2021-yilning “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”, deb eʼlon qilinishi esa bu boradagi ishlarga joriy yilda davlat darajasida eʼtibor qaratilishini koʻrsatib turibdi.

Yurtimizning barcha hududida boʻlgani kabi, bugungi kunda Jizzax viloyatida ham aholi sogʻligʻini muhofaza qilish, salomatligini mustahkamlash borasida aniq chora-tadbirlar belgilangan boʻlib, shu asosda muayyan ishlar amalga oshirilyapti. Muxbirimizning viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi Ozoda Mahmudova bilan suhbatida ana shular haqida soʻz boradi.

— Keyingi paytda tibbiyotimiz tizimida “Oilaviy shifokor punkti”, “Tibbiy xarita” “Oilaviy poliklinika”, “Tibbiyot brigadalari” kabi yangi atama va tushunchalar paydo boʻldi hamda amal qilmoqda...

— Fikringizni tushundim. Men ham suhbatimiz avvalini shu tushunchalar bilan bogʻliq jarayonlar, oʻzgarishlar bilan boshlash oʻrinli, deb oʻylayman. Aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami koʻrsatishning sifati, samaradorligi va ommaviyligini oshirish, tibbiyot xodimlarining jamiyatdagi oʻrni va maqomini kuchaytirish, sogʻliqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarish oʻta muhim vazifadir.

Biz ana shu jihatlarni hisobga olgan holda, viloyat aholisini fuqarolarning salomatlik va fiziologik holatidan kelib chiqib, tegishli guruhlarga ajratib oldik. Ushbu guruhlarga kirgan fuqarolarni belgilangan muddatlarda tibbiy koʻriklardan oʻtkazish, ularning tibbiy holatini davriy kuzatuvga olish choralari belgilandi. Tibbiyot muassasasiga kela olmaydiganlarga esa individual patronaj xizmatini koʻrsatish belgilandi.

Maʼlumki, endilikda avvalgi umumiy amaliyot shifokori oilaviy shifokor maqomida ish yuritadi. Shubhasiz, bunday yangilik yoki oʻzgarishdan keyin ularning oʻz vazifasiga boʻlgan masʼuliyati oshadi, shu bilan birga, mavqei ham mustahkamlanadi.

Jumladan, endilikda yuqori tizimdagi koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalar yoki shifoxonalarga beriladigan bepul tibbiy yoʻllanmalar aynan oilaviy shifokor tomonidan beriladi, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida dori vositalari va tibbiy buyumlarga imtiyozli retseptlar yozib berish ham ular zimmasiga yuklanadi.

Shuningdek, oilaviy shifokorga terapiya, pediatriya, akusherlik, patronaj boʻyicha mutaxassis boʻlgan oʻrta tibbiy xodimlaridan iborat “tibbiyot brigadalari” yaqindan yordam beradi.

Bu bilan mavjud kuch va vositalarni jalb qilgan holda, eng avvalo, birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini har tomonlama mustahkamlash, tibbiy profilaktika va patronajning mutlaqo yangi tizimini joriy qilish, sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, bu boradagi ishlarni mahallalar va aholi xonadonlari darajasigacha qamrab olish imkoniyati yaratiladi.

Bugungacha viloyatimizda 701 ta ana shunday “tibbiyot brigadalari” tashkil etildi. Ular zimmasiga oʻzlariga biriktirilgan hududlarda oilalar va fuqarolar kesimida “tibbiy xarita”ni shakllantirish vazifasi yuklandi. Bu boradagi ishlarni tajriba sifatida viloyat markazi Jizzax shahri va Mirzachoʻl tumanida sinovdan oʻtkazib oldik.

Endi esa tibbiy xizmat koʻrsatishni soddalashtirish va raqamlashtirish hamda ortiqcha qogʻozbozlikni kamaytirish maqsadida barcha “tibbiyot brigadalari”ni maxsus kompyuter-planshetlar, mobil tibbiy-diagnostika vositalari bilan taʼminlash choralari koʻrilmoqda.

2021-yil 1-yanvardan boshlab avvalgi qishloq vrachlik punktlari oilaviy shifokor punkti, qishloq va shahar oilaviy poliklinikalari esa oilaviy poliklinika sifatida faoliyat yurita boshladi. Shuningdek, oilaviy shifokor va boshqa tibbiyot xodimlari faoliyati samaradorligini yangi reyting asosida baholab borish yoʻlga qoʻyilmoqda.

