Oʻzbekiston Respublikasining “Banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq, Omonatlarni kafolatlash agentligi tomonidan “Biznesni rivojlantirish banki” aksiyadorlik tijorat banki “Yangi bank” aksiyadorlik jamiyati omonatchilariga kafolatlangan omonatlar boʻyicha kompensatsiya toʻlovlarini amalga oshirish yuzasidan agent-bank sifatida belgilandi.

2026-yil 29-yanvar kuni daryo.uz internet nashri studiyasida oʻtkazilgan brifingda “Biznesni rivojlantirish banki” ATB Axborot xizmati rahbari Shuhrat Oripov bugundan qonunchilikda belgilangan tartibda omonatchilarga kafolatlangan omonatlar boʻyicha kompensatsiya toʻlovlarini amalga oshirish boshlanganini maʼlum qildi.

Qonunchilikka muvofiq, 200 million soʻmgacha boʻlgan kafolatlangan omonatlar boʻyicha kompensatsiya toʻlovlari Omonatlarni kafolatlash agentligi mablagʻlari hisobidan mazkur bank orqali toʻlab beriladi.

Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, jami kafolatlangan omonatlar boʻyicha 31 507 nafar omonatchiga 208 milliard soʻm miqdorida kompensatsiya toʻlanishi rejalashtirilgan. Bu Yangi bank omonatchilarining 98,7 foizini qamrab oladi.

Omonatchilar kesimida aytib oʻtadigan boʻlsak, 31 327 nafar jismoniy shaxsga – 205 milliard soʻm, 126 nafar yuridik shaxsga – 2 milliard 900 million soʻm hamda 54 nafar Yakka tartibdagi tadbirkorga – 261 million soʻm toʻlab beriladi.

Brifingda qayd etilganidek, kompensatsiya toʻlovlari omonatchilarni qonunchilikka muvofiq identifikatsiyadan oʻtkazgan holda amalga oshiriladi. Jumladan ularga omonatchilar reyestridagi oʻzlariga tegishli maʼlumotlar bilan tanishib, soʻngra kompensatsiya toʻlovlarini olish imkoniyati yaratiladi.

Jismoniy shaxslar kompensatsiya toʻlovlarini “Biznesni rivojlantirish banki” ATBning “BRB mobile” ilovasi orqali onlayn tarzda bank kartalariga oʻtkazishi yoki agent-bankning jamgʻarma omonatiga joylashtirishlari mumkin.

Shuningdek, kompensatsiya mablagʻlarini agent-bankning hududlardagi istalgan bank xizmatlari markazlaridan naqd pul shaklida olishlari mumkin.

Bunda jismoniy shaxslar shaxsni tasdiqlovchi hujjat bilan shaxsan bank xizmatlari markazlariga tashrif buyurishlari lozim yoki belgilangan tartibda notarial tasdiqlangan ishonchnoma bilan oʻzlarining ishonchli vakillarini yuborishlari kerak boʻladi.

Yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxslarga kompensatsiya toʻlovlari mazkur bankning hududlardagi bank xizmatlari markazlariga tashrif buyurish orqali mazkur bankning oʻzida hisob raqam ochish yoki boshqa bankdagi hisob raqamiga pul oʻtkazish yoʻli bilan amalga oshiriladi.

“Biznesni rivojlantirish banki” ATB rasmiysi kompensatsiya toʻlovlarini olish uchun omonatchilardan hech qanday qoʻshimcha toʻlov talab etilmasligini taʼkidladi.

Qonunchilikka muvofiq, omonatchilar agent-bank tomonidan kompensatsiya toʻlanishi asossiz kechiktirilganligi faktlari toʻgʻrisida Omonatlarni kafolatlash agentligiga xabar berishlari mumkin.

Brifingda toʻlov jarayonining borishi holati boʻyicha ham axborot berildi. 2026-yil 29-yanvar soat 16.00 holatiga jismoniy shaxs boʻlgan 1 220 nafar mijozga 100 mlrd soʻmdan ortiq omonat mablagʻi toʻlab berildi.

Bank axborot xizmati

Reklama