Muvaffaqiyatlarga oʻz-oʻzidan erishilmaydi. Joriy yilda paxta yetishtiruvchi fermer xoʻjaligiga paxta toʻqimachilik klasteri tomonidan kerakli boʻlgan shart-sharoitlar yaratildi. Urugʻlik chigit, mineral oʻgʻit, yonilgʻi-moylash mahsulotlari oʻz vaqtida dala boshiga yetkazib berildi, suvdan oqilona foydalanish borasida amalga oshirilgan islohotlar paykallarda moʻl hosil toʻplash imkoniyatini berdi.

— Hali dalalarimizda hosil choʻgʻi moʻl, — deydi fermer Zafarjon Olimov. — Dastlabki hisob-kitoblarimizga koʻra, paxtachilikdan koʻzlanayotgan sof daromadimiz bir milliard soʻmni tashkil qilmoqda. Bu fermer xoʻjaligimiz uchun oʻziga xos imkoniyatlar yaratmoqda. Yangi texnikalar harid qilamiz, qoʻshimcha tarmoqlar faoliyatini yoʻlga qoʻyish hisobiga yangi ish oʻrinlari yaratamiz.

Beshariq tumanidagi 7 ming 935 gektar yerda “oq-oltin” yetishtirildi. Endigi maqsad, katta mehnat mashaqqatlari bilan yetishtirilgan hosilni nes-nobud qilmay terib olish. Bu ishlar uchun 90 ta terim otryadlari shakllantirildi, 11 mingdan ortiq tashabbuskor terimchi-hasharchilar yigʻim-terimda ishtirok etmoqda.

Rasuljon KAMOLOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri