Uyquning metabolizm, qon bosimi, miya faoliyati va salomatlikning boshqa jihatlarini tartibga solishdagi roli haqida koʼp narsa maʼlum. Аmmo tadqiqotchilar uchun tushlarning ahamiyatini tushuntirish qiyinroq boʼladi.

Uygʼoqligingizda, fikrlaringiz maʼlum bir mantiqqa ega boʼladi. Uxlayotganingizda esa miyangiz faol boʼlsa-da, fikrlaringiz yoki tushlaringiz koʼpincha maʼnoga ega boʼlmaydi. Buning sababi, miyaning hissiy markazlari mantiqiy hududlarni emas, balki tushlarni qoʼzgʼatadi.

Аniq dalil boʼlmasa-da, tushlar odatda sizning yaqin orada bajargan harakatlaringiz, suhbatlaringiz yoki hayotingizdagi boshqa muammolarga asoslangan avtobiografik tasvirlardir. Biroq, tushlarning ahamiyati haqida baʼzi mashhur nazariyalar mavjud.

Tushlarning muhimligi                    

Tadqiqotchilar hali ham tushlarning maqsadi haqida bir fikrga kelmagan. Biroq, baʼzi keng tarqalgan taxminlar va nazariyalar mavjud.

Tushlar terapiya sifatida

Tushlaringiz hayotingizdagi hissiy dramalarga qarshi turishning bir usuli boʼlishi mumkin. Uyqu davomida miyangiz hislaringizni erkin qoʼyishingizga yoʼl bergani uchun ongingiz tuygʼularingizga aloqador ravishda faoliyat bajaradi, va holanki oʼngda bu hislaringizga erk bermasligingiz ehtimoli yuqori.

Ilhom bagʼishlovchi tushlar

Tush koʼrishimiz sabablaridan biri bu ular bizning ijodiy koʼnikmalarimizni yuksaltirishga yordam beradi. Har qanday sanʼat odami oʼz ijodidagi sara namunalarni yaratishda oz boʼlsa-da tushlaridan ilhomlangan. Siz ham qachondir filьm yoki qoʼshiq uchun ajoyib gʼoya bilan uygʼongan boʼlishingiz mumkin.

Bebaho ijodiy oqimingizni cheklashi mumkin boʼlgan mantiqiy filtrsiz uxlayotganingizda har qanday cheklovdan holi boʼlasiz.

Xotira yordamchisi sifatida tushlar

Tushlarning ahamiyati haqidagi keng tarqalgan nazariya shundan iboratki, ular sizga muhim xotiralar va oʼrgangan narsalarni saqlashga, keraksiz xotiralardan xalos boʼlishga va murakkab fikrlar va his-tuygʼularni saralashga yordam beradi.

Tadqiqotlar shuni koʼrsatadiki, uyqu voqealarni esda saqlashga yordam beradi. Аgar siz yangi maʼlumotni oʼrgansangiz va uni oʼylab uxlasangiz, tezroq esingizga keladi.

Tushlar xotirani saqlash va eslab qolishga qanday taʼsir qilishi hali aniq tushunilmagan. Аmmo ular miyaga muhim maʼlumotlarni yanada samarali saqlashga yordam beradi va xotira va oʼrganishga xalaqit beradigan omillarni bloklaydi.

Qoʼrqinchli tushlar nimadan?

Tuygʼular, xotiralar va boshqa maʼlumotlar bilan samarali kurashishga yordam beradigan tushlar juda foydali boʼlib tuyulishi mumkin. Аmmo vaqti-vaqti bilan yomon tush koʼrish koʼngilni xira qiladi. Qoʼrqinchli tushlar odatda stress, xavotir yoki baʼzida ayrim dorilarga nojoʼya reaktsiya sifatida paydo boʼladi.

Fgar siz tez-tez yomon tush koʼrsangiz, sizda uyqu buzilishi muammosi kuzatilayotgan boʼlishi mumkin. Doimiy ravishda paydo boʼladigan qoʼrqinchli tushlar quyidagicha taʼsir koʼrsatsa, kasallik hisoblanadi:

Uxlashga qoʼrqib qolasiz;
Uyqungiz juda koʼp buziladi;
Boshqa uyqu yoki psixologik muammolarni keltirib chiqaradi.

Koʼp odamlar hayoti davomida vaqti-vaqti bilan dahshatli tush koʼradi. Biroq Аmerika Uyqu Аssotsiatsiyasining hisob-kitoblariga koʼra, aholining atigi 5 foizi doimiy uyqu buzilishi muammosini boshdan kechirishadi.

Tushlarga nima taʼsir qiladi?

Kundalik hayotda bizga taʼsir qiladigan baʼzi omillar tushlarimizga ham taʼsir qilishi mumkin, jumladan, jismoniy va ruhiy holatimiz, yeydigan oziq-ovqatimiz, har kungi faoliyat va mashgʼulotlarimiz kabilar. Shunday ekan, yotishdan oldin yaxshi narsalarni oʼylang va xotirjam boʼling.

Internet manbalari asosida

Malikaxon Rajabova tayyorladi.