Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan “Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi” DUK hamda Toshkent moliya instituti bilan hamkorlikda atoqli yozuvchi, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni sohibi Abdulla Qahhor haqida hujjatli film suratga olinmoqda, deya xabar bermoqda Kinematografiya agentligi Axborot xizmati.
“Haqiqat mendan ustun” hujjatli filmida adibning yoshligini ijro etayotgan aktyor Otabek Sharipov film haqidagi taassurotlarini soʻzlab berdi:
- Abdulla Qahhor haqidagi hujjatli filmning suratga olish ishlari Buxoroning turli hududlarida shuningdek, yozuvchining uy muzeyida boʻlib oʻtdi. Umuman olganda buyuk siymolarni ekranda yaratish har bir aktyorning orzusi boʻlsa kerak. Men ana shu orzuga erishdim.
Biz Abdulla Qahhorning faqatgina ijodini bilar ekanmiz. Endi esa film orqali uning hayoti qanday kechganining guvohi boʻlamiz. Yozuvchining oʻrta yoshli davrini gavdalantirganimda uning hayotidagi mashaqqatlarini, chekkan zahmatlarini koʻrdim va his qildim. Oʻylaymanki, adib bilan bir davrda yashagan koʻplab zamondoshlari ana shunday chigʻiriqlardan oʻtishgan. Balkim, shuning uchun ham oʻsha davrda zalvorli, tosh bosadigan noyob asarlar yaralgan.
Film ssenariysi hayotiy voqealar asosida yozilgan. Adib yashagan davr muhitini his qilish, oʻsha nafasda yashash ijodiy jamoamizda oʻziga xos taassurot qoldirdi. Syomka jarayonida adib foydalangan qalamdan foydalanishga toʻgʻri kelib qoldi. Unda yozish juda qiyin ekan. Tasavvur qiling, oldin maʼlum asarni qoralamasini yozish, keyin uni oqqa koʻchirish, asarlar kerak boʻlsa 18-martalab qayta koʻchirilgan. Bu juda katta mehnat va vaqt talab etadi.
Abdulla Qahhor haqidagi “Haqiqat mendan ustun” hujjatli filmi orqali adib shaxsini yana-da yaxshiroq bildim va unga yaqinlashdim. Koʻplab asarlarini oʻqib chiqdim. Endi esa premyerani intiqlik bilan kutmoqdaman!”