Bishkekda MDH Xavfsizlik idoralari rahbarlari yigʻildi

    Mintaqada vaziyatni beqarorlashtirish, konstitutsiyaviy tuzumni majburan oʻzgartirish maqsadida xorijda jangovar tayyorgarlikdan oʻtgan va tajriba toʻplagan shaxslarni aniqlash, ular faoliyatiga chek qoʻyish boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlar belgilanadi.

    Prezident Sadir Japarov bugun Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga aʼzo davlatlar xavfsizlik idoralari va maxsus xizmatlari rahbarlari kengashi aʼzolari bilan uchrashdi.

    Qirgʻiziston rahbari terrorizm va ekstremizm xavfsizlik sohasidagi eng dolzarb muammo ekanini yana bir bor taʼkidlab, mamlakati oʻz koʻlami, oldindan aytib boʻlmaydigan va xavfli oqibati bilan jiddiy ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy muammoga aylangan terrorizmning barcha koʻrinishlarini keskin qoralashini bildirdi.

    Ayni payt Bishkekda MDHga aʼzo davlatlar xavfsizlik va maxsus xizmatlar rahbarlari kengashi 54-majlisi davom etyapti. Uchrashuvda asosiy eʼtibor Hamdoʻstlik mamlakatlari xavfsizligiga tahdidni baholashga umumiy yondashuv ishlab chiqish, xatarlarni zararsizlantirish boʻyicha razvedka xizmatlari hamkorligi samaradorligini oshirishga qaratilishi kutilmoqda.

    Mintaqada vaziyatni beqarorlashtirish, konstitutsiyaviy tuzumni majburan oʻzgartirish maqsadida xorijda jangovar tayyorgarlikdan oʻtgan va tajriba toʻplagan shaxslarni aniqlash, ular faoliyatiga chek qoʻyish boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlar belgilanadi.

    Tadbir ishtirokchilari terrorizm va diniy ekstremizmga qarshi kurashish sohasida, jumladan aksilterror qoʻmitasi negizida faoliyat yurituvchi Xalqaro terrorizmga qarshi maʼlumotlar banki doirasida axborot almashinuvini takomillashtirish yoʻllarini belgilab oladi.

    Hamdoʻstlik aksilterror markazi MDHga aʼzo davlatlar terrorizm va ekstremizmning turli zoʻravon koʻrinishlariga qarshi kurashish boʻyicha 2023-2025-yillarga moʻljallangan hamkorlik dasturini 2023-yilda amalga oshirilishi toʻgʻrisidagi hisobotni koʻrib chiqishi uchun Kengash aʼzolariga taqdim etadi. Bundan tashqari aʼzo davlatlar xavfsizlik idoralari va maxsus xizmatlari rahbarlari kengashi ishchi organlari faoliyatining turli yoʻnalishlari boʻyicha yigʻilishlar rejalashtirilgan.