Bir daraxtning ikki shoxi – oʼzbek va tojik

    Oʼzbek va tojik xalqi bir oʼzandan suv ichgan, tarixi, taqdiri, ildizi tutash el, urf-odatlari, qadriyatu anʼanalari yaqin. Shu bois, azaldan bu ikki xalq oʼrtasida quda-andachilik, qarindoshlik aloqalari mustahkamlanib kelgan.

    Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari sifatidagi faoliyatining dastlabki kunlaridanoq bu rishtaning yanada mustahkam boʼlishi uchun harakat boshladi. Oʼzaro aloqalarda ulkan oʼzgarishlar yuz berdi. Jumladan, 2017 yilda Toshkent-Dushanbe aviaqatnovining qayta yoʼlga qoʼyilishi, Gʼalaba-Аmuzang temir yoʼli tiklanishi, Samarqand-Panjikent xalqaro yoʼli ochilishi, ikki davlat chegarasida 10 ta nazorat punkti ish boshlagani tarixiy voqea boʼldi. Аyniqsa, 2018 yili Prezidentimizning Tojikistonga tashrifi oʼzbek-tojik xalqlari oʼrtasida yaxshi qoʼshnichilik, doʼstlik, birodarlik va oʼzaro strategik sheriklik sohalaridagi munosabatlarda yangi sahifa ochdi.

    Taʼkidlash kerakki, Oʼzbekiston-Tojikiston oʼrtasida chegaralarning ochilishi necha yillardan buyon bir-birini sogʼingan qanchadan-qancha ota- bola, aka-uka, opa-singil, qarindosh- urugʼlarni diydorga yetkazdi. Esimda, oʼsha yillari chegaralar ochilishida bir-birining diydoriga oshiqqan ne-ne qalblarning uchrashuviga guvoh boʼldik. Koʼzlarimizga yosh qalqdi. Аxir jigarining toʼyu maʼrakasiga yetib borolmagan, xasta boʼlsa, holidan xabar ololmagan insonlarga chegaralar ochilishi chinakam baxtiyorlik tuygʼusini his qilish imkonini berdi. Mehr rishtalari qayta bogʼlandi.

    Bugungi kunda Xoʼjand shahrida Oʼzbek maʼnaviyati va maʼrifati markazi, mahalliy universitetda oʼzbek filologiyasi boʼyicha mutaxassislar tayyorlaydigan ilmiy maktab faoliyat yuritmoqda.

    Mamlakatimizda barcha millat va elatlar qatori tojik madaniyatini saqlash va rivojlantirishga ham katta eʼtibor qaratilmoqda. Oʼzbekistonda tojik millatiga mansub 1 million 600 ming yurtdoshimiz istiqomat qilib, iqtisodiy taraqqiyotimizga munosib hissa qoʼshmoqda. Ular orasida taniqli olimlar, tadbirkor va fermerlar, oʼqituvchilar, shifokorlar, turli darajadagi rahbarlar bor.

    Mamlakatimizda 15 ta tojik milliy madaniyat markazi millatlararo hamjihatlikni mustahkamlashga hissa qoʼshmoqda. Tojik tilida gazeta va jurnallar chop etilib, telekoʼrsatuv va radioeshittirishlar efirga uzatilmoqda. 255 ta maktabda taʼlim tojik tilida olib boriladi. Bir qator oliy oʼquv yurtlarida tojik tilida taʼlim beradigan fakulьtetlar va boʼlinmalar faoliyat yuritmoqda. Joriy yilda ushbu yoʼnalishlarga qabul oʼrinlari ikki barobar ortadi.

    Mamlakatimizda keyingi yillarning oʼzida tojik millatiga mansub 130 fuqaro yuksak davlat mukofotlariga sazovor boʼldi.

    Bu Oʼzbekistonda barcha millatlar qatori tojik xalqiga ham yuksak eʼtibor qaratilayotgani, sharoit va imkoniyatlar barobar ekanini namoyon etadi.

    Tojikiston xalqi Oʼzbekiston P rezidentini juda hurmat qiladi, doim mehr bilan tilga oladi. Tashrif buyursa, yuksak ehtirom koʼrsatiladi. Bunga kuni kecha davlatimiz rahbarining Tojikistonga tashrifi tafsilotlarini kuzatib borgan har birimiz g uvoh boʼldik.

    Prezidentimiz Tojikiston rahbari Emomali Rahmonga taklif va samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, ikki mamlakat munosabatlari yuksak darajaga koʼtarilganini taʼkidladi.

    — Biz ushbu tashrifga juda jiddiy tayyorgarlik koʼrdik. Hududlar forumi muvaffaqiyatli oʼtkazildi, qiymati 1 milliard dollardan ziyod boʼlgan aniq loyiha va shartnomalar imzolandi. Madaniy-gumanitar aloqalar haqida aytsak, birinchi bor Tojikist onda Oʼzbekiston kinosi kunlari muvaffaqiyatli oʼtdi, yaqin orada mamlakatlarimiz yoshlari Fargʼona vodiysida uchrashadi. Bir soʼz bilan aytganda, tarixiy yaqinligimiz bugun hayotga koʼchmoqda, — dedi davlatimiz rahbari.

    Prezidentimizning qoʼshni davlatga bu galgi tashrifi har qachongidan samarali va ikki mamlakat, oʼzbegu tojik xalqlari uchun manfaatli boʼlishi shubhasiz. Energetika, transport, avtomobilsozlik, elektrotexnika, togʼ-kon va yengil sanoat, fan, taʼlim, sport va boshqa sohalarni qamrab olgan jami 35 ta hujjat imzolanganining oʼziyoq bu tashrifning ahamiyati nechogʼli ulkanligini koʼrsatib turibdi.

    Oʼzbekiston va Tojikiston Prezidentlari oʼzaro muzokaralarda zamonaviy xatar va tahdidlarga qarshi kurashish sohasida, ayniqsa, Аfgʼonistonda yuzaga kelayotgan vaziyat asnosida hamkorlikni kuchaytirish boʼyicha ham aniq kelishuvga erishgani bugungi davr uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

    Emomali Rahmon Shavkat Mirziyoyevni Tojikistonning yuksak mukofoti — I darajali “Zarrintoj” ordeni bilan mukofotladi. Bu davlatimiz rahbarining ikki mamlakat oʼrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish yoʼlidagi ulkan xizmatlari eʼtirofi boʼldi.

    Mamlakatlarimiz rahbarlarining uzoqni koʼzlab yuritayotgan siyosati tufayli taqdiri tutash ikki xalq doʼstligi, oʼzaro hamkorligi yanada samarali boʼladi, doʼstlik rishtalari mustahkamlanadi va, shubhasiz, bu munosabatlar dunyo taraqqiyotiga munosib hissa qoʼshadi.

    Gulandom SUBHONOVА,

    Respublika tojik milliy madaniy markazi raisi