Shuningdek, O'zagroinspeksiyaning vazifalaridan biri Respublikamizda qishloq xo'jalik ekinlarini etishtirishda muhim hisoblangan agrotexnik tadbirlarni sifatli va muddatlarda o'tkazilishini nazorat qilishdir.
Shuning uchun, Inspeksiya va uning hududiy boshqarma hamda tuman bo'limlari tomonidan joylarda kuzgi shudgorlash ishlarining borishi bo'yicha nazorat tadbirlari o'tkazilib, 3711 ta holatda 20448 gektar maydonlarda shudgorlash ishlarida agrotexnik tadbirlar buzilishiga yo'l qo'yilganligi kuzatildi.
Xususan, nazorat tadbirlari davomida 1529 ta holatda 4914 gektar maydonlarda sifatsiz shudgor (sayoz, to'liq kontur hosil qilinmagan, dala boshi va oxiri haydalmagan hamda erga er qo'shilmasdan) qilingan maydonlar aniqlandi.
Masalan, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand va Sirdaryo viloyatlarining bir qator hududlarida shudgorlash tadbirlari sifatsiz amalga oshirilayotganligi ma'lum bo'ldi.
Shu bilan birga, 2183 ta holatda 15535 gektar maydonlarda takroriy va boshqa ekinlar yig'ishtirib olingan bo'lsada, lekin shudgorlash ishlariga kirishilmaganligi aniqlandi.
Ushbu holatni, Andijon, Buxoro, Surxondaryo, Farg'ona viloyatlarining ayrim hudularida kuzatish mumkin.
Inspeksiya tomonidan aniqlangan kamchiliklar yuzasidan fermer xo'jaliklari va klaster korxonalariga 6984 ta ogohlantirish, 615 ta ko'rsatma hamda mahalliy hokimliklarga 146 ta taqdimnoma kiritilib, aybdorlarga nisbatan 51 ta ma'muriy jazo choralari qo'llanildi.
Inspektsiya tomonidan Respublikamizda qishloq xo'jalik ekinlarini etishtirishda agrotexnik tadbirlarning sifatli va o'z muddatida o'tkazilishi ustidan doimiy nazorat tadbirlari olib borilishini ta'minlanmoqda.
"O'zagroinspektsiya" Axborot xizmati