Oʻzganing tovar belgisidan foydalanish mehnat qilmay, tayyor oshga sherik boʻlishdek gap. Faraz qiling: siz isteʼmolchi ishonchini qozonish, bozorda oʻz oʻrningizni topish uchun mahsulot ishlab chiqaryapsiz. Unga xaridorni jalb qiluvchi nom berdingiz. Asta-sekin mahsulotingiz bozorda xaridorgir boʻla boshladi. Biroq ayrim uddaburon “tadbirkor”lar hech qanday mehnat qilmasdan aynan oʻxshash nom bilan arzonroq mahsulot ishlab chiqaradi. Natija esa maʼlum. Nohalol tadbirkor qoʻlini sovuq suv urmay daromad qila boshlaydi. Asl tadbirkor bozori esa asta-sekin kasodga uchraydi. Ishchilar oyliksiz va ishsiz qoladi. Davlat bir potensial soliq toʻlovchidan mahrum boʻladi.

Shunday holatga yoʻl qoʻymaslik uchun Intellektual mulk agentligi kontrafakt mahsulotlar aylanmasiga qarshi monitoring olib bormoqda. Agentlikka fuqaro S.Nigmatovga tegishli “Vostochnыy sыr” tovar belgisidan boshqa fuqaro ruxsatsiz foydalanayotgani va shu brend ostida respublika boʻylab pishloq mahsuloti sotayotgani yuzasidan ariza kelib tushdi.

Murojaat tegishli tartibda oʻrganilganda, haqiqatan ham, nohalol raqobat natijasida tadbirkor faoliyatiga toʻsqinlik qiluvchi holat mavjudligi aniqlandi. Tegishli tartibda bayonnoma rasmiylashtirilib, sudga yuborildi. Sud tomonidan koʻrilgan ishda fuqaro Z.T. oʻz xatosini toʻgʻri tushunib, tovar belgisidan noqonuniy foydalanishni toʻxtatish va oʻz tovar belgisini yaratish haqida koʻrsatma berdi.

Har qanday ishni xayrli yakun topishi, albatta, yaxshi. Endi haq-huquqlari himoya qilingan tadbirkor ishini yana-da rivojlantirib, mahsulot turini koʻpaytirishga intiladi. Boshqasi bozorda oʻz oʻrnini topish va isteʼmolchi ishonchini halol yoʻl bilan qozonish uchun izlanadi.