Soʻnggi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ochiq va pragmatik tashqi siyosati, uzoq va yaqin davlatlar bilan oʻzaro munosabatlarni mustahkamlash borasidagi tashabbuslari tufayli Oʻzbekistonning doʻstlari, xayrixohlari xalqaro maydonda ham tobora koʻpayib bormoqda. Qoʻshni, yaqin va uzoq mamlakatlar bilan mutlaqo yangi – sogʻlom siyosiy va teng sheriklik asosidagi iqtisodiy aloqalar yoʻlga qoʻyildi. Xalqaro hamkorlikning yangi yoʻnalishlari, yangi mexanizmlari joriy etilmoqda. Turkiy Davlatlar Tashkiloti ana shunday yangi muloqot maydonlaridan biriga aylanmoqda.
Taʼkidlash joizki, turkiy xalqlar oʻrtasidagi yaqinlik nafaqat mushtarak madaniyat, til, din va oʻxshash qadriyatlar, balki qadimdan savdo aloqalari yoʻlga qoʻyilib, oʻzaro bordi-keldi, hamkorlik qilib kelingani bilan ham izohlanadi. Bu rishtalar sobiq ittifoq davrida uzilib qolgan, cheklangan boʻlsa-da, ammo mustaqillik yillariga kelib qon-qardoshlik tuygʻusi yana eski tarixiy oʻzanini topib, turkiy mamlakatlarda milliy oʻzlikni anglashga eʼtibor kuchaydi, koʻp asrli anʼanalar, azaliy qadriyatlar tiklandi, oʻzaro aloqalar faollashib, har tomonlama hamkorlik mustahkamlanmoqda.
Joriy yilning 14-17-aprel kunlari Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarov boshchiligida mamlakatimiz delegatsiyasining Istanbul shahrida boʻlib oʻtgan Turkiy davlatlar diniy idoralari rahbarlarining I yigʻilishida ishtirok etgani ham mazkur hamkorlikning ijobiy samarasidir.
“Ayo Sofiya” majmuasiga tashrif
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmatining xabar berishicha, delegatsiyaning Turkiyaga safari samarali kechdi. Tashrif muftiy N.Xoliqnazarov va Turkiy davlatlar diniy idoralari rahbarlari tomonidan Istanbul shahridagi qadimiy “Ayo Sofiya” masjidida juma namozini ado etish bilan boshlandi. Unda Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan ham ishtirok etdi va mehmon boʻlib turgan Turkiy davlatlarning din peshvolari bilan muloqot qilib, ularni Turkiya zaminida koʻrib turganidan mamnun ekanini izhor qilib, minnatdorlik bildirdi.
Juma namozidan soʻng Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdoʻgʻan va Turkiy davlatlar diniy idoralari rahbarlari ishtirokida “Ayo-Sofiya Fotih” madrasasining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda soʻzga chiqqan Rejep Tayyip Erdogʻan madrasa tarixi haqida soʻzlar ekan, unda dars bergan ajdodimiz Ali Qushchi hazratlari xizmatlarini alohida eʼtirof etdi hamda yigʻinda Ali Qushchining merosxoʻrlari – Oʻzbekiston vakillari borligiga alohida ahamiyat qaratdi.
– Shonli tariximizni bugungi kunga va kelajak avlodlarga yetkazish, insoniyatga tanitish niyatida juda muhim bir qadam tashladik, – dedi Prezident R.Erdogʻan. – Bugun “Ayo Sofiya Fotih” madrasasi timsolida tarix sahifalaridan oʻchib ketayozgan bir obidamizni qayta tikladik. U 86 yildan soʻng yana qayta ish boshladi. Qadrli doʻstlar, bu yer Istanbulning fathi sirasida, “Ayo Sofiya”ning bunyod etilishida shaharning birinchi madrasasi sifatida ishga tushirilgan edi. Birinchi mudarrisi Mulla Xusrav boʻlgan bu dargohda movaraunnahrlik Ali Qushchi ham tolibi ilmlarga dars bergan.
Soʻng Prezident va Turkiy davlatlarning din peshvolari madrasaning ramziy lentasini qirqib berdilar. Marosimda ishtirokchilar madrasa binosi va faoliyati bilan tanishdilar. Madrasa ikki qavatli boʻlib, 34 ta xona, 7 ta amaliyot va ilmiy markazlar hamda 30 ta boʻlimdan iborat.
Diniy-maʼrifiy islohotlar bayoni va muhim takliflar
Shu kunning ikkinchi yarmida “Umumjahon pandemiyasi, iqtisodiy inqiroz va raqamli dunyoda Turkiy-Islom olamining ertasi va diniy tashkilotlar” mavzusidagi Turkiy davlatlar diniy idoralari rahbarlarining I yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Unda Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar kengashi raisi Binali Yildirim, Turkiy davlatlar tashkiloti direktori Bagʻdod Amrayev hamda Turkiya, Oʻzbekiston, Ozarbayjon, Qozogʻiston muftiylari va Qirgʻiziston Din ishlari boʻyicha davlat komissiyasi vakili Zamir Kozxomberdiyev, shuningdek, Turkiy davlatlar tashkiloti mutaxassislari, ulamolar, davlat va jamoat arboblari, ziyolilar, islomshunos, dinshunos olimlar va soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Yigʻilishni Turkiya diyonat ishlari boshqarmasi raisi Ali Erbash kirish soʻzi bilan ochib, bugun turkiy xalqlar turli muammolarga duch kelayotgan bir paytda islom ulamolarining hamjihatligi va musulmon ummatining birligini taʼminlash har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etayotgani, shu maʼnoda oʻtkazilgan tarixiy yigʻilishning amaliy ahamiyati juda yuqori ekanini qayd etdi.
