Prezidentning “2026–2030-yillarda qon bilan ishlash xizmatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, 2026-yil 1-yanvardan begʻaraz qon donorligi harakatini rivojlantirish maqsadida quyidagi tizim joriy etiladi:

  • har oyda “Birga hayotni saqlaymiz” milliy donorlik aksiyasi oʻtkaziladi. Mazkur aksiya doirasida har oyning 1 haftasi mobaynida – qon bilan ishlash xizmati tashkilotlarida, har oyning 3 haftasi mobaynida – taʼlim, davolash va boshqa tashkilotlarda qon donorligi tashkil etiladi;
  • Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tizimiga kiruvchi vazirlik, idora hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar harbiy xizmatchilari va xodimlari oʻrtasida har yili 1 marotaba donorlik kunlari oʻtkaziladi;
  • mehnat jamoalarida donorlik kunlarini oʻtkazish yoʻlga qoʻyiladi;
  • umumiy oʻrta va oʻrta maxsus, kasbiy hamda oliy taʼlim tashkilotlarida donorlik boʻyicha maʼnaviy-maʼrifiy tadbir va uchrashuvlar tashkil etiladi.

Shuningdek, tugʻruqda tibbiy yordam koʻrsatuvchi har bir muassasada qon va uning tarkibiy qismlari shoshilinch zaxirasi tashkil etilishi hamda uni qon va uning tarkibiy qismlari, jumladan, plazma va eritrotsitar massa zaxirasi bilan taʼminlanishi belgilandi.