Birja savdolarida un, shakar va polietilenning narxi arzonlashi

    Mamlakatimizda 20 Iyun 2022 1492

    Oʻtgan hafta davomida, yaʼni 13 – 19-iyun kunlari “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJning barcha savdo platformalarida 3 073,3 milliard soʻmlik tovarlar sotilgan boʻlib, bu avvalgi haftaga nisbatan 7% ga ortiqdir. Bunda sotuvlarning 75,3% — birja savdolari; 0,2% — koʻrgazma-yarmarka savdolari; 24,2% — elektron davlat xaridlari va 0,3% — avtoraqamlarning onlayn-auksioniga toʻgʻri keldi.

    Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari ishtirokida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 658,4 milliard soʻmni tashkil etdi. Davlat xaridlari tizimlarida oʻtkazilgan elektron savdolar natijasida byudjet va korporativ buyurtmachilarining qariyb 140,8 milliard soʻmlik mablagʻlari tejaldi.

    Koʻrib chiqilayotgan davr mobaynida onlayn auksion orqali 2 982 ta avtoraqamlar sotildi, sotilgan davlat raqam belgilarining umumiy summasi 8,6 milliard soʻmni tashkil etdi. Raqobatli savdolar natijasida bitimlarning 4,7% birinchi toifadagi avtoraqamlarga; 8,2% ikkinchi; 8,0% uchinchi; 10,6% toʻrtinchi; 22,0% beshinchi va 46,4% oltinchi toifa avtoraqamlarga tegishlidir.

    Birja savdolari

    Koʻrib chiqilayotgan davrda ochiq birja savdolari orqali jami 2 313,9 milliard soʻmlik tovar resurslari sotildi. Sotuvchi korxonalar mahsulotlarni tasdiqlangan jadvallarga rioya qilgan holda birja savdolariga qoʻydi, shu jumladan:

    Un

    13-17-iyun kunlari oʻtkazilgan savdo natijalariga koʻra birjaning un bozori narx boʻyicha pasayishni namoyon etdi. Hafta davomida birja savdolariga 41 690,0 tonna un qoʻyildi va uning 33 433,0 tonnasi, yaʼni 80,2% qismi sotildi. Oʻtkazilgan savdolarda har kuni oʻrtacha 2 576 xaridor ishtirok etdi.

    Koʻrib chiqilayotgan davrda 1-navli un boʻyicha shakllangan kunlik oʻrtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 4 401,2 ming soʻmdan 4 288,0 ming soʻmgacha, yaʼni 2,6% ga pasaydi. Unning oʻrtacha kunlik sotuv hajmi 6 687,0 ming tonnani tashkil etdi.

    Oʻtkazilgan birja savdolari natijasida 1-navli un boʻyicha shakllangan oʻrtacha haftalik narxi mahsulotning bir tonnasi uchun 4 279,6 ming soʻmni tashkil etdi.

    Shakar

    Birjaning shakar bozorida narxlar pasayishi qayd etildi. Hafta davomida birja savdolariga 11 003,0 tonna shakar qoʻyildi va uning barcha hajmi sotildi. Oʻtkazilgan savdolarda har kuni oʻrtacha 509 xaridor ishtirok etdi.

    Koʻrib chiqilayotgan davrda shakarning barcha kategoriyasi boʻyicha shakllangan kunlik oʻrtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 11 979,0 ming soʻmdan 10 627,5 ming soʻmgacha, yaʼni 11,3%ga pasaygan.

    Oʻtkazilgan birja savdolari natijasida mahalliy shakarning ekstra kategoriyasi boʻyicha shakllangan oʻrtacha haftalik narxi mahsulotni bir tonnasi uchun 9 411,0 ming soʻmni tashkil etdi.

    Polietilen

    Oʻtgan hafta mobaynida birja savdolariga 6 400,0 tonna polietilen qoʻyildi va ulardan barcha hajmi sotildi. Polietilenning oʻrtacha kunlik sotuv hajmlari 1 280,0 ming tonnani tashkil etdi.

    Koʻrib chiqilayotgan davrda polietilenning barcha markalari boʻyicha shakllangan kunlik oʻrtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 21 679,4 ming soʻmdan 16 127,0 ming soʻmgacha, yaʼni 25,6% ga pasaydi. Oʻtkazilgan savdolarda har kuni oʻrtacha 96 xaridor ishtirok etdi, deb xabar beradi “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ matbuot xizmati.