Birjada bugʻdoy, paxta yogʻi va shrotning narxi pasaydi

    Biznes 16 Sentabr 2024 754

    Oʻtgan hafta davomida, yaʼni 9-15-sentyabr kunlari birjada 2 920,5 mlrd soʻmlik tovarlar sotilgan boʻlib, bu avvalgi haftaga nisbatan 67,4 foizga koʻpdir.

    Bunda tuzilgan bitimlarning qariyb 83,7 foiz birja savdolariga, qolgan 16,3 foiz qismi esa elektron tijorat savdo tizimlariga toʻgʻri keldi.

    Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari ishtirokida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 656,1 mlrd soʻmni tashkil qildi. Davlat xaridlari tizimlarida oʻtkazilgan elektron savdolar natijasida byudjet va korporativ buyurtmachilarining qariyb 127,7 mlrd soʻmlik mablagʻlari tejaldi.

    Koʻrib chiqilayotgan davr mobaynida onlayn auksion orqali 4 941 ta avtoraqamlar sotildi, sotilgan davlat raqam belgilarining umumiy summasi 20,1 mlrd soʻmni tashkil qildi.

    Birja savdolari

    Koʻrib chiqilayotgan davrda ochiq birja savdolari orqali jami 2 444,2 mlrd soʻmlik tovar resurslari sotildi, shu jumladan:

    Bugʻdoy: oʻtgan haftada birja savdolarida 70 683,0 tonna bugʻdoy sotildi. Oʻtkazilgan savdolarda har kuni oʻrtacha 85 ta xaridor ishtirok etdi. Oʻrtacha kunlik sotuv hajmlari 14 137,0 tonnani tashkil qildi.

    Koʻrib chiqilayotgan davrda bugʻdoyning kunlik oʻrtacha narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 2 417,2 ming soʻmdan 2 411,9 ming soʻmgacha pasaydi.

    Paxta yogʻi: oʻtgan hafta davomida birja savdolari orqali 1 031,0 tonna paxta yogʻi sotildi. Oʻtkazilgan savdolarda har kuni oʻrtacha 11 ta xaridor ishtirok etdi.

    Koʻrib chiqilayotgan davrda barcha navli paxta yogʻining kunlik oʻrtacha narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 11 540,6 ming soʻmdan 11 428,8 ming soʻmgacha pasaydi.

    Shrot: birja savdolarida 1 990,0 tonna shrot sotildi. Oʻtkazilgan savdolarda har kuni oʻrtacha 12 ta xaridor ishtirok etdi. Oʻrtacha kunlik sotuv hajmlari 398,0 tonnani tashkil qildi.

    Koʻrib chiqilayotgan davrda shrotning kunlik oʻrtacha narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 4 995,0 ming soʻmdan 4 903,3 ming soʻmgacha pasaydi.