Biznesni qoʻllab-quvvatlashga 300 million dollar

    Biznes 6 May 2022 1895

    Qishloq joylarda biznes va infratuzilmani rivojlantirish, ish oʻrinlari yaratish ragʻbatlantiriladi.

    19-aprelda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish uchun qoʻshimcha ragʻbat boʻlib xizmat qiladigan “Hududlarda tadbirkorlik loyihalarini moliyalashtirish mexanizmlarini yanada kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Gap hududlarda amalga oshirilayotgan tadbirkorlik loyihalarini katta miqdorda moliyaviy qoʻllab-quvvatlash, ishbilarmonlar tashabbuslarining oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlash haqida boryapti.

    Hujjatga koʻra, respublika tijorat banklariga Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan kichik biznes subyektlari faoliyatini moliyalashtirish uchun 300 million dollar ekvivalentida kredit liniyasi ajratiladi.

    Loyihasi belgilangan mezonlarga toʻgʻri keladigan har qanday tadbirkor kredit olishi mumkin, ammo imtiyozli kredit miqdori subyektning faoliyat yuritib kelgan davriga bogʻliq boʻladi.

    Xususan,

    6 oygacha faoliyat yuritgan tadbirkorlarga — 1 milliard soʻmgacha;

    6-12 oy – 2 milliard soʻmgacha;

    1-2 yil – 3 milliard soʻmgacha;

    2-3 yil – 4 milliard soʻmgacha;

    3 yildan koʻproq – 5 milliard soʻmgacha.

    Imtiyozli kreditlar ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohalardagi barcha loyihalar uchun ajratiladi, biroq yuqorida qayd etilganidek, ayrim mezonlar ham bor. Jumladan, ushbu tashabbus doirasida qurilish, savdo, vositachilik sohasidagi loyihalar, shuningdek, aksizosti tovarlar ishlab chiqaruvchilar, davlat korxonalari va ustav jamgʻarmasida (ustav kapitalida) davlat ulushi mavjud boʻlgan yuridik shaxslarga hamda aylanma mablagʻlarni toʻldirish holatlari uchun kreditlar berilmaydi.

    Mezonlarga javob beradigan subyektlar esa yillik 14%da, 5 yil muddatga (shu jumladan, 2 yillik imtiyozli davr bilan) kredit olish imkoniyatiga ega boʻladilar.

    Joriy etilgan kreditlash mexanizmining muhim jihatini qayd etish zarur – kredit mablagʻlarining kamida 70 foizi Nukus shahridan, viloyatlarning maʼmuriy markazlaridan va viloyat boʻysunuvida boʻlgan shaharlardan tashqari hududlarda faoliyatini amalga oshirayotgan tadbirkorlarga ajratiladi. Shu yoʻl bilan, qishloq joylarda biznes va infratuzilmani rivojlantirish, ish oʻrinlari yaratish ragʻbatlantiriladi.

    Zimmasiga qabul qilingan hujjat doirasida ajratilgan kredit liniyasidan samarali foydalanishni muvofiqlashtirish yuklatilgan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hujjatdagi vazifalarni ijro etish maqsadida qator vazifalarni amalga oshiryapti. Xususan, hududlar kesimida va tijorat banklari ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda kredit liniyasi resurslarining ajratilishini taʼminlash boʻyicha ishlar olib borilyapti, loyiha fabrikalari va guruhlari tomonidan tijorat banklari bilan hamkorlikda loyiha va loyihaoldi hujjatlarni sifatli ishlab chiqishni taʼminlash choralari koʻrilyapti. Shuningdek, jarayonning barcha ishtirokchilari tomonidan kredit liniyasi mablagʻlaridan samarali va maqsadli foydalanish boʻyicha tizimli monitoringni amalga oshirish mexanizmi joriy etilyapti.

    Turli xil kechikishlar oldini olish maqsadida hujjat bilan tegishli talabnomalar kelib tushgandan keyin uch kun ichida soʻralgan resurslar banklarda joylashtirilishi belgilab qoʻyilgan, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

    Davlatimiz rahbarining ushbu Qarori asosida moliyalashtiriladigan investitsiya loyihalarini amalga oshirish natijasida respublikaning asosan qishloq joylarida yangi ish oʻrinlari yaratiladi, innovatsiyalar va yangi texnologiyalarni joriy etish faollashadi, yangi zamonaviy ishlab chiqarish obyektlari oʻz quvvatlarini ishga tushiradi.