Inson koʻksidagi eng kerakli “doʻsti” haqida ham astoydil qaygʻurishi kerak. Albatta, bu borada tajribali shifokorlarning koʻmagisiz, muolajalarisiz, jarrohlik amaliyotisiz maqsadga erishish mushkul.
Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Namangan filiali jamoasi ana shunday chuqur bilimli, yuqori malakali shifokorlardan iborat. Ular kechagi yutugʻi bilan kifoyalanib qolmay, betinim izlanish, yangiliklarni, dunyo tajribasini oʻzlashtirish orqali jahon andozalari darajasida tibbiy xizmat koʻrsatishni faoliyatlari mezoniga aylantirgan. Ayni paytda filial mutasaddilari xorijdagi nufuzli tibbiyot markazlari va mutaxassislar bilan hamkorlikni yanada kengaytirish, investitsiya jalb etishga intilmoqda. Jumladan, Avstriyadagi hamkorlar bilan ham muayyan natijaga erishildi.
— Oʻtgan yili bahorda viloyatimiz hokimi boshchiligidagi guruh tarkibida Venaga yetib bordik. Dastlabki kuniyoq Avstriyaning “Uni Gredit” banki departamenti direktori oldida shifoxonamiz modernizatsiyasi boʻyicha taqdimot oʻtkazildi. Unda angiograf apparatini oʻrnatish rejasi bayon qilingan edi. Shuningdek, AQSHda ishlab chiqarilgan muhim uskunani olish masalasi kun tartibiga qoʻyildi va ijobiy kelishuvlarga erishildi, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy markazi Namangan filiali direktori, tibbiyot fanlari nomzodi Solijon Moʻminov. — 2022-yil 10–14-may kunlari hamkorlik memorandumi imzolangan boʻlsa, oradan bir yil oʻtib, kelishuvlar deyarli toʻliq amalga oshdi. Filialimizga Avstriyaning “AME International” kompaniyasi yetkazib berishi kerak boʻlgan qiymati 8,89 million yevrolik apparat va jihozlarning 80 foizi keltirib oʻrnatildi. Bu yil sentyabr oyi oxirigacha loyiha boʻyicha 65 turdagi 350 apparat va jihozdan toʻliq foydalanish imkoniyati paydo boʻladi. Ularning barchasi dunyodagi eng soʻnggi rusumli texnologiyalardir.
Dastlabki yillari filialda 18 turdagi kardiojarrohlik amaliyoti bajarilgan. Keyingi yillarda ular soni 65 taga yetkazildi. Yangi apparatlar oʻrnatilgach, qoʻshimcha 20 turdagi operatsiyani oʻtkazish mumkin. Yil yakunigacha amaliyotlar turini 112 taga yetkazish moʻljallanmoqda. Buning uchun, albatta, talab darajasidagi sharoit va imkoniyat mavjud. Aholi salomatligini mustahkamlashga qaratilgan eʼtibor tufayli filialga qarashli bino va inshootlar mukammal taʼmirdan chiqarildi. Chet eldan keltirilgan apparat va uskunalar joy-joyiga qoʻyildi.
Xalqimizning “Ish quroling soz boʻlsa, mashaqqating oz boʻlar” degan naqli naqadar toʻgʻri ekani filial faoliyati misolida ham yana bir bor oʻz isbotini topmoqda. Shifoxonaning moddiy-texnik bazasi boyib, mustahkamlanib borar ekan, yangi oʻrnatilgan zamonaviy va murakkab tibbiy apparatlarni boshqara oladigan iqtidorli kadrlarni tayyorlashga ham muhim vazifa sifatida qaralmoqda. Jumladan, joriy yilning yanvarida filialning toʻrt nafar jarrohi Belarus Respublikasidagi klinikalarda tajriba oshirib qaytdi. Iyun oyida yana ikki nafari Chexiyada malaka oshirdi. Sentyabrda esa uch nafar mutaxassisni Avstriyaga yuborish moʻljallangan. Yilning toʻrtinchi choragida Hindistonga safar uyushtiriladi. U yerda oʻzbek jarrohlari dunyoga mashhur klinikalarda hamkasblari bilan yonma-yon faoliyat yuritib, koʻplab murakkab amaliyotlarni nozik sir-asrorlarigacha oʻzlashtirishni maqsad qilgan. Yil oxiriga borib, Namanganda tibbiyot sohasidagi oʻta murakkab operatsiyalarini muvaffaqiyatli davom ettirish va izchilligiga erishish mumkin, deyishga asoslar yetarli.
