Yozgi amfiteatrda 2021- yilda o'tkazilgan Zomin seminarida “Birinchi kitobim” loyihasiga tavsiya etilgan 25 nafar yoshlarning ilk kitoblari taqdimoti bo'lib o'tdi. Tadbirni O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o'rinbosari Botir ergashev olib bordi. Taqdimotni ochib berish uchun O'zbekiston Qahramoni Ibrohim G'afurovga so'z berildi.

– Sizlar ushbu seminarga katta umidlar bilan kelgansiz, dedi ustoz adibimiz. –  Va albatta, uch kunlik seminar sizning hayot va ijod yo'llaringizda katta maktab vazifasini o'taydi. Hech bir adibning ijodi birinchi kitobsiz bo'lmaydi. Hamid Olimjon deysizmi, Abdulla Oripov deysizmi, har birining birinchi kitobi, birinchi qo'lxati bor. Bugungi ilk kitobingiz barchangiz qatorida ijodkorlarga ham katta bayramdir. Men o'zbek she'riyatiga O'zbekiston xalq shoiri Muhammad YUsufdek kuchli va keng o'ylaydigan, misralar bita oladigan shoir yana qayta kelishini kutgandim. Yosh ijodkor Jamoliddin badalovning “O'tinch” nomli she'rlar to'plamini o'qiganimda adabiyotimizda Muhammad YUsufdek ijodkor kirib kelganiga amin bo'ldim. Uning she'rlarini o'qir ekanman, unda yurakka tez etib boruvchi, unga ta'sir qiluvchi soddalik, samimiylik kuchi borligini tuydim. Rashid Xo'jamovning “Al'omon” kitobi esa juda kuchli falsafiylikka yo'g'rilgan misralari bilan e'tiborimni qozondim. Men bu kitoblarni Hazrat Navoiy tili bilan aytganda, “tomshiy-tomshiy” o'qib chiqdim.

Taqdimotda O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zolari Xurshid Davron, Suvon Meli, Ahmadjon Meliboev, Kengesboy Karimov so'zga chiqdi. Ular Mirzo Ozodning “Beshinchi fasl”, Otabek Isroilovning “Ona laylak parvozi”, Zarnigor Abduolimovaning “Xayr dema”, Nesibeli Baltaniyazovaning “Baxitli kundi izlep”, Bazarbay Jo'ldasbaevning “Perishteler avtografi” kabi nazmiy-nasriy kitoblar borasida o'z fikrlarini bildirdi.

   – Yosh ijodkorlarning ilk kitoblarini o'qir ekanman, unda Alisher Sabriyning “Uch nuqta” kitobi meni o'ziga jalb qildi, – dedi uyushma a'zosi Nurboy Jabborov. – Bizga nafaqat she'rlar, balki butun nazmiy asarlar kerak. Yoshlarning to'plamlarida mazmun va mahorat uyg'unligiga, betakror misralarga guvoh bo'ldim.

Taqdimotda “Mening kelganimni bilishsin” nomli to'plam muallifi Iqbol Yusuf hozirda uzoq safarda bo'lgani bois, o'zining minnatdorlik tuyg'ularini ustozlarga va tadbir tashkilotchilariga videoaloqa orqali izhor qildi.

 Taqdimotda yosh ijodkorlarga ustozlar tomonidan o'zlarining mualliflik kitobi va qalam haqi topshirildi.

   Uyushma a'zolari Abdusaid Ko'chimova, Xurshid Do'stmammad, Isajon Sultonlar yoshlarni ilk kitobi bilan qutladi.

 Tadbirda  xonandalarning kuy-qo'shiqlari yig'ilganlarga ijod zavqini ulashdi.

 Zulayho Ahmadjonova