Shu maʼnoda, mazkur tashrif hududni kompleks rivojlantirish, iqtisodiy drayverlarni shakllantirish va “Yangi Oʻzbekiston” gʻoyasini hayotga tatbiq etish yoʻlidagi muhim strategik qadam boʻldi.

Prezidentimiz uy-joy qurilishi, sanoat, qishloq xoʻjaligi, turizm, taʼlim va raqamli texnologiyalar kabi koʻplab sohalardagi istiqbolli loyihalar, qilinayotgan ishlar bilan tanishdi. Bu Fargʻona viloyati bugun nafaqat iqtisodiy, balki innovatsion va ijtimoiy rivojlanish markaziga aylanib borayotganini koʻrsatadi. Tashrifning Qoʻqon shahridagi “Yangi Oʻzbekiston” massividan boshlanganida ham chuqur ramziy maʼno bor. Bu massiv xalqimiz farovonligini oshirishga qaratilgan yirik ijtimoiy loyihadir. U hududning ijtimoiy-iqtisodiy qiyofasini tubdan oʻzgartiruvchi zamonaviy markaz sifatida qad rostlamoqda.

Mamlakatimizda aholi uchun munosib yashash sharoiti yaratish missiyasi yil sayin amaliy natijalarda namoyon boʻlayotganini Qoʻqon shahrida barpo etilayotgan “Yangi Oʻzbekiston” massivi misolida koʻrish mumkin. Qadimiy Qoʻqonda ham tadbirkorlik ­taraqqiy etgan. Shu bois, u doim gavjum, serharakat odamlar yashaydigan shahar boʻlgan. Lekin yillar davomida shahar qiyofasi deyarli oʻzgarmadi. Oqibatda aholi soni oshib, uy-joyga ehtiyoj kuchaydi. Eski infratuzilma tufayli esa bu talabni toʻliq qanoatlantirish juda mushkul edi. Yangi massiv aynan shu muammoga zamonaviy yechim sifatida barpo etilmoqda.

Prezidentimiz avvalgi tashrifi chogʻida massivni bunyod etish borasida topshiriqlar bergan edi. Ushbu topshiriq va koʻrsatmalar asosida ishlar jadal bajarildi. Natijada oilalar qisqa muddatda zamonaviy, barcha sharoitga ega xonadonlarda yashamoqda.

— Oilam bilan “Yangi Oʻzbekiston” massividan uy sotib olishni rejalashtir­yapmiz. Birinchi navbatda, bu yerdagi infratuzilma va sharoitlar maʼqul keldi. Maktablar, bogʻlar, savdo markazlari — hammasi bir joyda. Xonadonlar tayyor taʼmirlanib, barcha zamonaviy jihozlar bilan taʼminlangan. Bu — oilamiz uchun katta qulaylik. Chunki uyni jihozlashga qoʻshimcha xarajat qilish shart emas, — deydi qoʻqonlik Muzaffarjon Mahkamov. —

Biz boshlangʻich toʻlov va yillik stavka ham qulay deb bilamiz. Shu tarzda uy sotib olish biz uchun yaxshi imkoniyat. “Yangi Oʻzbekiston” massivi nafaqat yangi xonadonlar, balki yangi hayot boshlash imkoniyati degani.

Hududga 1 trillion 850 milliard soʻm yoʻnaltirilib, 25 ming kishi yashaydigan makon barpo etilayotgani oddiy koʻrsatkich emas, balki minglab oilalarning osuda hayoti ­demakdir. Koʻp qavatli 84 ta uy bilan birga maktablar, bogʻchalar, OTM, biznes va savdo markazlari, dam olish hududlari qurilayotgani esa massivning toʻliq shakllangan kichik shaharchaga aylanishini taʼminlamoqda.

Hozir loyihaning birinchi bosqichi yakunlanib, 4000 dan ortiq xonadonli 56 ta koʻp qavatli uy foydalanishga topshirilgani ishlarning soʻzda emas, amalda bajarilayotganini koʻrsatadi. Tayyor xonadonlar nisbatan yengil shartlar asosida, 35 foizli boshlangʻich toʻlov evaziga 20 yil muddatga berilayotgani koʻplab oilalar uchun katta qulaylik.

Fargʻona vodiysi shaharlarini bogʻlovchi yangi elektropoyezd qatnovi yoʻlga qoʻyilishi ham tarixiy voqea boʻldi. 324 kilometrli temir yoʻl halqasi vodiy viloyatlarini oʻzaro yaqinlashtirib, aholi va tadbirkorlar uchun xavfsiz hamda arzon transport xizmatini taʼminlaydi.

Qishloq xoʻjaligida ham Fargʻonada oʻziga xos “tajriba maktabi” yaratilyapti. Quva tumanidagi “Quva Agrostar” majmuasi ana shunday zamonaviy manzillardan. Bu yerda mahsulot yetishtirishdan eksportgacha boʻlgan jarayon bitta tizimda zanjir halqasiday birlashgan. Uning ahamiyatli jihati shundaki, tizim toʻliq zamonaviy texnologiya va ilmiy salohiyatga asoslangan. Shu bois,  dehqonlar 10 sotix tomorqadan 250 million soʻmgacha daromad olish mumkinligiga ishonyapti. Buning sirini oʻrganishga ragʻbat kuchaymoqda. Mamlakatimizda ilk bor agrovoltaika texnologiyasi joriy etildi. Bu soʻzni ilk bor eshitganimizda nima ekanini anglamaganimiz tabiiy. Oʻrgansak, bu bitta joyning oʻzida quyosh energiyasini olish uchun panellar oʻrnatish, ularning soyasida esa dehqonchilik va chorvachilik qilish ekan. Bu texnologiya suv sarfini 40 foiz kamaytirib, hosildorlikni 25 foiz oshirish imkonini bermoqda.

