Birinchi chorakda $ 7 milliarddan ortiq xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirilishi rejalashtirilgan

    Investitsiyalar 20 Fevral 2024 988

    Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 14-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil I choragiga moʻljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 92-son qarori qabul qilindi.

    Tarmoqlar va hududlar kesimida oʻzlashtirishning maqsadli koʻrsatkichlariga muvofiq I chorakda 7,2 milliard dollar miqdorida (shundan tarmoqlar – 4,1 milliard dollar, hududlar – 3,1 milliard dollar) xorijiy investitsiyalarni oʻzlashtirish rejalashtirilyapti.

    Tarmoqlardan Energetika vazirligi hammadan koʻp (deyarli 1,7 milliard dollar), hammadan kam esa (1,5 million dollar) Oʻrmon xoʻjaligi agentligi oʻzlashtirishni rejalashtirgan.

    Hududlar kesimida poytaxt hokimligining koʻrsatkichlari yetakchilik qilyapti (428 million dollar). Eng kam koʻrsatkich Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashida (taxminan 50 million dollar).

    Shuningdek, deyarli 33 milliard dollarga 276 ta istiqbolli investitsiya loyihalaridan iborat manzilli roʻyxat tasdiqlanyapti.

    2024-yilda 70 ta kredit liniyasi doirasida respublikaning 11 ta banki tomonidan 2,3 milliard dollar miqdorida xorijiy kredit resurslari jalb etiladi.

    Bu yil 24 ta vazirlik va idoralar 1 milliard dollar miqdoridan ortiq (hammadan koʻp (150 million dollardan) – Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Ekologiya vazirligi) grantlar jalb qiladi.

    Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 2024-yil 15-fevraldan kuchga kirdi, deb xabar beradi “Norma”.