Turkiyadan 16 nafar tajribali mutaxassislardan iborat tibbiy guruh koronavirusga qarshi kurashda yurtimiz mutaxassislari bilan hamkorlikda faoliyat koʻrsatish va tajriba almashish uchun mamlakatimizga tashrif buyurdi.

Ushbu guruhda anesteziolog, reanimatolog, pulmonolog, infeksionist, pediatr, shuningdek, shoshilinch tibbiy yordam, biotibbiyot, umumiy amaliyot, ichki kasalliklar, jamoat salomatligi boʻyicha malakali mutaxassislar jam boʻlishgan.

Eʼtiborli jihati, turkiyalik shifokorlar tashrif davomida yurtimiz shifokorlari bilan birgalikda mamlakatimizda “COVID-19”ga qarshi kurashish borasidagi holatni tahlil etib, tegishli tavsiyalar taqdim etish koʻzda tutilgan.

Jumladan, mehmonlar Toshkent shahridagi Viruslogiya ilmiy tekshirish instituti, Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish instituti, Toshkent viloyatidagi Zangiota ixtisoslashtirilgan yuqumli kasalliklar shifoxonasi, shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Navoiy, Fargʻona, Andijon hamda Namangan viloyatlaridagi ushbu sohaga ixtisoslashgan shifoxonalar, tibbiy markaz va laboratoriyalar faoliyati bilan yaqindan tanishib, kornovirusni aniqlash, nazoratga olish va bemorlarni davolashda mahalliy shifokorlar bilan hamkorlikda amaliy faoliyat koʻrsatishlari rejalashtirilgan.

Sogʻliqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.