Joylarda ish boshlagan Raqamli texnologiyalar markazlari faoliyatiga aynan yoshlar ko'proq jalb etilmoqda. Axborot-kommunikatsiya ta'lim muhitini yaratish, uni xalqaro andozalarga to'liq moslashtirish yoshlarni bugungi tezkor ijtimoiy hayotga tayyorlashning muhim omilidir.
Yoshlarimizning AKT sohasiga katta qiziqish bilan qarayotgani, ayniqsa, “Bir million dasturchi” loyihasi aholining keng qatlamini qamrab olayotgani ham quvonarli. Jumladan, Jasur va Gulnoza Xolovalar ana shunday markazda to'rt nafar farzandi bilan tahsil oldi. 39 yoshli Jasur Xolov iqtisodiyotning turli sohalari bo'yicha ko'p yillik tajribaga ega. Ayni paytda u komp`yuterda bir qator dasturlarda, jumladan, Excel ilovasida ishlash asoslarini o'rgatadi. Turmush o'rtog'i Gulnoza mental arifmetika bo'yicha xalqaro toifali murabbiya. Maktabda matematika, informatika va IT ga ixtisoslashtirilgan fanlardan yoshlarga dars beradi.
Xolovlar oilasi ko'plarga namuna. Ota-ona farzandlarini axborot texnologiyalari sohasida, kishilar hayotini yaxshilash va jamiyat taraqqiyotiga yordam beradigan innovatsion loyihalarni yaratadigan etuk mutaxassis bo'lishga ruhlantirib keladi. Bu o'z natijasini beryapti, albatta. Buning tarixi ham o'ziga yarasha qiziq.
Oila boshlig'i “One million Uzbek Coders” (Bir million dasturchi) loyihasi haqida yangiliklar orqali xabar topgach, IT bo'yicha tahsil olishga qaror qiladi. Oila boshlig'ining bu boradagi tashabbusi farzandlarga ham qanot bag'ishladi.
— Loyiha haqida xabar topgach, ma'lumotlarni tahlil qilish kursini o'tashga qaror qildim, — deydi Jasur Xolov. — Chunki ko'p yillar davomida Excel tahlillari bilan shug'ullanganman va ushbu yo'nalishda ma'lumotlar bilan ishlash faoliyatimda katta ahamiyat kasb etadi.
Ota-onalarning ta'kidlashicha, OMUC kurslarida tahsil olish bolalar uchun qiyin kechmadi. Farzandlarning har biri oldilariga katta maqsad qo'ygan. To'ng'ich qizi Hilola O'zbekistonda arxitektura va qurilish sohasini rivojlantirishni maqsad qilgan bo'lsa, Bahrom kelgusida tajribali ilovalar yaratadigan dasturchi bo'lishni niyat qilgan. Barno oilaning uchinchi farzandi. U mental arifmetika bo'yicha xalqaro onlayn olimpiada g'olibi. Kelgusida axborot texnologiyalari yo'nalishida shaxsiy maktab ochib, yosh avlodga “Ma'lumotlar tahlili” sohasi bo'yicha ta'lim bermoqchi.
Oilaning kenjasi Zumrad dizaynga qiziqadi va bir kun kelib shaxsiy liboslar kollektsiyasini tuzish hamda veb-dizaynni puxta o'rganishni istaydi. Bolalarning orzu-istaklari IT sohasida qiziqarli dasturlar yaratish bilan mushtarak. Shu sabab bo'lsa kerak, ular bu borada ko'nikmaga tez ega bo'lishdi. Ular bu borada egallagan bilimlari Vatan ravnaqi, oilaning farovonligiga xizmat qilishiga ishonadi.
***
Davlatimiz rahbari ilgari surgan beshta muhim tashabbusning uchinchisidan raqamli texnologiyalarni bepul o'qitish markazlarini ochish, aholining komp`yuter savodxonligini oshirish, axborot texnologiyalariga qiziquvchi yoshlar salohiyatidan to'g'ri foydalanish, ularga dasturiy mahsulotlar yaratishda ko'maklashish kabi chora-tadbirlar o'rin olgan.
Joylarda tashkil etilayotgan Raqamli texnologiyalar markazi yoshlarning axborot texnologiyalari sohasida chuqur bilimga, professional dasturchi sifatida oila va jamiyatga yordam beradigan innovatsion loyihalar yaratishiga zamin bo'lmoqda.
Shunday markazlardan birining Marg'ilonda ish boshlaganiga hali uncha ko'p bo'lgani yo'q. Ammo unda haftasiga 350 nafar yigit-qiz axborot texnologiyalari bo'yicha ta'lim oladi. O'tgan vaqt davomida ushbu markaz mutaxassislari o'nta, “Raqamli O'zbekiston” loyihasi doirasida esa to'rtta loyihani amalga oshirdi. Mana shu to'rtta loyiha markazga 350 million so'm foyda keltirdi.
Markazning iqtidorli o'quvchilaridan biri 13 yoshli Mustafo Muhammadov grafik dizaynga qiziqadi.
— Markazda IT bo'yicha ko'p narsa o'rgandim, — deydi Mustafo. — Tanishlarim ish taklif qilishdi. Bo'sh vaqtimda tayyor dizaynni “jonlantirib”, ya'ni animatsiyalashtirib berdim. Hali o'smirlik ostonasidagi Mustafo hozir oyiga 300-400 dollar ishlab topadi. Otaonasi, yaqinlari bu tirishqoq, bilimli bolaning kelajagiga katta umid bog'lashgan.
IT yo'nalishida muvaffaqiyat qozonayotgan salohiyatli yoshlar haqida ko'plab misollar keltirish mumkin. Bularning barchasi AKT infratuzilmasini yaxshilashga, aholining, ayniqsa, yoshlarning bu boradagi savodxonligini oshirish, salohiyatini yuksaltirishga keng imkoniyat yaratishga qaratilgan ezgu tashabbus samarasidir.
Risolat MADIEVA,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri