Fevral oyi elimiz uchun qishdan bahorga oʻtish oyi sifatida barchamizga qadrli. Yerlarga ishlov beramiz, nihol qurish, mavjud bogʻlarni parvarishlash jarayoni kechadi. Bu yashash tarzimiz bilan bogʻliq faoliyatdir. Ammo bu oy elimizning maʼnaviy-maʼrifiy dunyosi uchun bebaho oy: oʻzbek adabiy tilining asoschisi, turkiy xamsachilikda yagona boʻlib turgan besh dostonning muallifi, jahon shoirlari orasida betakrori boʻlgan hazrat Alisher Navoiy aynan shu oyda tavallud topganlar. Xuddi shu oyda zabt etgan yerlarida sevimli boʻla bilgan, dunyoni sarkardalik salohiyati bilan lol qoldirgan, aqlan shoh, qalban yetuk shoir hisoblangan Zahiriddin Muhammad Bobur dunyoga kelgan. Bu oy elimiz tarixi zarvaraqlarida oltin harflar bilan yozib qoʻyishga loyiq oy.
Agar Alisher Navoiyning ulugʻ merosi dunyo tillariga mukammal tarjima qilinganda, buning iloji boʻlganda, ehtimol, buyuk shoir dunyoning ikki shoiridan biri ekanini bashariyat anglardi. Ijodiy merosining hajmi ham, maʼnaviy-maʼrifiy jihatdan yuksakligi ham shu qadar beqiyoski, bashariyat hayratda. Hazrat uchun odam koʻngli hamma yaratiqlardan ulugʻi, Zamin Vatan kabi muqaddasdir. “Hayrat ul-abror”da shoir Kaʼbani taʼrif qilar ekan, inson koʻnglini Allohning uyi deb hisoblaydi. Buning uchun koʻngil pok va gʻuborsiz boʻlishi lozimligini taʼkidlaydi:
Kaʼbaki, olamning oʻlub qiblasi,
Qadri yoʻq andoqki koʻngul kaʼbasi.
Faxrki, Buxoroi sharifimiz Alisher Navoiy uchun ham muqaddas tuproq hisoblangan. Hazrat Xoja Bahouddin Naqshband haqlarida yozar ekanlar, naqshbandiylik tariqatini alohida eʼzozlaganlari namoyon boʻladi. Xoja Bahouddin Naqshbandning ziyoratlariga shohlar kelib, qulluq qilganini ifodalaydilar:
Yuz qoʻyubon qullugʻigʻa shohlar,
Bazmida bexud oʻlub ogohlar,
Navoiy hazratlari koʻplab tariqatlarni oʻrganganlari holda naqshbandiylik tariqatiga amal qilishni maʼqul bilganlar. Bu tariqat insonparvarligi bilan, komillikni targʻib qilishi bilan betakrordir. Zotan, Alisher Navoiyning Farhod obrazi barchamiz uchun komillik timsolidir.
Ulugʻ shoirimiz geometriya, matematika kabi ilmlardan, tirandozlik, kamonbozlik harbiyligidan xabardorligi yordamida Farhodning tilsimlarni yechganini tasvirlaydi. Farhod qayta-qayta xazina topadi, ammo boylikka asir boʻlmaydi. U ilmli, hunarli, dedik. Uch hunarda mohir Farhod
Hunarni asrabon netkumdir oxir,
Olib tufroqqami ketkumdir oxir, – deydi va “Nahrulhayot” arigʻini qazib, “Bahrunnajot” hovuziga suv keltiradi. Ustozi Moniydan oʻrgangan naqqoshligini ham, Boniydan oʻrgangan meʼmor, yaʼni arxitektorligini ham, Qorandan oʻrgangan toshyoʻnarligini ham ishga soladi. Insonparvarlik gʻoyasini qarang: otasi Xitoy taxtini bersa, rad etib, oʻzga xalq uchun suv keltiradi.
Hazrat Navoiy farzandga ham ilm, ham hunar oʻrgatish lozimligini uqtirganlar. Bugunki kunda Prezidentimiz aynan shu fikrni davlat siyosati darajasiga koʻtarganlari saodatimiz. Chunki inson ilmi bilan hunarini rivojlantirishi, hunari koʻmagida ilm olish uchun imkoniyatlar ochishi mumkin. Oʻzbekiston yoshlari ham hunarli, ham ilmli boʻlsa, nafaqat Vatanimizni, balki dunyoni obod aylaydi. Aslida ham shunday. Bobolarimiz hunar va ilmni birday oʻrganib, kerak boʻlsa, avliyo maqomiga yetganlar. Hoja Bahouddin Naqshband hazratlarining hayot yoʻllari bunga misoldir.
Alisher Navoiy – ulugʻ shoir, buyuk olim, ona tilimizning buyuk asoschisi, dunyo tan olgan davlat arbobi, tinchlik himoyachisi sifatida 584 oʻtibdi hamki keksa-yoshga birday oʻgit berib keladi. Bobokalon shoirimiz shunday deydilar:
Menga qilsa yuz jafo, bir qatla faryod aylamon,
Yelga qilsa bir jafo, yuz qatla faryod aylaram.
Har bir asarida insonparvarlikni, vatanparvarlikni, erkni kuylagan, yer yuzini bir yaxlit Vatan deb bilgan, umr boʻyi tinchlik uchun jonini tikkan, insoniyatga ulugʻ asarlarini meros qoldirgan Alisher Navoiy nafaqat oʻzbekning, butun insoniyatning faxridir. Uning asarlarini oʻrganmay turib, oʻzbek ham, odam ham boʻlib bilmaymiz! Oʻzbek nomi dunyo tamaddunida Alisher Navoiy nomi bilan birgalikda aytiladi, buni unutishga hech birimiz haqli emasmiz!
Bobur shaxsi esa gʻururimiz, shijoatimiz, shonimizni taʼminlab, jahon tarixining yorqin sahifalarida zikr etilganicha yashab kelaveradi. Chunki dunyo nafaqat mashhur sarkarda, balki odil podshoh sifatida ulugʻ boburiylar sulolasining asoschisi deb eʼzozlab kelishi hech kimga sir emas. Asrlardirki, uning ijodini, faoliyatini oʻrganadi, ijodini sevib mutolaa qiladi. Axir oʻzbek mumtoz nasrining nodir namunasi boʻlib kelayotgan “Boburnoma” Vatanimiz tarixidan taʼlim va saboq berib keladi. Qomusiy asar sifatida tarixchi, adabiyotshunos, folklorshunos, etnograf, geograf, tilshunosga muhim manba boʻlib xizmat qiladi. Asarni oʻqigan kitobxon Bobur oyogʻi yetgan har bir hududning tabiatini, iqlimini, nabotot olamini nazardan oʻtkazadi. Qator tarixiy shaxslarning faoliyatidan, feʼl-atvoridan xabardor boʻladi. “Boburnoma” har bir soha olimi oʻqib chiqisha shart boʻlgan kitob.
Bobur sheʼriyati nafisligi, mavzu va gʻoyasiga koʻra xalqchilligi bilan har birimizga saboq, ruhiyatimiz tarbiyatida muhim manbadir. U qoldirgan yana bir oʻgit shuki, Vatan hajri hamma qiyinchiliklardan qiyinidir. Ulugʻ shoir, ulkan olim, mashhur sarkarda qismati Vatan hamma narsadan zaruri ekanini yoshlarga anglatishimiz uchun doimo koʻmakka keladi.
Bu fikrlarni yosh avlodga anglatish uchun kitobxonlik va yana kitobxonlik zarur. Navoiyxonlik, boburxonlik kitobxonlikning goʻzal va muhim yoʻnalishi ekan, biz bu jarayonni yil boʻyi davom ettiramiz. Buxoro davlat pedagogika institutining Tillar fakulteti boshlab bergan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar barcha fakultetlar boʻylab davom etdi, davom etmoqda. Sheʼrxonliklar, savol-javoblar, insholar, audioroliklar, videoroliklar tanlovlari institut faollar zalida oʻtkazilgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir orqali davom etdi. Alisher Navoiy gʻazallari, ruboiylari, qitʼalari, tuyuqlari professor-oʻqituvchilar, magistrlar, talabalar ijrosida jarangladi. Tolibu talabalar Alisher Navoiy, Farhod, Shirin, Majnun, Layli, Doro, Iskandar singari obrazlar qiyofasini sahnada gavdalantirib berdilar. Hazrat gʻazallari asosida qoʻshiqlar kuylandi. Goʻzal taassurot bergan, xotirimizda muhrlangan navoiyxonlik turli koʻrinishlarda davom etar ekan, boburxonlikka ulanib ketdi.
B.B.Maʼmurov,
Buxoro davlat pedagogika instituti rektori,
pedagogika fanlari doktori, professor.









