Bir ummon sari oqayotgan ulkan daryo

    Markaziy Osiyo bugun yaxlitlikda, hamjihatlikda rivojlanishni maqsad qilgan va shu maqsad yoʻlida dadil odimlayotgan mintaqa.

    Prezidentimizning “Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida” maqolasida ayni jihatlar keng tahlil qilib berildi.

    Maqolada Markaziy Osiyoning mintaqa­viy integratsiyasi ilmiy jihatdan asoslan­gan, oʻrganiladigan model sifatida taqdim etiladi. Xususan, chegara masalalari toʻliq hal etilishi bilan hududdagi eng murakkab muammolarga yakun yasaldi. Bu nafaqat siyo­siy, balki geosiyosiy voqeadir. Endi Marka­ziy Osiyoda “chegara” soʻzi “devor” emas, “koʻp­rik” maʼnosini anglatadi.

    Suv-energetika sohasidagi qator loyiha­lar, jumladan, Qambarota-1, Rogʻun GESlari, Chashma bulogʻi, Qayroqqum suv ombori boʻ­yicha kelishuvlar resurslarni boshqarishda hamkorlikni kuchaytiradi.

    Iqtisodiy koʻrsatkichlar sakkiz yilda yalpi ichki mahsulot 2,5 baravar (520 mil­liard dollar), oʻzaro savdo hajmi 2 baravar (11 milliard dollar), oʻzaro investitsiyalar qiymati 5,6 baravar oshganida namoyon boʻl­di. Bu jahon oʻrtacha oʻsishidan 2 baravar yuqori natija boʻlib, asosiysi, bunga min­taqaning ichki resurslari hisobidan eri­shildi.

    Shuningdek, maqolada birinchi marta “Markaziy Osiyo oʻziga xosligi” haqida soʻz bordi. Mintaqada aholining 62-65 foizi 35 yoshgacha yoshlardan iborat. Ichki turizm 80 foizdan oshdi. ID karta bilan erkin harakat­lanish mumkin. Yoshlarning ijtimoiy tar­moqlardagi faolligi oshgan.

    Shu oʻrinda joriy yil oktyabrda Far­gʻona davlat universitetida boʻlib oʻtgan Tinchlik forumi mamlakatlarimizning tinchlik va totuvlikni mustahkamlashga oʻzaro intilishining yaqqol amaliy tasdi­gʻi boʻlganini taʼkidlash joiz. Binobarin, mazkur forum Markaziy Osiyodagi bunyod­korlik, tinchlik, totuvlikning amaliy ifodasi boʻldi.

    Soʻnggi yillarda ijtimoiy yoʻnalishda ham hamkorlik sezilarli darajada faol­lashdi. Markaziy Osiyo yetakchi ayollarining muntazam muloqot platformasi va yoshlar forumlari tashkil etilyapti. 2022-yildan buyon universitet rektorlari va olimlari­ning yillik forumlari oʻtkazib kelinmoq­da. Davlatlar oʻrtasida madaniyat yillari, sanʼat koʻrgazmalari, xalqaro konsertlar, sport musobaqalari va boshqa tadbirlar doimiy tashkil etilmoqda. Ushbu madaniy-gumanitar aloqalar xalqlarimiz oʻrtasi­dagi oʻzaro hurmat va doʻstlik rishtalarini yanada mustahkamlab, yangi avlodda umumiy mintaqaviy oʻzlik tuygʻusini shakllanti­rishga xizmat qilmoqda.

    Islohotlardan ruhlangan holda Tinchlik forumida kelgusi yilda Markaziy Osiyo yosh­lari ishtirokida “Yoshlar forumi”ni oʻtka­zish taklifini berdik.

    Xalqimizda “Qoʻshning tinch — sen tinch” degan maqol bor. Shu maʼnoda, maqolada Afgʻoniston masalasiga ham keng eʼtibor qaratilgani diqqatga sazovor. Afgʻoniston­ni mintaqaviy jarayonlardan ajratib boʻl­maydi. Bu oddiy siyosiy ibora emas, balki geografik, iqtisodiy va xavfsizlik nuqtayi nazaridan isbotlangan haqiqatdir.

    Afgʻoniston va Markaziy Osiyoning umu­miy chegarasi 2000 kilometrdan ortiq. Bir daryo, bir bozor va bir xil xavf-xatarlar bi­lan bogʻlangan hayotiy makon bu. Transafgʻon temir yoʻli loyihasi ana shu umumiylikni rivojlantirishda muhim kalit vazifasi­ni oʻtaydi. Mazkur loyiha orqali Markaziy Osiyodan Janubiy Osiyo va Hind okeaniga chiquvchi eng qisqa, eng tejamkor va strategik jihatdan eng muhim transport yoʻlagi paydo boʻladi. Hisob-kitoblarga koʻra, bu orqali tranzit vaqti 10-15 kundan 3-5 kungacha kamaya­di, yuk tashish narxi 30-40 foiz arzonlashadi.

    Bu orqali nafaqat milliardlab dollar­lik iqtisodiy foyda, balki Afgʻonistonning 40 million aholisi uchun real ish oʻrinlari, infratuzilma vujudga keladi. Qolaversa, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Tojikiston tomonidan afgʻon yoshlariga be­rilgan oʻquv grantlari soni 5000 dan oshdi.

    Afgʻonistonni muammo emas, imkoniyat sifa­tida koʻrish — bugungi Markaziy Osiyoning eng katta strategik yutugʻi.

    Prezidentimiz maqolasida butun min­taqaning yangi davri chuqur tahlili, maz­mun-mohiyati bilan eʼtiborga molik. “Biz devor emas, koʻprik qurmoqdamiz” degan od­diy, ammo chuqur falsafiy iboraning ilmiy asoslangan shakli.

    Yangi Markaziy Osiyo — umumiy uyimiz, umumiy orzumiz va gʻururimiz. Bu uyda har bir xalq oʻz oʻrnini topadi, har bir yosh oʻz ke­lajagini koʻradi.

    Bahodirjon ShERMUHAMMADOV,

    Fargʻona davlat universiteti rektori