Milliy matbuot markazida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi yuzasidan shu yilning birinchi choragidagi ishlar sarhisobiga oid matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.
Davlat dasturining “Maʼnaviy taraqqiyotni taʼminlash va sohani yangi bosqichga olib chiqish” boʻyicha beshinchi yoʻnalish 71-maqsadida belgilangan ezgulik va insonparvarlik tamoyiliga asoslangan “Harakatlar strategiyasidan – taraqqiyot strategiyasi sari” gʻoyasini keng targʻib etish orqali jamiyatda sogʻlom dunyoqarash va bunyodkorlikni umummilliy harakatga aylantirishdagi ustuvor yoʻnalishlar, maqsadlar va vazifalar ijrosi doirasida qator tadbirlar amalga oshirildi.
Davlat dasturidan oʻrin olgan “Yangi Oʻzbekiston – maʼrifatli jamiyat” konsepsiyasi ijrosini taʼminlash muddati 2022-yilning avgust oyiga belgilangan.
Ayni paytda rejaga koʻra, “Yangi Oʻzbekiston – maʼrifatli jamiyat” konsepsiyasi va uni amalga oshirish milliy dasturi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarorining namunaviy loyihasi ishlab chiqilmoqda. Mazkur yoʻnalish boʻyicha ekspertlar kengashi tomonidan qilingan ishlarning birinchi bosqichi muhokama qilindi.
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan davlat dasturidan oʻrin olgan navbatdagi “Yoshlar – Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari” shiori ostida “Yangi Oʻzbekiston – Uchinchi Renessans” gʻoyasining roʻyobga chiqarilishini taʼminlash boʻyicha hududlarda “Maʼnaviyat festivali”ni oʻtkazish boʻyicha alohida reja hamda festival doirasida oʻtkaziladigan 15 ta loyiha ishlab chiqildi.
Festival doirasida oʻtkaziladigan loyihalar boʻyicha hamkor vazirlik, idora va tashkilotlarga aloqa xatlari yuborilib, har bir loyiha boʻyicha ishchi guruhlar shakllantirildi. “Maʼnaviyat festivali”ni keng yoritishga doir ijtimoiy roliklar, targʻibot materiallari tayyorlanmoqda. Hududlarda festivalni tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha 31 banddan iborat Chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, tasdiqlandi.
Festival doirasida 15 ta loyihani oʻtkazish tartibi, maqsad vazifalari toʻgʻrisida Yoʻriqnoma ishlab chiqilmoqda. Har bir hududning oʻziga xos ijtimoiy-maʼnaviy muhit holatidan kelib chiqib, festivalni oʻtkazish boʻyicha Hududiy maʼnaviyat va maʼrifat kengashlari bilan kelishgan holda chora-tadbirlar Dasturi ishlab chiqildi.
Shuningdek, Davlat dasturidan “Oʻzbekiston qahramonlari” kitobini chop etish ham oʻrin olgan boʻlib, ushbu yoʻnalish boʻyicha 2022-yil 14-fevral kuni “Maʼnaviyat” nashriyoti bilan shartnoma tuzilgan. Shartnoma asosida “Oʻzbekiston qahramonlari” kitobi (lotin yozuvida) 11 ming adad hamda kirill yozuvida 13 ming adadga buyurtma berilgan. Bundan tashqari joriy yilning may oyida “Maʼnaviyat: asosiy tushunchalar lugʻati” kitobining taqdimoti oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
“Yoshlar – Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari” shiori ostida “Yangi Oʻzbekiston – Uchinchi Renessans” gʻoyasining roʻyobga chiqarilishini taʼminlash maqsadida “Oʻz kasbini ulugʻlab...”, “Mening doʻmbiram”, “Matonat maktabi”, «Tariximiz qatlarida... ” ruknlari ostida turkum targʻibot videomahsulotlar yaratish boʻyicha ishlar boshlandi.
Ayni paytda yana bir band – Maʼnaviy taraqqiyotni taʼminlash doirasida zamonaviy targʻibot mexanizmlarini joriy etish yuzasidan Targʻibot-tashviqot ishlarini tashkil etishning taʼsirchan, kreativ va innovatsion uslublarini ishlab chiqish, ularni oʻz vaqtida amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi. Chora-tadbirlarda 20 ga yaqin targʻibot texnologiyalari belgilandi.
Ommaviy axborot vositalarida va ijtimoiy tarmoqlarda xolis axborotlarning oʻz vaqtida berib borilishini taʼminlash, yolgʻon va destruktiv maʼlumotlar tarqatilishini oldini olish maqsadida mart oyida oyina.uz portali va uning ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalarida koʻplab turkum axborot, maqola, videoroliklar tayyorlanib eʼlon qilindi.
Davlat dasturining hududlarda “Jaholatga qarshi maʼrifat” gʻoyasi asosida ijtimoiy-maʼnaviy muhitni yanada yaxshilash bandi ijrosini taʼminlash boʻyicha aholining ijtimoiy-maʼnaviy holatini oʻrganishni oʻzida mujassam etgan soʻrovnoma ishlab chiqildi va uni onlayn tarzda oʻtkazish belgilandi.
Namuna sifatida Toshkent viloyati Chirchiq shahri tanlab olindi. Joriy yilning 25-fevral kuni Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti xodimlari Toshkent viloyati Chirchiq shahar mahalla fuqarolar yigʻinlari raislariga soʻrovnomalarning mazmun-mohiyati va uni ishlash tartibi yuzasidan tushuntirish ishlarini olib bordi. Olib borilgan soʻrovnomalar natijalari boʻyicha tahliliy materiallar tayyorlanmoqda.
Xorijiy davlatlarda oʻzbek tili, madaniyati va milliy anʼanalarimizni keng ommalashtirish, gumanitar aloqalarni mustahkamlashdan iborat boʻlgan Alisher Navoiy xalqaro institutini tashkil etish boʻyicha Markaz tomonidan masʼul biriktirilib, hamkorlarga 14 banddan iborat taklif yuborildi.
Ayni paytda Davlat dasturining 7 ta bandi ijrosi boʻyicha belgilangan ustuvor yoʻnalish, maqsad va vazifalar tizimli ravishda aniq reja asosida davom ettirilmoqda. Ayni paytda mamlakat yoshlari, xotin-qizlar bilan ish olib borishni yanada kuchaytirish Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi faoliyatida dolzarblik kasb etmoqda.
Matbuot anjumanida markaz faoliyatiga oid savollarga batafsil javob qaytarildi, deb yozmoqda respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi matbuot xizmati.