Birodarligimiz abadiy boʻlsin!

    Tojikiston xalq artisti unvonini olganim men uchun juda katta faxr. Davlatimiz rahbarining bu tashrifi chindan ham tarixiy boʻldi.

    Tarixiyligi shundaki, Oʻzbekiston bilan Tojikistonning doʻstligini eng baland choʻqqida koʻrdik. Emomali Rahmon Prezidentimizni juda katta izzat-ikrom, juda katta eʼzoz, ehtirom bilan kutib oldi.

    Tojikiston rahbari ham, butun mamlakat xalqi ham Prezidentimizni juda cheksiz hurmat qilishar va gʻoyat yaxshi koʻrishar ekan. Buning sababi bor, albatta. Sababi, Shavkat Mirziyoyev oʻzbek va tojik xalqlarining qaytadan birlashishiga sababchi boʻldi. Ikki davlat oʻrtasida uzoq yillar davom etgan munosabatlar turgʻunligiga aynan u chek qoʻydi, oʻrtadagi muzlarni eritib yubordi.

    Buni Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmonning oʻzi ham eʼtirof etib, “Shavkat Miromonovich, siz mana shu yetti yil davomida xalqlarimizni birlashtirdingiz. Oʻrtadagi chegara muammolarini bartaraf ettirdingiz. Oʻzbek va tojik xalqlari oʻrtasidagi devorni olib tashladingiz. Oʻzbek va tojik xalqlari bir-birini quchoqlab, quvonchidan koʻzda yosh bilan sizni duo qilishyapti. Siz mana shu yetti yil ichidagi ishlaringiz bilan yetti marotaba hajga borib kelgandan ham kattaroq savobga erishdingiz”, dedi.

    Bu gap menga juda qattiq taʼsir qildi. Koʻzlarimga yosh keldi. Ilohim, mana shunday eʼtiroflar bardavom boʻlsin. Prezidentimiz oʻzbek va tojik xalqlari orasida tiklagan doʻstlik abadiy boʻlishini Yaratgandan soʻrab qolaman.

    Yodgor SAʼDIYEV,

    Oʻzbekiston, Qoraqalpogʻiston va Tojikiston xalq artisti