Bugun mamlakatimizda roʻyobga chiqayotgan amaliy-pragmatik islohotlar “Inson qadri uchun” tamoyiliga asoslangani natijasida nafaqat yurtimizda, balki xalqaro miqyosda ham “Yangi Oʻzbekiston” iborasi takror-takror tilga olinmoqda. Bunday oʻziga xos eʼtirof keyingi yillarda taraqqiyotning mutlaqo yangi bosqichiga qadam qoʻyganimiz, erishayotgan zalvorli yutuqlarimiz, 2017-yilda qabul qilingan Harakatlar strategiyasiga asoslanib, puxta oʻylangan davlat siyosati olib borilgani bilan chambarchas bogʻliq.

Buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan birga barpo etishdek buyuk gʻoya bizni ilgʻor niyatlar, ulugʻ maqsadlar, ulkan marralar yoʻlidan adashmaslikka undamoqda, tanlagan yoʻlimiz toʻgʻriligiga inontirmoqda. Bugun jamiyatimizdagi qaysi sohani olmaylik, qaysi jabhaga nazar solmaylik, ilgari surilayotgan xalq tashabbusi albatta qoʻllab-quvvatlanmoqda, investitsiya kiritilmoqda, bir soʻz bilan aytganda, xalqning roziligi yoʻlida tinimsiz harakat qilinayotir.

Prezidentimiz har bir nutqida yangi fikr va gʻoyalar, taraqqiyotimizni belgilaydigan ustuvor yoʻnalishlarni taklif etarkan, Oʻzbekistonni yangi bosqichga olib chiqish omillari, shu bilan birga, rivojlanishimizga gʻov boʻlayotgan holatlar, mavjud muammolarni hal qilishning nostandart yechimlarini aniq, ravon, xalqchil uslubda tushuntirib beradi. Har bir davlatning rivojlantiruvchi kuchi uning taʼlim tizimidir. Taʼlimtarbiya masalasi jamiyatni yurgizuvchi qon tomiri singari oʻta muhim.

Qachon taʼlim toʻgʻrisida gapirsak, albatta, tarbiyani ham qoʻshib aytamiz. Sababi, taʼlim va tarbiya yagona, uzviy jarayon. Taʼlim bor joyda, albatta, tarbiya ham boʻlishi zarur. Bugun biz milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari degan gʻoya atrofida birlashib, Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulkan marrani maqsad qilganmiz.

Davlatimiz rahbari 2020-yili Oʻqituvchi va murabbiylar kuniga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida “Biz maktabgacha taʼlim va maktab taʼlimi, oliy va oʻrta maxsus taʼlim tizimi hamda ilmiy-madaniy muassasalarni boʻlgʻusi Renessansning toʻrt uzviy halqasi, deb bilamiz. Bogʻcha tarbiyachisi, maktab muallimi, professor-oʻqituvchilar va ilmiy-ijodiy ziyolilarimizni esa yangi Uygʻonish davrining toʻrt tayanch ustuni, deb hisoblaymiz”, deya qayd etdi.

2022-yilda rivojlanishning oʻziga xos dasturi — 2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi qabul qilindi. Mazkur muhim dastur 2017–2021-yillarga moʻljallangan Harakatlar strategiyasining uzviy davomi boʻlib, uning toʻrtinchi ustuvor yoʻnalishi boʻlmish “adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish”da belgilangan maqsadlarda taʼlim tizimining barcha boʻgʻinini jadal rivojlantirishga doir masalalar belgilab qoʻyildi.

Bugun Oʻzbekistonda bola tugʻilganidan to 30 yoshgacha boʻlgan davrda uni har tomonlama qoʻllab-quvvatlaydigan, hayotda munosib oʻrin topishi uchun koʻmak beradigan yaxlit va uzluksiz tizim yaratilmoqda. Dunyo tajribasidan maʼlumki, yosh avlodni har tomonlama barkamol etib voyaga yetkazish uchun sarflangan sarmoya jamiyatga oʻn, yuz barobar koʻp foyda keltiradi. Yangi Oʻzbekiston sharoitida milliy taʼlim tizimida sezilarli islohotlar amalga oshirildi.

Bu oʻzgarishlarni qator misollarda koʻrish mumkin.

Birinchidan, maktabgacha taʼlim tizimi tubdan oʻzgardi. Alohida vazirlik tashkil qilindi. Buning natijasida sohada yangicha ruh paydo boʻldi. Farzandlarimizning maktabgacha taʼlimga qamrovi sezilarli oshdi. 2021-yil yakuni bilan maktabgacha taʼlim qamrovi 65 foizni tashkil etdi. 2023-yil oxirigacha esa 75 foizga yetkazilishi, qoʻshimcha 2 mingta nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasi tashkil etilib, xususiy sektor ulushi 25 foizga yetkazilishi kutilmoqda.

