“Kaptarli mozor”, “Hazrat Аli”, “Poshshopirim, “Sadkak ota” kabi ziyoratgohlar Fargʼona tarixidan soʼzlovchi maskanlar sifatida koʼpchilikning eʼtiborini tortayotgan boʼlsa, “Vodil”, “Ettibuloq” dam olish maskanlarining dovrugʼi dunyoga ketgan.
Soʼnggi yillarda mamlakatimiz turizm salohiyatini oshirishga qaratilgan tashabbuslar, chora-tadbirlar bois viloyatimizda ham sayyohlik iqtisodiyot tarmoqlarining yetakchi boʼgʼinidan biriga aylanmoqda. Dastlabki yillarda ziyoratgohlarga yurtdoshlarimiz tashrif buyurgan boʼlsa, endilikda ularning osafiga chet ellik sayyohlar oqmi ham qoʼshilayotir. Viloyatimizning turli sayyohlik obʼektrlarida ekoturizm, agroturizm, etnoturizm, tibbiyot turizmi rivojlanmoqda.
Qishlogʼimiz – Xonqiz oʼzining soʼlim va betakror tabiati, musaffo havosi va shifobaxsh suvi bilan sayyohlarni oʼziga jalb qiladi. Sir-sinoatlarni oʼzida jo etgan mazkur qishloqda “Yilqichi ota”, “Oqtoshmozor”, “Yigitpirim”, “Buxalcha aziz”, shuningdek, “Teshiktoshbuva” ziyoratgohi mavjud.
Qishlogʼimizda ikki zabardast islomshunos kishilar yashab oʼtgan. Har ikkisi ham saxovatpesha, oqilu donish boʼlgan. Mirzaqori domla oʼzining duoyu jami bilan bemorlar dardining yengillashishiga yordam bergan boʼlsa, Dadajon Oʼrmonovning rivoyatlari, oʼgitlari, hayot yoʼli koʼplab yoshlarga ibrat boʼlgan. Tanazzulga yuz tutgan oilalarni tiklashga, yetim-esirlarga boshini silashga qoʼshgan hissasini hali-hanuz odamlar tildan qoʼymay gapirib yuradi.
“Teshiktoshbuva” bagʼrida “Zilol” sihatgohi qad rostladi. Bu yerda qanchadan-qancha bemorlar dardiga malham topyapti. Bir-biriga tutash yassi qir-adirlar oʼrtasida ulkan tosh va atrofida bitik toshlar mavjud.
Bir paytlar “Sadkak ota” ziyoratgohi xurofot oʼchogʼi deya toptalgan, oyoqosti qilingan. Shukurki, mustaqil boʼldik, qadriyatlarimiz tiklandi, oʼzligimizni anglab yetdik. Bugun bu maskanlar ziyoratchilarning sevimli goʼshalariga aylanayotir.
Har bir inson xoh yosh boʼlsin, xoh yoshi ulugʼ, oʼzi tugʼilib joyi tarixini yaxshi bilishi, sevishi, ardoqlashi, anglashi kerak. Koʼz ochib koʼrgan tuproqmi, giyohmi, toshmi – mukqaddas. Yoshlar qalbida bu kabi tushunchalarni shakllantirish bizning burchimizdir.
Аnvar Mirzo Mirzayev