Biznes doiralarining hamkorligi Oʻzbekiston – Pokiston iqtisodiy munosabatlarini rivojlantirishning muhim omilidir

    Biznes 18 Iyul 2021 764

    Toshkent shahrida Oʻzbekiston – Pokiston biznes-forumi boʻlib oʻtdi.

    Tadbirning ochilish marosimida Pokiston Islom Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi Abdul Razzoq Dovud va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari –investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov soʻzga chiqdi.

    Shundan soʻng, dasturning ikkinchi yarmida forumda Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xon va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov ishtirok etdi.

    Tadbir oʻz platformasida ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining 300 dan ortiq vakillarini, shuningdek, tegishli vazirlik, idora va tarmoq birlashmalari rahbarlarini yigʻdi.

    Forum ikki mamlakat oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishning hal qiluvchi omili sifatida Oʻzbekiston va Pokiston ishbilarmon doiralari oʻrtasidagi munosabatlarni yana-da faollashtirishga doir chora-tadbirlar yuzasidan fikr almashish va konstruktiv muhokamalar uchun maydonchaga aylandi.

    Soʻzga chiqishlar davomida Oʻzbekistonda tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va investorlar uchun qulay muhit yaratish boʻyicha koʻrilayotgan choralar qayd etildi. Soliqqa tortish sohasini isloh qilish, iqtisodiyotning shaffofligini oshirish, yer uchastkalarini ajratish tartibini, xorijiy investorlarni huquqiy himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish va boshqa yoʻnalishlarda erishilgan yutuqlar sanab oʻtildi.

    Forum doirasida vazirlik va idoralar rahbarlari tomonidan taqdimotlar oʻtkazildi. Ularda turizm, yengil sanoat, qishloq xoʻjaligi, farmatsevtika, kimyo sanoati va boshqa yoʻnalishlarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari taqdim etildi.

    Ikki mamlakat spikerlari biznes vakillarini aniq investitsiyaviy kelishuvlarga erishish va savdo shartnomalarini tuzish hamda hamkorlikning yangi istiqbolli yoʻnalishlarini aniqlash maqsadida faol hamkorlik qilishga chaqirdi.

    Forum yakunlari boʻyicha agrosanoat sohasi, toʻqimachilik, farmatsevtika va kimyo sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish hamda parrandachilik sohalarida qiymati 500 million dollardan ortiq boʻlgan 71 ikki tomonlama hujjat, shu jumladan, investitsiyaviy shartnomalar va savdo bitimlari imzolandi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.