Kecha, 22-dekabr kuni Oʻzbekiston hukumatining birodar afgʻon xalqiga eng birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari hamda kiyim-kechaklardan iborat jami 170 tonnalik navbatdagi insonparvarlik yordami yuklari ortilgan avtomashinalar karvoni Hayraton chegara oʻtkazish punkti orqali qoʻshni mamlakatning Balx viloyati shimolidagi Kaldor tumaniga yetkazildi.
Qoʻshni davlatning Hayraton shahrida insonparvarlik yordamini topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili va Surxondaryo viloyati hokimi boshchiligidagi delegatsiya aʼzolarini Hayraton shahrida Balx viloyati gubernatori, provinsiyaning boshqa boshqaruv idoralari vakillari kutib olishdi.
48 tonna un, 30 tonna shakar, 48 tonna bugʻdoy, 15 tonna oʻsimlik yogʻi, 10 ming dona konservalangan goʻsht mahsulotlari , 22 tonna makaron, 1000 juft erkaklar va bolalar ust kiyimi, 1000 juft bolalar, erkaklar va ayollar oyoq kiyimidan tashkil topgan begʻaraz yordam Balx viloyati boshqaruv idoralari vakillariga topshirildi.
— Qoʻshni birodar oʻzbek xalqi Afgʻonistonda tinchlik va barqarorlikni oʻrnatish, aholisining mushkulini oson qilishdek xayrli ishlarda bosh boʻlayotganidan biz afgʻon xalqi juda ham minnatdormiz.
Bugun Oʻzbekiston hukumati mintaqadagi muammolar yechimi va davlatlar oʻrtasidagi hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha oʻz tashabbus va amaliy harakatlarini olib bormoqda. Birgina “Mozori Sharif – Kobul – Peshovar” temir yoʻli qurilishini oladigan boʻlsak, bu loyiha nafaqat uchta davlat qolaversa Markaziy Osiyo mamlakatlarining iqtisodiyotida juda katta ahamiyat kasb etadi. Mana bunday begʻaraz koʻmak xalqlarimizni jipslashtirib oʻzaro bordi-keldi munosabatlarimzni yanada mustahkamlaydi. Bundan esa albatta afgʻon xalq manfaatdor. Yana bir bor samimiy tashakkurimni izhor etaman», — dedi Balx viloyati gubernatori Mullo Muhammad Dovud Muzammil.
Oʻzbekiston Prezidentining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili Ismatilla Ergashev qoʻshni mamlakatga yetkazib berilgan insonparvarlik yordami haqida fikr bildirdi:
— Qish qattiq kelganini hisobga olgan holda, Oʻzbekiston rahbariyatining dasturiga asosan, Afgʻoniston xalqiga bu yilning oʻzida yettinchi marotaba insonparvarlik yordamini olib keldik.
Balx viloyati gubernatori Muhammad Dovud Muzammil bilan suhbatlashganimizda, u «Oʻzbekiston va Afgʻoniston oʻrtasidagi chegara — doʻstlik chegarasi. Biz Oʻzbekiston tomonidan faqat fayz va baraka koʻrib kelyapmiz. Bugungi kunda bizga eng yaqin, birodarlik munosabatlarini koʻrsatayotgan davlat ham shu. Biz Oʻzbekiston bilan har tomonlama munosabatlarni kengaytirish, mustahkamlash va har qanday masalani doʻstona hal qilamiz», deya taʼkidladi».