘liqni saqlash va boshqa ijtimoiy sohalarda katta o‘zgarishlar amalga oshirildi. Ta’lim tizimi modernizatsiya qilinib, xalq ta’limi va kasb-hunar ta’limi sohalarida islohotlar olib borildi. Sog‘liqni saqlash tizimi yangilandi va xalq salomatligini yaxshilashga qaratilgan dasturlar joriy etildi. O‘zbekiston xalqaro maydonda o‘zining mustaqil siyosatini olib boradi va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantiradi. BMT, Xalqaro valyuta jamg‘armasi (IMF), Jahon savdo tashkiloti (WTO) kabi xalqaro tashkilotlar bilan aloqalar o‘rnatildi va mustahkamlandi. Mamlakatning xalqaro aloqalarining kengayishi va strategik hamkorliklar rivojlanishi O‘zbekistonning global maydondagi roli va pozitsiyasini mustahkamladi.
Hozirgi vaqtda davlat va jamiyatimizning siyosiy-huquqiy poydevorini mustahkamlash, mamlakatni modernizatsiya qilish, bu jarayonda parlament va siyosiy partiyalarning rolini, jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga qaratilgan keng ko‘lamli demokratik islohotlar jadal amalga oshirilmoqda. Demokratiyaning asosiy talabi bo‘lgan inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini, so‘z va vijdon erkinligini ta’minlashga alohida e’tibor berilmoqda.
Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida vatanimiz mustaqil O‘zbekistondan Yangi O‘zbekistonga aylandi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Yangi O‘zbekiston o‘z sahifalarini yangi yutuqlar, yangicha islohotlar bilan bezamoqda. Xususan, Respublikamizda Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiya qabul qilindi. Ko‘p yillardan buyon jiddiy muammo bo‘lib kelgan majburiy va bolalar mehnati to‘liq tugatildi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining fuqarolik masalasi bo‘yicha chaqirig‘iga javoban 2020-yilning o‘zida 50 mingdan ortiq yurtdoshimizga O‘zbekiston fuqaroligi berildi. Iqtisodiyotimizdagi tarkibiy islohotlar va asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar esa 2017-2020-yillarda iqtisodiy o‘sish darajasi 18,3 foizni tashkil etib, yalpi ichki mahsulot 60 milliard dollarga yetdi. Tashqi savdo aylanmasi 2016-yildagi 24 milliard dollardan 2020-yilda 36 milliard dollarga ko‘paydi. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 369 trillion so‘mni tashkil qilib, 2016-yilga nisbatan 23,4 foizga o‘sdi. Natijada sanoat mahsulotlarining yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 19,5 foizdan 27,4 foizga ko‘tarildi. Iqtisodiy sohani, jumladan, bojxona tartiblarini liberallashtirish tufayli 2020 yilda eksport hajmi 15,1 milliard dollarni tashkil qilib, 2016 yilga nisbatan 25 foizga o‘sdi.
O‘ziga xos yondashuv asosida ijtimoiy sohani rivojlantirish ishlari boshlanib, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”, “Mehr daftari”, “Mahallabay” ishlash usullari joriy etildi. Aholini uy-joy bilan ta’minlash masalasiga ham alohida e’tibor qarati;ib, 2017-2020-yillar davomida 140 mingdan ziyod arzon va sifatli uy-joylar bunyod etildi. Ushbu ko‘rsatkich 2016-yilga nisbatan qariyb 11 barobar oshdi.
Atoqli ma’rifatparvar Adurauf Fitratning “Ta’limi olgan millatning buguni ham, kelajagi ham qullikdir” – deb aytgan tanqidiy so‘zlarini chuqur anglagan holda, ta’lim sohasida ham tubdan yangilandi. 2017-yili yurtimizda 5 ming 211 ta bog‘cha faoliyat yuritgan bo‘lsa, joriy yilda bu raqam 19 ming 316 taga yetdi. Davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari hamda oilaviy bog‘chalarning joriy etilishi, bir qator imtiyozlar berilishi tufayli 13 mingdan ziyod nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ushbu islohotlar natijasida maktabgacha ta’limga qamrov darajasini 62 foizga, 6 yoshdagi bolalar o‘rtasida esa 77 foizga yetkazishga erishdik. Yangi turdagi ta’lim maskanlari, xususan, Prezident maktablari, ijod maktablari, ixtisoslashgan maktablar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Birgina 2020-yilni oladigan bo‘lsak, yurtimizda matematika fani bo‘yicha 56 ta, kimyo-biologiya fani bo‘yicha 28 ta, informatika va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha 14 ta ana shunday maktablar tashkil etildi. Bitiruvchi yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi avvalgi yillarga nisbatan deyarli 10 barobar yuqoriladi. Yangicha va mustaqil fikrlaydigan, mas’uliyatli, tashabbuskor, vatanparvar yoshlarimiz ertangi kun bunyodlari hisoblanadi, shu tufayli yoshlarga yaratilgan shart-sharoitlar alohida e’tiborni tortadi. Berilgan imkoniyatlar esa o‘z natijasini ko‘rsatgani butun xalqimiz uchun quvonarli holat. Kuni kecha, Fransiyada bo‘lib o‘tgan XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlarida mohir sportchilarimiz g‘olib va sovrindor bo‘lib, o‘zlarining tengsiz matonatini namoyon etdilar.
Ko‘rib turganimizdek, yuqorida qayd etilgan barcha yutuq va muvaffaqqiyatlar mustaqillik sharofati bilan qo‘lga kiritildi. Bugun biz yagona xalq, yagona millat bo‘lib, ko‘zlagan yuksak maqsadlarimiz sari dadil bormoqdamiz. Vujudimizda, qonimizda ajdodlarimizdan meros buyuk qudrat jo‘sh urayotgan ekan, biz ezgu orzu va maqsadimiz bo‘lmish yangi O‘zbekistonni albatta bunyod etish yo‘lidan also qaytmaymiz. Oradan hali qancha yillar, asrlar o‘tadi. Yurtimizda yangi-yangi avlodlar dunyoga keladi. Milliy davlatchiligimizni tiklab, bizga taraqqiyot va farovonlikka erishish yo‘lida mana shunday beqiyos imkoniyatlarni yaratib bergan istiqlolimiz jonajon Vatanimizning shonli tarixida hamisha eng yorqin, o‘chmas sahifa bo‘lib qoladi.
Shahnoza Mamataliyeva,
Toshkent davlat yuridik
universiteti o‘qituvchisi