Mamlakatimiz boʻylab “Soʻngi qoʻngʻiroq-2021” tadbirlari keng koʻlamda oʻtkazilmoqda. Olmazor tumanidagi 133-maktab atrofi erta tongdan, gullar, turli matolar va sharlar bilan bezatilgan. Muassasaning asosiy kirish darvozasi boʻylab tantana uchun keng maydon ajratilgan. Ota-onalar farzandini katta hayot sari kuzatish lahzalarini tomosha qilgani, qoʻllarida dasta gullar bilan tashrif buyurgan. Bitiruvchilar koʻzda quvonch bilan shoʻxchan raqsga tushmoqda.

–Bugun maktab bilan xayrlashar ekanman, koʻz oʻngimda ota-onam va ustozlarim bergan taʼlim tarbiyani oqlash maqsadi turibdi, –deydi Saidakbar Abduhamidov. –Bugun men uchun ikki karra hayajonli kun. Ham maktabni bitirayapman, ham oliy oʻquv yurtiga imtihonim boʻlib oʻtadi. Oʻzimning qiziqishim boʻyicha poytaxtimizdagi Xalqaro Vestminster institutiga hujjatlarimni topshirganman. Ingliz tili va matematika fanlaridan maktabimizda malakali oʻqituvchilar sabogʻini oldim. Ustozlarimiz tomonidan qoʻshimcha darslar olib ilmimni mustahkamladim. Talaba boʻlish ham nasib etadi, albatta.

–Maktabimiz oʻquvchilari ilmga chanqoq, – deydi Olmazor tumani 133 maktab direktori Hilola Rahmatullayeva. – Biz qoʻldan kelgancha ularga sharoitlar yaratib berishga harakat qildik. 78 nafar oʻquvchi maktabimizni bitirayotan boʻlsa, ularning har birini oʻz oldiga qoʻygan yuksak orzulari bor. Uch nafar oʻquvchi oltin medal bilan maktabni tamomlashga muyassar boʻldi. Maktabimizdagi psixolog xodimlar, oʻquvchilarning ota-onalari va bitiruvchilar bilan birgalikda ularni oʻzlari qiziqqan oliy oʻquv yurtlariga yoʻnaltirdik. Ishonaman, oʻquvchilarimiz yuzimizni yerga qaratmaydi.

Olmazor tumanidagi 133-maktabiga yapon tiliga ixtisoslashtirilgan maqomi berilganiga koʻp boʻlmadi. Endi ushbu maktabda Respublika boʻylab yapon tili va madaniyatiga qiziqqan ota-onalarning farzandlari tahsil olishlari mumkin. Bundan tashqari yozgi taʼtilda ham maktabda turli fan toʻgaraklari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi, maktaboldi oromgohlari, sogʻlomlashtirish marazlari ishlab turadi. Hududdagi maktab yoshidagi bolalar bemalol ushbulardan foydalanish imkoniyati beriladi.

Uchtepa tumanida “Soʻngi qoʻngʻiroq -2021” tadbiri ham koʻtarinki ruhda tashkil etildi. Maktabda tahsil olgan taniqli insonlar, aziz mehmonlar va oʻquvchilarning ota-onalari ishtirokida ochiq osmon ostida bayram tadbiri oʻtkazildi.

–Bitiruvchilar uchun shu oxirgi ikki yillik oʻquv yillari ogʻir kechdi, –deydi Nodira Saidumarova. –Karantin choralari kuchaytirilgan vaqtlarda darslarni onlayn boʻlsa-da sifatli tashkil etishga harakat qildik. Maktabimiz oʻquvchilari moslashuvchan. 135 nafar bitiruvchi maktabni tamomlayotgan boʻlsa, ularning 60-70 foizi oliy oʻquv yurtiga kirish imtihonlariga tayyor. Barchasining ezgu maqsadlari, oldiga qoʻygan ulkan orzulari bor. Maktabimiz jamoasi ularni katta hayot sari qadamlarida omadlar tilaydi. Shu bilan birga ularni keyingi faoliyatlarida ham qoʻllab-quvvatlashga shaymiz.

Dilobar Asliddin qizi,

jurnalist