Mazkur tadbir “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi bilan birgalikda tashkillashtirildi.
Tadbirda, shuningdek, fuqarolar, tadbirkorlar, tovar ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchilar, keng jamoatchik vakillari hamda blogerlar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.
Tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad birja faoliyati bilan tanishtirish, uning ochiqligi, jamoatchilik va fuqarolar oldida hisobdorligini taʼminlash, birja faoliyatida korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari boʻyicha amalga oshirilgan ishlar holatini oʻrganishdan iborat boʻldi.
“Ochiq eshiklar kuni”ni “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ Boshqaruv raisining oʻrinbosari Zulfiddin Kamolov kirish soʻzi bilan ochib, soʻnggi yillarda birja savdolari boʻyicha ochiqlik va shaffoflikni taʼminlashga qaratilgan choralar hamda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashishda birjaning tutgan oʻrniga toʻxtalib oʻtdi.
Taʼkidlanganidek, birja nafaqat bozor iqtisodiyotining muhim infratuzilmasi balki, xufiyona iqtisodiyot va korrupsiya elementlarini bartaraf etishning samarali vositasi ham hisoblanadi. Bunda shaffoflik va oshkoralik zamonaviy IT-texnologiyalar yordamida birjaning barcha savdo tizimlarida, birja savdolari va onlayn-auksionlarning har bir bosqichida taʼminlanadi.
Misol uchun, birja savdolarida savdo ishtirokchilari birja savdolariga qoʻyiladigan tovarlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumotlarni birjaning uzex.uz vebsaytida bilib olishlari mumkin. Birja savdolari jarayonida brokerlar va ularning mijozlari bozordagi holatdan xabardor boʻlishadi. Elektron savdolar yakunlangandan soʻng esa tovarlar uchun kotirovkalar (birja narxlari) birjaning rasmiy vebsayti, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarda va ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.
Davlat xaridlari yoʻnalishida shaffoflik xarid.uz maxsus axborot portali orqali taʼminlanadi. Mazkur portalda davlat xaridlari toʻgʻrisida barcha maʼlumotlar, shu jumladan oʻtkazilgan davlat xaridlarining natijalari joylashtiriladi hamda davlat xaridlari boʻyicha onlayn-savdolar oʻtkaziladi. Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi esa ushbu portalning operatori hisoblanadi.
Xuddi shunday shaffoflik birjaning boshqa savdo tizimlari, shu jumladan koʻrgazma-yarmarka savdolari (yarmarka.uzex.uz), avtoraqam (avtoraqam.uzex.uz) va mobil raqamlar (mobilraqam.uzex.uz)ning onlayn auksionlarida ham taʼminlanadi.
Tadbir mobaynida Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi toʻgʻrisida videorolik namoyish etildi va taqdimotlar oʻtkazildi. Taqdimotlarda birjaning savdo platformalari, savdo mexanizmlari va birjada qoʻllanilayotgan antikorrupsiya choralari toʻgʻrisida batafsil maʼlumotlar berildi.
Xususan, Yashirin iqtisodiyot va korrupsiyaga qarshi kurashish hamda uning oldini olish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi tomonidan tasdiqlangan 2020-2021-yillarga moʻljallangan “Yoʻl xaritasi”da belgilangan vazifalar Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi tomonidan bajarilmoqda.
Shu jumladan, birja faoliyati boʻyicha jamoatchilik nazoratini kuchaytirish va takomillashtirish maqsadida @uzexanticorruptionbot anonim Telegram-boti ishga tushirildi.
Mazkur bot orqali foydalanuvchilar Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasida korrupsiya holatlari bilan toʻqnashganligi yuzasidan oʻzlarining anonim xabarlarini yuborishlari mumkin. Bunda yuborilgan xabarlarning muallifi toʻgʻrisida maʼlumotlar, shu jumladan uning ismi (taxallusi), telefon raqami va boshqa shaxsiy maʼlumotlari oshkor etilmaydi, yaʼni ularning mahfiyligi toʻla taʼminlanadi.
Oʻz navbatida @uzexanticorruptionbot Telegram-botiga kelib tushgan xabarlar boʻyicha korrupsiya holatlari haqiqatga mos kelishi yuzasidan ichki tekshiruv ishlari amalga oshiriladi.
Shuningdek, birjaning elektron va onlayn-savdolari boʻyicha maʼlumotlarni idoralararo almashinuv bazalari ishlab chiqildi. Masalan, birja savdolariga mahsulotlar qoʻyilishi va savdo jarayonlarini nazorat qilish hamda narxlarni sunʼiy oshirilishi va manipulyatsiya qilish holatlarini oldini olish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi uchun alohida elektron shaxsiy kabinet ochildi.
Davlat xaridlari sohasida shaffoflik va samaradorlikni yana-da oshirish maqsadida mahalliy ishlab chiqaruvchi tashkilotlar toʻgʻrisidagi yagona reyestr va korporativ buyurtmachilarning yagona roʻyxati shakllantirildi. Bu, oʻz navbatida, davlat xaridlarini qonunchilik talablariga zid ravishda amalga oshirilishini cheklaydi.
Bundan tashqari, maxsus ishchi guruhi tomonidan birja xodimlarini korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida nazariy va amaliy koʻnikmalarni shakllantirish maqsadida oʻquv seminarlar oʻtkazildi. Birja sohasida korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha bukletlar ishlab chiqildi va tarqatildi.
Yaqin kelajakda “Yoʻl xaritasi”ni amalga oshirish doirasida birjada korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarini kuchaytirish rejalashtirilgan. Shuningdek, davlat xaridlari boʻyicha yangilangan maxsus axborot portalining joriy etilishi hamda mijozlarning elektron savdolarda ishtirok etishlarini yana-da soddalashtirilishi kutilmoqda.
Tadbir davomida birja mutaxassislari jurnalistlar va boshqa tadbir ishtirokchilarning qiziqtirgan savollariga javob qaytarishdi.
Maʼlumot uchun: 2020-yil 11 oylik yakunlariga koʻra birjaning barcha savdo platformalarida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 2019-yilning mos davriga nisbatan 23% ga oʻsib, 48,1 trln soʻmni tashkil etdi.
Davlat xaridlari boʻyicha maxsus axborot portali xarid.uz da 3,7 trln soʻmlik bitimlar tuzildi. Bunda byudjet va korporativ buyurtmachilarining mablagʻlarini tejalishi 11% ga oʻsib, 804,9 mlrd soʻmni tashkil qildi.
2020-yil yanvar-noyabr oylarida avtoraqam.uzex.uz vebsaytida onlayn-auksionlar orqali 240,1 mlrd soʻmlik 93,9 mingdan ziyod “chiroyli” avtoraqamlar sotildi. Avtoraqamlarning sotuvi son jihatdan 2,9 marotabaga, hajmi boʻyicha – 70% ga oʻsdi. Tuzilgan bitta bitimning oʻrtacha qiymati 2,5 mln soʻmni tashkil etgan.
Hikmatullo Tillaboyev