Xalqimiz quvonchiga sabab boʻlgan yana bir yirik loyiha haqida aytib oʻtish joiz. “Karkidon” suv ombori hududida 635 milliard soʻmlik zamonaviy turizm majmuasi barpo etilmoqda. Shu orqali Fargʻona ekoturizm markaziga aylanadi. Ilgari ­“Karkidon” suv ombori hududi qarovsiz, yaydoq qirlar va dashtdan iborat edi. Endi bu joy eng zamonaviy dam olish hududi va yashil makonga aylanmoqda. Eʼtibor qiling: 508 gektarni egallagan majmuada agroturizm, ekoturizm va ekstremal turizm imkoniyatlari birlashadi. Bunday keng qamrovdagi tanlov esa sayyohlar oqimining keskin koʻpayishiga sabab boʻladi. Shunga yarasha zamonaviy mehmon uylari, shalelar ham quriladi. Restoranlar va ekobozor sabab majmua yanada jozibador qiyofa kasb etadi. Loyiha amalga oshirilsa, yuzdan ortiq tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritadi. Rasmiy manbalarga koʻra, hududda 2000 ga yaqin ish oʻrni ochilar ekan. Bu — juda katta raqam. Hech­ ­shubhasiz, uni ijtimoiy-iqtisodiy hayotimizdagi yangi sahifa desak boʻladi. Rejalar ham shunga yarasha baland olingan. Masalan, har yili 750 ming sayyoh “Karkidon”ga kelishi kutilmoqda. Ana shu koʻrsatkichning oʻziyoq milliardlab soʻm daromad, byudjet tushumi degani.

Fargʻona viloyatidagi oʻzgarishlar haqida gap ketganda, Quva tumanidagi texnikumni alohida tilga olish kerak. Chunki bu yerdagi yangilanishlar shunchaki raqam yoki hisobot emas, balki yoshlar hayotidagi real imkoniyatlarga aylanib bormoqda. Texnikumga nazar tashlab, bugun mehnat bozorida qanday kasblarga talab yuqori ekanini darhol his qilish mumkin. Nemis va xitoy tillarini oʻrganayotgan yoshlar, logistika yoki dronlar orqali qishloq xoʻjaligini boshqarishni oʻzlashtirayotgan oʻquvchilar kelajakka mustahkam poydevor qoʻymoqda. Ayniqsa, “aqlli” irrigatsiya yoki quyosh panellari bilan bogʻliq yoʻnalishlar bugunning talabiga juda mos keladi. Muhimi, bu yerda nazariya bilan cheklanib qolinmayapti. Dual taʼlim tizimi orqali 550 oʻquvchi bilimni amaliyot bilan uygʻun holda oʻzlashtiryapti. Bu ularning ish topishi yoki faoliyatini boshlashida qoʻl keladi. Startap markazida fargʻonalik yoshlar yangi gʻoyalar ishlab chiqmoqda. Ular robototexnika, SMM, mobilografiya, dizayn kabi yoʻnalishlarda oʻzini sinab koʻryapti, izlanmoqda. Daromadi yuqori boʻlgan kelajak kasblarini oʻrganyapti. Shu maʼnoda, Quva texnikumi yoshlar zamonaviy kasblarni egallab, kelajak yoʻlini belgilab oladigan ishonch qoʻrgʻoniga aylanib bormoqda.

Yangi Oʻzbekistondagi yangilanishlar sabab Fargʻonada yana bir goʻzal va betakror majmua paydo boʻldi. Mamlakatimiz yetakchisining 2025-yil 1-apreldagi qarori asosida “Burhoniddin Margʻinoniy” majmuasi barpo etildi. Bu yerga kelgan kishi milliy meʼmorchilik anʼanalarini koʻradi. Margʻilon tarixi haqida tasavvurga ega boʻladi. Zamonaviy turizmning talablariga toʻla javob beradigan shart-sharoitlarda sayyohlar qulaylikni his etadi. Bu yerda mehmonxona, karvonsaroy, savdo va xizmat koʻrsatish binolari, hunarmandlar markazi, milliy bozor va muzeylar qurib bitkazilgan.

Ayniqsa, “Otabek va Kumush uyi” muzeyi sayyohlarni oʻziga chorlaydigan, milliylik va qadriyatlarimizni tarannum etadigan obod manzilga aylandi. Devorlarda “Oʻtkan kunlar” romani sahnalari jonlantirilgan, adabiyot va tarix uygʻunlashgan. Shuningdek, maqom teatri, shoir va rassomlar xiyoboni, kutubxona ham sayyohlar va mahalliy aholi uchun ochiq.

Fargʻona bugun islohotlar markaziga, innovatsiyalar maydoniga va yangi imkoniyatlar hududiga aylanmoqda. Muhimi, barcha islohotlar inson manfaatlari, farovon hayot va barqaror rivojlanishga qaratilgan. Shu bois, fargʻonaliklar bugun har doimgidan ham koʻra koʻtarinki ruhda, ertangi kunga mustahkam ishonch bilan harakat qilmoqda.

Prezidentimizning tashrifi viloyat ahli uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Xalqimizga yanada koʻtarinki ruh berdi. Koʻzlangan yuksak marralar ishtiyoqi, unga erishmoq yoʻlidagi izlanishlar shijoati har birimizning qalbimizda joʻsh uryapti. Muhimi, keyingi yillardagi amaliy oʻzgarishlar xalqimiz qalbida koʻzlangan marraga, albatta, erishamiz degan ishonchni mustahkamlab bormoqda.

Durdona GʻAFFOROVA,

Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi aʼzosi