Markazning Rentgenendovovoskulyar xirurgiya boʻlimi mudiri, tibbiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori Akmaljon Jalilovning yaqinda Chexiyaning Praga shahrida malaka oshirish chogʻida oʻzi ishlayotgan boʻlimdagi sharoitlarga mavjud holatni taqqoslab koʻrgach, beixtiyor direktorga telefon orqali hayajon bilan aytgan quyidagi iqrori ham kishini befarq qoldirmaydi:
— Solijon Jalilovich, Namanganda ham Praga va Berlindagidek sharoit va imkoniyat yaratilgan ekan. Hech mubolagʻasiz, Yevropa bilan boʻylashyapmiz! Bundan buyon biz ham chet ellik mutaxassislardek ishlasak, biror bemor markazimizdan yordamsiz qaytmaydi.
Namanganlik kardiologlar, kardioxirurglar jahonning manaman degan olimu mutaxassislaridan qolishmayapti. Tibbiyot tobora rivojlanayotgan, jarrohlik amaliyotiga eng ilgʻor innovatsiyalar joriy etilayotgan pallada ular faqat oʻqib-oʻrganish, yangiliklarni izlash, operatsiya jarayoniga yangi usullarni tatbiq etishda davom etyapti. Shu bois, filialda olimlar safi tobora kengaymoqda. Hozir muassasada 4 nafar fan nomzodi, tibbiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori ishlayotir. Ilmiy tadqiqotlarini yoqlashga tayyorlayotganlar ham koʻpaymoqda. Ilgari namanganlik kardiojarrohlar poytaxtdagi hamkasblaridan namuna olgan boʻlsa, bugun katta orzu-niyatlar bilan jahonga chiqishga intilmoqda.
Oʻta murakkab, oʻta nozik tibbiy-xirurgik amaliyotlarga onkojarrohlik hamda neyrojarrohlik qoʻshilayotganiga taajjublanishga aslo hojat yoʻq. Keyingi paytda tibbiy transformatsiya jarayoni ketmoqda. Hatto bu borada vodiyda birinchi boʻlib, miya qon tomirlaridagi nuqsonlarni jarohatsiz jarrohlik usulida bartaraf etishga xuddi shu filialda kirishildi. Qozogʻistonlik oliy toifali neyroxirurg Minjilqi Berdixoʻjayev ishtirokida uyqu arteriyalarini stentlashga bagʻishlangan ilmiy-amaliy konferensiya ham oʻtkazildi. Mutaxassis faqat nazariy maʼlumot berish bilan cheklanib qolmadi. Mahorat darsi tarzida namanganlik hamkasblari bilan birga uch nafar bemorning hayotiga chang solib turgan xavfni muvaffaqiyatli bartaraf qildi.
Filialdagi salmoqli ijobiy oʻzgarishlar tibbiyot turizmini rivojlantirishga ham keng yoʻl ochadi. Yevropa andozasi darajasida, dunyoga mashhur olim-shifokorlarning davolash borasidagi sabogʻini olgan, mahorat maktabini oʻtagan zehni oʻtkir, qoʻli yengil shifokorlar doim bemorlar dardiga malham boʻlmoqda. Ana shunday mohir mutaxassislar jamuljam boʻlgan mazkur shifo maskanida ne-ne ogʻir xastalar oyoqqa turib, sogʻlom va halovatli turmushga qaytyapti. Hozir viloyat ahlidan tashqari mamlakatimizning boshqa hududlaridan ham shifo izlab keluvchilar soni oshyapti. Shuningdek, qoʻshni Tojikiston va Qirgʻiziston, hatto Rossiya Federatsiyasidan davolanish uchun kelayotganlar koʻpayyapti. Bu Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Namangan filiali murakkab jarrohlik amaliyotlarini oʻtkazish borasida yangi bosqichga qadarm qoʻyganidan dalolatdir.
Sodiq SAYHUN,
jurnalist