Ikkinchidan, maktab taʼlimini tubdan yaxshilash masalasi doimiy ravishda davlatimiz rahbarining diqqat markazida turibdi. Sohadagi jadal oʻzgarishlarni 2021-yili 30 ta yangi maktab qurish, 320 ta maktabni taʼmirlash va moddiy-texnik bazasini yaxshilash maqsadida byudjetdan 2 trillion soʻm ajratilgani tasdiqlaydi. Bu jarayonda maktablardagi taʼlim sifatini tubdan yaxshilash uchun oʻquv dasturlari, oʻqituvchilar uchun uslubiy qoʻllanmalar ilgʻor xalqaro mezonlarga moslashtirilmoqda.

Prezidentimiz raisligida maktab taʼlimini rivojlantirish masalasiga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektorlarda tahliliy va kreativ fikrlash qobiliyatini rivojlantirish uchun bolalarga sermazmun va tushunarli darsliklar yaratish zarurligi taʼkidlanyapti. Bu borada boshlangʻich sinflarda davlat taʼlim standarti oʻrniga ilgʻor xorijiy tajriba asosida, bolaga ortiqcha yuklama bermaydigan Milliy oʻquv dasturini joriy etish, umumtaʼlim muassasalaridagi oʻqitish sifati poytaxtda ham, olis qishloqlarda ham barobar — yuqori boʻlishini taʼminlashga eʼtibor qaratilmoqda.

Sohadagi katta oʻzgarishlardan yana biri shuki, boshqa tumandagi olis maktabga borib dars beradigan oʻqituvchilar oyligiga 50 foiz, boshqa viloyatga borib ishlayotganlarnikiga 100 foiz ustama haq toʻlanayotir. 2021-yili 10 ta Prezident maktabi, kimyobiologiya, matematika, axborot texnologiyalariga ixtisoslashtirilgan 197 ta maktab faoliyat boshladi. Raqobatbardosh milliy kadrlarning yangi avlodini tayyorlash maqsadida Toshkent shahrida zamonaviy “Yangi Oʻzbekiston” universiteti tashkil etildi.

Mazkur oliygohga xorijlik yetakchi olimlar va professor-oʻqituvchilar jalb qilinib, yoshlarga eng zamonaviy dasturlar asosida taʼlim-tarbiya berish yoʻlga qoʻyildi. Uchinchidan, oliy taʼlim tizimidagi islohotlarning yangi bosqichi Prezidentimizning 2021-yil 24-dekabrdagi “Davlat oliy taʼlim muassasalarining akademik va tashkiliy-boshqaruv mustaqilligini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi hamda “Davlat oliy taʼlim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlarida belgilab berildi.

Mazkur qarorlarga muvofiq, yurtimizdagi oliy taʼlim muassasalariga akademik va tashkiliy boshqaruvda mustaqillik berilayotgan boʻlsa, 35 ta oliygoh moliyaviy mustaqil boʻldi. Keyingi yillardan ularning safi kengayib borishi qarorda belgilab berildi. Oliy taʼlimning qamrovi va sifatini oshirishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. 2021-yildan boshlab oliy taʼlimga ajratiladigan davlat grantlari soni kamida 25 foiz oshirildi.

Oliy taʼlim muassasalariga qabul qilishda ehtiyojmand oilalar qizlari uchun grantlar soni bu yil ikki barobar koʻpaytirilib, 2 mingtaga yetkaziladi. Kirish imtihonida eng yuqori ball toʻplagan 200 nafar talabaga 4 yil mobaynida Prezident stipendiyasi beriladigan boʻldi. Mamlakatimizda maktabgacha, umumiy oʻrta va oliy taʼlimda ham sogʻlom raqobat muhiti yaratilmoqda. Xususiy bogʻcha, maktab, universitetlar faoliyat yurityapti.

Davlat-xususiy sheriklik asosida Qoʻqon universiteti, “Tashkent International University” xalqaro universiteti, Britaniya menejment universiteti, Yodju universiteti, Team universiteti, AKFA universiteti kabi nodavlat oliy taʼlim muassasalari tashkil etildi. Natijada yoshlarimizda tanlash imkoniyati paydo boʻldi. Bu esa tabiiy ravishda taʼlim muassasalari oʻrtasida sogʻlom raqobat muhitini shakllantiradi. Buning natijasida oliy taʼlim muassasalarida tizimga koʻproq yoshlarni jalb qilish uchun amaliy harakatlar olib boriladi.