Bitiruvchilar oʻzlari taʼlim olgan maktab uchun hashar yoʻli bilan 220 oʻrinli yangi bino barpo etishmoqda
Uchkoʻprik tumani “Zigʻir” mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi 39-umumtaʼlim maktabi uchun 220 oʻrinli yangi bino barpo etilmoqda.
Guliston qishlogʻida joylashgan mazkur maktab binosi 220 oʻringa moʻljallangan boʻlib, ayni vaqtda bu yerda 438 nafar oʻquvchi ikki navbatda taʼlim olmoqda.
Turli yillarda ushbu maktabni tamomlagan bitiruvchilar birlashib, hashar yoʻli bilan 220 oʻrinli yangi bino qurish tashabbusi bilan chiqishdi. Bu ezgu tashabbus tuman hokimligi va xalq taʼlimi boʻlimi tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.
Maktabning 1982-yilda qurilgan eski binosi buzilib, oʻrnida ikki qavatli zamonaviy bino qurilishiga kirishildi. Qisqa fursat ichida ikki qavatli bino qad rostladi, ayni vaqtda bu yerda pardozlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Qariyb 2 milliard 500 million soʻm mablagʻ evaziga bunyod etilayotgan qoʻshimcha bino foydalanishga topshirilishi natijasida maktabda bir vaqtning oʻzida 440 nafar oʻquvchiga taʼlim berish imkoniyati yaratiladi.