Bishkekda Shanxay hamkorlik tashkiloti hukumat rahbarlari kengashining majlisi boʻlib oʻtdi

    Hukumat 26 Oktabr 2023 1224

    Bugun, 26-oktabr kuni Qirgʻiz Respublikasi Bishkek shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti hukumat rahbarlari kengashining majlisi boʻlib oʻtdi.

    Unda Hindiston tashqi ishlar vaziri Subramanyam Jayshankar, Eron birinchi vitse-prezidenti Moxammad Moxber, Qozogʻiston Bosh vaziri Alixan Smailov, Xitoy Davlat kengashi Bosh vaziri Li Syan, Qirgʻiziston Bosh vaziri Aqilbek Japarov, Pokiston tashqi ishlar vaziri Jalil Abbas Jilani, Rossiya hukumati raisi Mixail Mishustin, Tojikiston Bosh vaziri Kohir Rasulzoda, Oʻzbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov hamda SHHT bosh kotibi Chjan Min va Tashkilotning Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qoʻmitasi direktori Ruslan Mirzayev ham qatnashdi.

    Kuzatuvchi mamlakatlar va faxriy mehmonlar sifatida majlisda Belarus Bosh vaziri Roman Golovchenko, Moʻgʻuliston Bosh vaziri Luvsannamsrayn Oyuun-Erdene, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi oʻrinbosari Xojamirat Geldimiradov hamda Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Bosh kotibi Sergey Lebedev, Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi Hayʼati raisi Mixail Myasnikovich ishtirok etdi.

    “Ala-Archa” davlat qarorgohida majlis qatnashchilarini dastlab Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov qabul qildi.

    Shundan soʻng, hukumat rahbarlarining kengaytirilgan tarkibda majlisi boʻldi. Uni Qirgʻiz Respublikasi Bosh vaziri Aqilbek Japarov ochdi.

    Kun tartibiga muvofiq, dolzarb iqtisodiy va gumanitar masalalar yuzasidan fikr almashildi, koʻp qirrali va oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

    Bugungi kunda koʻplab davlatlar yangi xavf va tahdidlarning oqibatlarini boshdan kechirmoqda. Bunday murakkab sharoitda barqaror rivojlanishni taʼminlash va xalqlarimiz turmush darajasini yuksaltirishga qaratilgan oʻzaro manfaatli savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish SHHTning ustuvor vazifalaridan biri ekani taʼkidlandi.

    Joriy yilning iyul oyida Dehli sammiti yakunlari boʻyicha koʻplab kelishuvlarga erishildi. Tashkilot doirasidagi koʻp qirrali amaliy hamkorlikni kengaytirish boʻyicha qator vazifalar belgilab berildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Dehli sammitida soʻzlagan nutqida SHHT ulkan iqtisodiy imkoniyatlar hududi, barcha mamlakatlarning uzoq muddatli barqaror rivojlanishi uchun platforma va resurs bazasi ekanligini taʼkidladi.

    Chindan ham, oʻtgan yil yakunlariga koʻra Oʻzbekistonning SHHTga aʼzo davlatlar bilan tashqi savdo aylanmasi 22 foiz oshgan.

    Birgina shu yil boshidan buyon Oʻzbekistonda SHHTga aʼzo davlatlar kompaniyalari ishtirokida mingdan ortiq yangi korxona tashkil etildi va ularning umumiy soni 8 mingga yetdi.

    Davlatimiz rahbari Dehli sammitida Tashkilotning katta salohiyatidan unumli foydallanishga qaratilgan qator muhim tashabbuslarni ilgari surgan edi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov soʻzlagan nutqida mazkur tashabbuslarni amalga oshirish maqsadida umumiy saʼy-harakatlarni birlashtirishga chaqirdi.

    Ushbu tashabbuslar SHHT doirasida savdo, investitsiya, transport va logistika, sanoat kooperatsiyasi, innovatsiya, oziq-ovqat xavfsizligi, turizm, ekologiya, hududlararo hamkorlik, yoshlar siyosati, sport va boshqa yoʻnalishlar boʻyicha oʻzaro manfaatli koʻp tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi qayd etildi.

    Tadbir yakunida SHHTga aʼzo davlatlar hukumat rahbarlari Qoʻshma kommyunike qabul qildi hamda Tashkilot faoliyatiga tegishli 13 ta hujjatni imzoladi.

    SHHT hukumat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi 2024-yilda Pokistonda boʻlib oʻtadi.