Mazkur holat yuzasidan Energetika vazirligi rasmiy maʼlumot berib, vaziyatni oʻnglash va jamoat transporti harakatini tiklash boʻyicha koʻrilayotgan tezkor choralarni maʼlum qildi. Unga koʻra, Fargʻona, Sirdaryo, Surxondaryo hamda Toshkent viloyatida yoʻlovchi tashish bilan shugʻullanuvchi korxonalarning avtobuslarini tabiiy gaz bilan taʼminlash ustuvor vazifa etib belgilandi.

Yuzaga kelgan vaziyatni bartaraf etish maqsadida Avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor shoxobchalarida (AGTKSH) maxsus tizim joriy etildi. Endilikda jamoat transporti vositalari shoxobchalarda birinchi navbatda va navbatsiz gaz olishi taʼminlanmoqda. Raqamlarga koʻra, kecha, 25-yanvar kuni jamoat transporti va kommunal xizmat texnikalari uchun 1,5 mln kub metr tabiiy gaz yetkazib berilgan boʻlsa, bugun bu miqdorni 2,5 mln kub metrga yetkazish choralari koʻrildi.

Hududlar kesimida olib qaralganda, Fargʻona viloyatida belgilangan soatlarda 22 ta, Toshkent viloyatida esa 20 ta metan gaz quyish shoxobchasi aynan avtobuslar va maxsus texnikalar uchun xizmat koʻrsatgan. Qolgan hududlarda ham transport harakatining barqarorligini taʼminlash maqsadida shu kabi grafiklar joriy etilmoqda. Bu choralar natijasida nafaqat transport tizimi tiklanmoqda, balki gaz quvurlaridagi bosimni meʼyorlashtirish orqali aholi xonadonlariga tabiiy gaz yetkazib berish holati ham yaxshilanmoqda.

Hozirda jarayonlar viloyat hokimliklari hamda Energetika vazirligining hududiy boshqarmalari tomonidan qatʼiy muvofiqlashtirib borilmoqda. Maqsad — qisqa fursat ichida jamoat transporti harakatini toʻliq tiklash va aholining harakatlanishi uchun qulay sharoit yaratishdir. Vazirlik vaziyat doimiy nazoratda ekanligini va resurs taqsimotida ijtimoiy soha obyektlari hamda jamoat transporti doimiy ustuvorlikka ega boʻlishini taʼkidlab oʻtdi.