Saylov — mamlakat ijtimoiy-­siyosiy hayotidagi muhim siyosiy jarayonlardan biri. Har bir saylovchi bergan ovoz yurt ertasi, kelajagimiz va fuqarolar ijtimoiy­siyosiy haq­huquqlarini oʼzida mujassamlashtiradi. Shu maʼnoda, fuqarolardan saylov jarayonlarida yuksak mulohazakorlik talab etiladi. Xalq bugun kimga yuksak ishonch bildirsa, u ertaga butun mamlakat taqdirini belgilab beruvchi jarayonlarni boshqaradi.

Yoshlarning mamlakat ijtimoiy-­siyosiy hayotida faolligi davlat ahamiyatiga ega muhim masalalardan biridir. Shu bois, qashqadaryolik yoshlar saylovning tashkiliy ishlarida doim faol. Viloyatdagi saylovchilarning qariyb uchdan bir qismini tashkil etayotgan yoshlarga milliy saylov tizimidagi islohotlar samaralari haqida tushunchalar berilib, saylov jarayonlari bilan tanishtirib borilmoqda. Quyida Qashqadaryo viloyati “Kelajak liderlari” klubi aʼzolarining saylovoldi jarayonlari, shuningdek, saylov boʼyicha fikrlari bilan tanishasiz.


Аbbosxon  EGАMBERDIYEV, Qashqadaryo viloyati “Kelajak liderlari” klubi rahbari:


— Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi nafaqat mamlakatimiz, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasining yaqin va uzoq muddatli istiqboli uchun ulkan ahamiyatga molik hodisadir. Yurtimizda umumiy, teng, toʼgʼridan­toʼgʼri, yashirin ovoz berish tamoyillariga tayangan holda saylov huquqini taʼminlash, saylovni erkin va adolatli, ochiq hamda oshkora oʼtkazishga oid huquqiy asoslarni mustahkamlashga, jumladan, zamonaviy demokratik saylov tizimini rivojlantirishga qaratilgan izchil choralar koʼrildi. Oʼzbekiston saylov qonunchiligi shu davrgacha boʼlib oʼtgan saylovlar davomida toʼplagan milliy tajriba, ilgʼor xorijiy amaliyot, xalqaro standartlar, fuqarolarning siyosiy ongi oʼsishi, demokratik islohotlarning borishi va talablarini hisobga olgan holda rivojlanib bormoqda. Biz — yoshlar oʼz fuqarolik pozitsiyamizni aniqlab olishimiz kerak. Men ham mamlakatimizda boʼlib oʼtadigan Prezident saylovida yosh saylovchi sifatida ishtirok etaman. Vatanimiz taqdiri, yurtimiz ravnaqiga befarq boʼlmagan hamda oʼzim munosib koʼrgan nomzodga ovoz beraman. Keyingi  5 yillikda xalqimiz, xususan, yoshlarning hayotiga ulkan taʼsir koʼrsatadigan ushbu siyosiy jarayonlarga befarq emasman. Siz ham befarq boʼlmang! 

Zabarjad  QАHHOROVА, Qarshi davlat universiteti talabasi:

— Mamlakatimizda fuqarolarning saylov huquqini amalda toʼla taʼminlash, milliy saylov qonunchiligi va xalqaro saylov andozalarini targʼib qilish, oʼrganish va oʼrgatishga bugungidek yuksak eʼtibor qaratilmagan, keng sharoit va qulay imkoniyatlar yaratilmagan. Prezident saylovida ilk bor ishtirok etayotganim uchun biroz hayajondaman. Zero, bu muhim siyosiy jarayon yurtimizning ertangi taraqqiyot yoʼli qanday boʼlishini belgilab beradi. Qonunchiligimizga koʼra, saylovchining saylovda ovoz berishda ishtirok etishi majburiyat emas, balki huquq sanaladi. Biroq bu huquqdan samarali foydalanish, oʼz taqdirini davlat, jamiyat, xalq taqdiri bilan bogʼliq holda koʼrish, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning faol ishtirokchisi boʼlish har bir fuqaroning insoniylik burchidir. Shu bois, oʼz huquqimdan toʼla­toʼkis foydalanib, yurtim taqdiriga daxldor ekanimni koʼrsataman. Inson dunyoga kelar ekan, oʼz yoʼnalishi, hayotdagi oʼrni, oʼqishi, ishi, oʼqimoqchi boʼlgan kitobi, yoqtirgan mashgʼuloti, doʼstlari — barcha­barchasini tanlash huquqiga ega. Tanlovlarni erkin, xohish va istaklarimizga koʼra amalga oshiramiz. Bizning tanlovimiz kelajagimizni belgilaydi. Shunday ekan, oʼz kelajagimga befarq boʼlmagan holda, faol fuqarolik huquqimga koʼra, yosh saylovchi sifatida munosib nomzodga ovoz beraman. Zero, xalqimiz kelajagiga, uning ertangi kuniga befarq emasman.

Lola  RАHMАTULLАYEVА, Qarshi davlat universiteti talabasi:

— Oʼz haq-­huquqi va burchlarini chuqur anglab yetgan yosh avlod mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qoʼsha oladigan faol qatlamga aylandi. Shu bois, Qashqadaryo viloyati yoshlari ham saylovga qizgʼin tayyorgarlik koʼrmoqda. 24 oktyabr sanasidagi saylov ochiqlik, oshkoralik va halollik tamoyillari asosida oʼtishiga shubha yoʼq. Bunda esa demokratik islohotlarning sifat jihatidan yangi bosqichga koʼtarilayotgani, fuqarolarning siyosiy­huquqiy madaniyati yuksalib, ijtimoiy faolligi ortayotgani, adolatlilik, xolislik printsiplari ustuvorligini koʼrish mumkin. Ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar orqali saylovga tayyorgarlik va targʼibot ishlarini kuzatib boryapman. Haqiqatan ham, mamlakatimizda saylovoldi jarayoni demokratik ruhda kechmoqda. Tan olish joiz, bugungi kun yoshlari real islohotlarga ishonadi, masʼuliyatni his etadi. Vatan taqdiriga, ertangi kunga befarq boʼlmagan inson borki, oʼzi munosib koʼrgan nomzodga ovoz beradi. Saylovda ilk bor ishtirok etayotgan yoshlarning doimiy ravishda oʼz  siyosiy­huquqiy bilimlarini oshirib borishi, jamiyatimiz ijtimoiy­siyosiy hayotida faol ishtirok etishi mamlakatimizda kechayotgan keng qamrovli islohotlar samarasi va taʼsirchanligi oshishiga xizmat qiladi. Men ham oʼz fuqarolik huquqimdan foydalangan holda munosib nomzodga ovoz beraman.

Qashqadaryo  viloyati “kelajak  liderlari” klubi axborot  xizmati  rahbari

Muhammadali Mamadaliyev yozib oldi.