Poytaxt hokimi mehmonni samimiy qarshi olib, mamlakatlarimiz rahbarlari o‘rtasidagi kelishuvlar natijasida poytaxtlar o‘rtasidagi hamkorlik rivojlanib borayotganini ta’kidladi.

Hokim oxirgi uch yilda poytaxtda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida qisqacha ma’lumot berdi: turar joy va ijtimoiy ob’ektlarning qurilishi, UJKX sohasidagi yangilanishlar, yangi istirohat bog‘lari, transport va turizm sohalaranining rivojlanishi, shuningdek, shahar ko‘chalarida qirg‘iz raqamlaridagi mashinalar mavjudligiga alohida urg‘u berib o‘tdi.

Prezidentimiz tomonidan taklif qilingan va aholi ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan «Mahallabay» dasturi haqida batafsil ma'lumot berdi. «Barcha sa’y-harakatlarimiz farovonlik indeksini shakllantiruvchi komponentlarga qaratilgan», — deya ta’kidladi hokim.

Yaqin hamkorlik uchun barcha imkoniyatlarni ishga tushirish maqsadida O‘zbekiston va Qirg‘iziston poytaxtlari o‘rtasida Hamkorlik bo‘yicha rejani imzolashni taklif qildi. Unda Toshkentda Bishkek kunlari va Bishkekda Toshkent kunlarini o‘tkazishni, ularni nafaqat madaniy dasturlar, balki hamkorlik loyihalarni rivojlantirish uchun tadbirkorlar o‘rtasida muloqot bilan boyitish kerakligini aytdi.

Aybek Djunushaliev ham, ikki davlat rahbarlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan oxirgi uchrashuvdan keyin Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stona aloqalar yangi rivojlanish bosqichiga o‘tganligini ta'kidlab, Toshkentdagi islohotlarni diqqat bilan kuzatishini, soha mutaxassislari bilan yaqindan muloqot qilish uchun poytaxtga obodonlashtirish va UJKX sohasidagi mutaxassislar guruhi bilan kelganligini ma’lum qildi.

Bishkek meri meriya ishining tuzilmasini takomillashtirish, Bishkekning 48 ta mavzesida yoshlar bilan ishlash, shahar elektr ta'minoti nimstansiyalarini almashtirish zarurati, transport muammolarini hal qilish uchun uchta yo‘l o‘tkazgich qurilishi, yangi maktab va sport inshootlari qurilishi haqida ma’lumot berdi. «Biz yuksak mas’uliyatimizni anglaymiz, axir mamlakat poytaxti yetakchi bo‘lishi kerak, — deya urg‘u berdi mer, — shu maqsadda ko‘plab masalalarni hal qilishda Toshkent tajribasidan foydalanmoqchimiz».

Bundan keyin, Toshkent hokimi o‘tgan yili shaharning byudjetiga salmoqli qo‘shimcha daromad keltirgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash tizimiga to‘xtalib o‘tdi. Qo‘shimcha mablag‘lar obodonlashtirish va UJKX majmuasi mashina va mexanizmlarini yangilashga sarflanganligini ma’lum qildi. Shuningdek, Jahongir Ortiqxo‘jaev kamxarj muhandislik yechimlari evaziga qatnov qobiliyatini oshiruvchi chorrahalar rekonstruksiyasi haqida so‘zlab berdi.

Muloqotdan so‘ng Bishkek meri va Toshkent hokimi Qirg‘iziston va O‘zbekiston poytaxtlari o‘rtasida hamkorlik Rejasiga imzo qo‘ydilar.

Mehmonlar «Raqamli Toshkent» platformasida tashkil etilgan Vaziyatlar markaziga o‘tdilar. U yerda shahar xizmatlarini tezkor boshqarish, kelajakka prognozlashtirish tahliliy materiallarning imkoniyatlari namoyish etildi. Misol uchun, shahar xaritasida aholi murojaatlari asosida aniqlangan chiqindilar o‘choqlari, chiqindi tashlash shoxobchalari, ularning piyoda borish qulay yoki noqulayligi hamda «Maxsustrans» DUK tomonidan ko‘chirilishi lozim bo‘lgan chiqindilar qabul qilish shoxobchalari ko‘rsatildi.

Shuningdek, mehmonlarga shahardagi maktablarning joylashuvi va keng qamrovli «qulaylik indeksi» namoyish etildi. Jahongir Ortiqxo‘jaevning ta'kidlashicha, shahar bo‘ylab vaziyatni tartibga solish uchun zaruratga ko‘ra deputatlar, tuman hokimlari va barcha shahar xizmatlari «qizil» hududlarga yuboriladi.

Mehmonlarni majmuaning transport komponenti qiziqtirdi. Ularga shahar xaritasida real vaqt rejimida umumiy jadvalda harakatlanayotgan barcha avtobuslar va barcha yo‘nalishlar haqidagi ma’lumotlar ko‘rsatildi.

Vaziyatlar markazi bilan tanishgach, mehmonlar hokim va uning o‘rinbosarlari hamrohligida poytaxtimizdagi Texnoparkka yo‘l oldi, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.