Baholash orqali yuqori natijalarni qoʻlga kiritganlarni mahalliy byudjetning qoʻshimcha mablagʻlari hisobidan har chorakda bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan ragʻbatlantirish mazkur tizimning yana-da samarali boʻlishini taʼminlaydi.

Shuningdek, endilikda tibbiyot birlashmasi boshligʻi bir vaqtning oʻzida koʻp tarmoqli markaziy poliklinika mudiri vazifasini ham bajaradi. Unga zaruriyatga qarab, tor soha shifokorlari shtatlarini mustaqil belgilash vakolati berilgani ham joylarda koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat sifatining oshishi, eng kerak joyga malakali mutaxassislarni tanlab olish, oxir-oqibat, aholi salomatligining mustahkamlanishiga xizmat qiladi, deb oʻylayman.

— Viloyatda bugungi kunda faoliyat yuritayotgan oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalar soni qancha, yangilari qanday tartibda va muddatda tashkil etiladi?

— Bugungi kunda viloyatimizda 54 ta oilaviy shifokor punkti, 32 ta oilaviy poliklinika faoliyat koʻrsatib turibdi. Yaqin ikki-uch yil ichida ularning safiga 25 ta oilaviy shifokor punkti va 3 ta qishloq oilaviy poliklinikasi qoʻshiladi. Yangi muassasalar, asosan, aholi zich joylashgan Zomin (6 ta) va Gʻallaorol (5ta) tumanlarida qad rostlaydi.

Boshqa tumanlarimizda ham 1-2 tadan yangi, zamonaviy tibbiy muassasalar xizmat koʻrsatishni boshlaydi. Ana shundan keyin voha ahlini toʻliq malakali tibbiy xizmat bilan qamrab olish imkoniyati yaratiladi, deyishimiz mumkin.

— Joylardagi oʻrta maxsus va tibbiyot bilim yurtlari talabalarining oilaviy shifokorlik punktlari, poliklinikalar, tibbiyot brigadalarida malaka oshirish, amaliyot oʻtash jarayonlarini tashkil etish ham rejalashtirilganmi?

— Bugun viloyatimizning Jizzax, Doʻstlik va Zomin shaharlarida Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlari, Gʻallaorol tumanida esa tibbiyot maktabi faoliyat yuritmoqda. Albatta, ushbu bilim maskanlari, ularning rahbariyati va talabalari bilan hamkorlik qilishdan manfaatdormiz

Zero, ular zimmamizga yuklangan katta hajmdagi ishlarni amalga oshirishimizda bizga beminnat koʻmakchi boʻladi. Oʻz navbatida, bunday hamkorlik yosh shifokorlarning viloyat tibbiy muassasalarida kasb oʻrganishi, bilim va koʻnikmalari oshishiga ham zamin yaratadi.

Yana bir gap: Prezidentimizning 2021-2022 oʻquv yilidan boshlab Jizzax davlat pedagogika instituti qoshida tibbiyot fakultetini tashkil etish tashabbusi barchamizni quvontirdi. Bu yangilik vohamizning malakali oliy maʼlumotli shifokorlarga boʻlgan ehtiyojini qondirishga, tibbiy xizmat sifati va saviyasining oshishiga katta hissa qoʻshishi shubhasiz.

Qoʻshimcha ravishda yana bir faktni esga olib oʻtaman: joriy yilda mamlakatimiz tibbiyot oliygohlarini tamomlayotgan yosh mutaxassislarning 127 nafarini viloyatimizdagi oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarga jalb etishni koʻzlab turibmiz. Ayni payda ularni uy-joy bilan taʼminlash, moddiy ragʻbatlantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqilmoqda.

— Viloyat markazidan olisda joylashgan tibbiyot muassasalarida aloqa xizmatini yaxshilash, jumladan, ularni internet tarmogʻiga ulash qay ahvolda?

— Maqtanishga yoʻymangu, bu boradagi koʻrsatkichlarimiz chakki emas. Aholini xatlovdan oʻtkazish tadbirlari yangi zamonaviy kompyuter-planshetlari yordamida, elektron axborot tizimi orqali amalga oshirilgani ishimizning tezkorligi va samaradorligini taʼminladi. Bugungi kunda viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi tasarrufidagi tibbiyot muassasalari xizmat aloqa vositalari bilan toʻliq taʼminlangan. Ularni yuqori tezlikda ishlovchi optik tolali internet tarmogʻi bilan qamrab olish esa 90 foizni tashkil qilmoqda. Joriy yil yakunigacha bu koʻrsatkichni 100 foizga yetkazish niyatimiz bor.

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

Xudoyberdi KARIMOV

yozib oldi.