Tojikistonning “Xolding Aziya Grupp Tadjikistan” korxonasi yaqin orada Oʻzbekistoning qator shaharlariga tajriba-sinov tariqasida xalqaro avtobus qatnovlarini boshlaydi.
Joriy yilning 2-aprel kunidan eʼtiboran korxona Dushanbe – Termiz, Dushanbe – Denov hamda Panjikent – Samarqand yoʻnalishlarida tajriba-sinov tariqasida qatnovlarni amalga oshiradi.
Dushanbe – Termiz yoʻnalishada qatnov masofasi 251 km boʻlib, yoʻnalishni bosib oʻtishga 5 soat 40 daqiqa vaqt sarflanadi.
Dushanbe – Denov yoʻnalishi qatnov masofasi 107 km, yoʻnalishga sarflanadigan vaqt 2 soat 25 daqiqani tashkil etadi.
Panjikent – Samarqand yoʻnalishi qatnov masofasi 64 km boʻlib, yoʻnalishga sarflanadigan vaqt esa 1 soat 25 daqiqa.
Eslatib oʻtamiz, bugungi kunda Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasida Toshkent – Xoʻjand va Qoʻqon – Xoʻjand yoʻnalishlarida muntazam qatnovlar amalga oshirib kelinmoqda.