Anjumanda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy N.Xoliqnazarov bugun musulmon olami oldida turgan dolzarb masalalar yuzasidan qarashlarini bildirdi. Oʻz fikrini moʻmin-musulmonlar ittifoqligi bugun har qachongidan ham juda muhim ekanini ilohiy manbalar va hayotiy misollar orqali izohladi. Oʻz navbatida, mana shunday murakkab zamonda Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan amalga oshirilayotgan diniy-maʼrifiy islohotlarni bayon qildi. Bunday olamshumul ishlar nufuzli tadbir ishtirokchilari tomonidan yuqori kayfiyatda kutib olindi.
Turkiy davlatlar tashkiloti direktori oʻrinbosari Mirvohid Azizov joriy yil noyabr oyida tashkilotga raislik qilish Oʻzbekistonga oʻtishi nuqtayi nazaridan yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy ahamiyati juda yuqori ekanini taʼkidladi.
Mazkur yigʻilish doirasida N.Xoliqnazarov Turkiy davlatlar tashkiloti direktori Bagʻdod Amrayev bilan uchrashib, oʻzaro hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish, kelgusida amalga oshirishi lozim boʻlgan vazifalar va moʻmin-musulmonlar birdamligini yanada mustahkamlash boʻyicha fikr almashdilar.
“Abu Ayyub Ansoriy” masjidida mavʼiza
Yigʻilishdan keyin din peshvolari va ishtirokchilar Istanbul shahri markazida joylashgan “Ayyub Sulton” majmuasiga tashrif buyurdilar.
Dastlab anjuman ishtirokchilari mazkur majmuada joylashgan Abu Ayyub Ansoriy maqbarasi ziyoratida Qurʼon tilovat qilib, duoga qoʻl ochdilar. Majmuada oʻqilgan shom namoziga Oʻzbekiston vakili muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarov barcha muftiylar va mehmonlarga imomlik qildi.
Iftorlikdan soʻng Turkiy davlatlarning din peshvolari xufton va tarovih namozlarini ado etish uchun “Abu Ayyub Ansoriy” masjidiga takror tashrif buyurdilar. Turkiya diyonat ishlari boshqarmasi raisi Ali Erbosh xufton va tarovih namozlarini oʻqib berdi. Shundan soʻng ushbu muhtasham va tabarruk masjidda yigʻilgan bir necha oʻn minglab namozxonlarga Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Ramazon oyi fazilatlari haqida mavʼiza qildi.
Shukuhli, duolar ijobat boʻladigan fursatlarda din peshvolari namozlarida yurtimiz haqiga duolar qildilar. Musulmonlarning birdamligi yanada mustahkam boʻlishini Alloh taolodan soʻradilar.
Yurtimizni ilm mashhuri zamon qilgan
Tashrifning ikkinchi kuni Oʻzbekiston musulmonlari idorasi va Turkiya diyonat ishlari boshqarmasi raisi oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston bilan Turkiya oʻrtasida hamkorlik aloqalari tobora kengayib borayotgani, ayniqsa, diniy-maʼrifiy jabhadagi aloqalar izchil rivojlanib, xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik va qardoshlik rishtalari yanada mustahkamlanayotgani, bunday dadil odimlash ikki davlat rahbarining oqilona siyosati tufayli yangi bosqichga koʻtarilgani alohida eʼtirof etildi.
Shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish, ayniqsa, ilmiy-maʼrifiy loyihalarni birgalikda amalga oshirish, ulamolar merosini tadqiq etish boʻyicha fikr almashib, kelgusidagi rejalar belgilab olindi.
Umuman, muftiy N.Xoliqnazarov boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasining Turkiya safari davomida yuqori darajadagi tadbirlarda mazmunli ishtiroki yigʻilish ishtirokchilari tomonidan yuqori baholandi hamda Oʻzbekiston maqomiga mos va xos ehtirom koʻrsatildi.
Yurtimizni ilm mashhuri zamon qilgan. Ilm tufayli ikki ilmiy Renessansni dunyoga taqdim etgan. Hozirda uchinchi Renessansga poydevor qoʻyayotgan Yangi Oʻzbekiston ayni ilmiy taraqqiyoti, hayotiy islohotlari bilan dunyoga boʻy choʻzmoqda. Aytish mumkinki, mazkur anjuman yurtimizning xalqaro maydondagi eʼtirofida yana bir sahifa boʻldi.
Nodir MAHMUDOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri