Qayd etilishicha, ushbu reyting Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoni talablari asosida, Jamoatchilik kengashi tomonidan tasdiqlangan mezonlar boʻyicha shakllantirildi.

Reyting natijalariga koʻra, tashkilotlarning faoliyati uchta asosiy toifaga ajratilgan:

Yuqori koʻrsatkich qayd etgan «Yaxshi« tashkilotlar (80 balldan 100 ballgacha): Ushbu roʻyxatda eng yuqori natijani Hisob palatasi (95 ball) egallagan. Shuningdek, Oʻzarxiv agentligi (90 ball), Davlat zaxiralarini boshqarish qoʻmitasi, Kinematografiya agentligi, Fuqaro aviatsiyasi agentligi, “Oʻzbekkonsert” davlat muassasasi hamda Narkotiklar va oʻqotar qurollarni nazorat qilish agentligi (barchasi 85 balldan) eng namunali tashkilotlar sifatida qayd etilgan.

«Qoniqarli« deb topilgan tashkilotlar (55 balldan 80 ballgacha): Bu toifadan Davlat asillik darajasi nazorati inspeksiyasi (75 ball), Turizm qoʻmitasi, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Bojxona qoʻmitasi (70 balldan), Markaziy bank (65 ball), Ichki ishlar va Qishloq xoʻjaligi vazirliklari (60 balldan) kabi jami 10 ta idora joy olgan.

«Qoniqarsiz« baholangan tashkilotlar (55 balldan past): Reytingning eng quyi pogʻonalaridan koʻplab vazirlik va idoralar joy olgan. Xususan, Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi (30 ball), Favqulodda vaziyatlar vazirligi (25 ball), Adliya vazirligi (20 ball), Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi (15 ball) kabi tashkilotlarning nazorat faoliyati past baholangan. Reytingning eng oxirgi oʻrinlarini Madaniy meros agentligi (10 ball) va Soliq qoʻmitasi (5 ball) egallagan.

Mazkur reyting nazorat organlari tomonidan tadbirkorlik sohasidagi tekshiruvlarning qay darajada samarali va qonuniy tashkil etilayotganini koʻrsatib beradi.