Bitta foydalanuvchiga beriladigan kartalar soniga cheklov oʻrnatilishi mumkin

    Ayrim mijozlar yuzdan ortiq kartalarga egalik qiladi. Bunday kartalardan keyinchalik firibgarlar pul mablagʻlarini oʻzlashtirish sxemalarida foydalanishi mumkin.

    Markaziy bank bitta foydalanuvchiga rasmiylashtiriladigan bank kartalari sonini cheklashni rejalashtirmoqda.

    Bu haqda 26-noyabr kuni boʻlib oʻtgan media-muloqotda regulyator raisi oʻrinbosari Behzod Hamrayev maʼlum qildi.

    Uning qayd etishicha, hozirda Oʻzbekistonda fuqarolar bitta pasportga ochishi mumkin boʻlgan bank kartalari soni qonuniy jihatdan tartibga solinmagan va ayrim mijozlar yuzdan ortiq kartalarga egalik qiladi.

    Behzod Hamrayev bunday kartalardan keyinchalik firibgarlar pul mablagʻlarini oʻzlashtirish sxemalarida foydalanayotganini taʼkidladi.

    Qanday cheklov oʻrnatish taklif qilinayotgani haqidagi savolga regulyator raisi oʻrinbosari aniq javob bermadi. Markaziy bank maqbul yechim topish uchun mazkur masalani tahlil qilishni rejalashtirmoqda, dedi u.