Bir kunda isteʼmolchilarga qancha yoqilgʻi-energiya manbalari yetkazib berildi?

    Energetika vazirligi matbuot xizmati 10-yanvar kuni bu borada amalga oshirilgan ishlar haqida maʼlumot berdi.

    Qayd etilishicha, bir kun mobaynida elektr stansiyalari orqali 234,8 mln. kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan. Shundan respublika isteʼmolchilariga 226,5 mln. kVt-soat elektr energiyasi yetkazib berilgan.

    Shuningdek, gaz taʼminoti korxonalari tomonidan isteʼmolchilarga 161,8 mln/kub metr tabiiy gaz va 2,2 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi. Isteʼmolchilarni koʻmir mahsulotlari bilan taʼminlash maqsadida 6,9 ming tonna mahalliy koʻmir yetkazib berildi.

    Korxonalarda qazib chiqarish va ishlab chiqarish ishlari oʻrnatilgan tartibda olib borilmoqda. Barcha korxonalarda shtablar tuzilgan, 24 soatlik navbatchilik tashkil qilingan.

    Hududlar boʻylab kuchli qor yogʻishi natijasida elektr tarmoqlari va transformator punktlarida yuzaga kelgan nosozliklar energetiklar tomonidan bataraf etib borildi.

    Misol uchun, Yakkasaroy va Shayxontohur tumanlarining ayrim hududlarini elektr energiyasi bilan taʼminlovchi yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmogʻida shikastlanish yuzaga kelishi natijasida aholi yashash xonadonlarida elektr taʼminotida uzilishlar kuzatildi. Maxsus brigadalar tomonidan nosozliklar bartaraf etilib, isteʼmolchilarning elektr taʼminoti qayta tiklandi.

    Respublikamizning ayrim hududlarida elektr energiyasi taʼminotida cheklovlar (bir yarim soatdan ikki soatgacha) kiritildi. Taʼminotdagi uzilishlar boʻyicha isteʼmolchilardan 195 ta murojaat kelib tushdi. Murojaatlar yuzasidan elektr qurilmalarida yuzaga kelgan nosozliklar maxsus brigadalar tomonidan bartaraf etildi.

    Toshkent viloyatining Pskent, Yangiyoʻl va Toshkent tumanlarining ayrim xonadonlarida gaz yetib borishida uzilishlar kuzatilgan.

    Tabiiy va suyultirilgan gaz boʻyicha isteʼmolchilardan 167 ta murojaat kelib tushdi. Mavjud muammoni bartaraf etish boʻyicha tezkor chora-tadbirlar olib borildi.

    Gaz tarmoqlarida olib borilgan taʼmirlash ishlari isteʼmolchilarni oldindan ogohlantirgan holda amalga oshirildi. Shuningdek, vazirlik va tizim tashkilotlarining masʼul xodimlari hududlarga safarbar etilib, isteʼmolchilarni barqaror energiya resurslari bilan taminlash choralari koʻrilmoqda.

    Bundan tashqari, anomal sovuq kunlarida tarmoqlarda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan nosozliklarni bartaraf etish uchun elektr va gaz taʼminoti korxonalarida tunu-kun ishlaydigan 1000 dan ortiq maxsus brigada tashkil etilgani muammolarni tezkorlik bilan bartaraf etishda qoʻl kelyapti.