Biroq yuz bergan halokat masshtabi boʻyicha dunyo elektr energiyasi tarixida eng yirigi emas. Bunday Blackoutʻlar yoki uzilishlar, odatiy holdagidek, avariya yoki tabiiy ofatlar natijasida avval ham sodir boʻlgan.
Masalan, 2003-yil 14-avgust kuni AQSHda mamlakat tarixida elektr taʼminotidagi yirik halokat yuz berdi. Uni “Buyuk blekaut—2003” deb nomlashgan. Oʻshanda AQSH hamda Kanadaning shimoliy-sharqiy qismidagi katta shaharlari elektr energiyasidan uzilgan. Umumiy hisobda 263 ta elektr stansiyalari, shu jumladan AQSH va Kanadadagi 10 ta AESda uzilish kuzatilgan. Natijada 55 million aholi chiroqsiz qolgan. Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, zarar miqdori kamida 6 milliard dollarni tashkil etgan.
1977-yilda Nyu-York aholisi “qoʻrquv kechasi”ni boshdan oʻtkazdi, shaharda ommaviy oʻgʻirliklar va yongʻinlar yuz berdi. Yaʼni 13-iyul kuni soat 21:00 atrofida chaqmoq urishi oqibatida ikkita asosiy elektr tarmogʻi ishdan chiqdi va shahar elektr energiyasiz qoldi. Nyu-York koʻchalari oʻgʻri-talonchilarga toʻlib ketdi. “Qoʻrqinchli kecha” oqibatida yuzlab insonlar jarohatlandi, 3,7 mingdan ortiq kishi hibsga olindi, 2 mingdan ortiq doʻkon talon-toroj qilindi va 300 million dollarga yaqin zarar yetkazildi.
2012-yil iyul oyida dunyodagi eng yirik elektr taʼminotidagi uzilishlardan biri yuz berdi. 2012-yilning 30—31-iyul kunlari Hindistonning 20 ta shtatidagi 650 millionga yaqin aholi qariyb 8 soat davomida zimistonda qoldi. Kasalxonalar va maktablar elektr taʼminotisiz qoldi, 500 dan ortiq poyezdlar harakati toʻxtatildi. Mamlakatdagi energiya inqirozi shimoliy toʻrtta – Rajastxan, Haryana, Panjob va Uttar-Pradesh shtatlarining elektr energiya isteʼmoli meʼyoridan oshib ketganidan keyin boshlandi.
Bir yil oldin, yaʼni 2021-yil 9-yanvar kuni elektr energiyasidagi yirik uzilish Pokistonda sodir boʻldi. Bu barcha yirik shaharlar, jumladan, poytaxt Islomobodga ham taʼsir koʻrsatdi. Uzilishga mamlakatdagi eng yirik issiqlik elektr stansiyalaridan biri “Guddu”da yuz bergan avariya sabab boʻldi, natijada Pokistondagi boshqa elektr stansiyalar ham ishlashdan toʻxtadi. Deyarli 20 soat davomida 200 millionga yaqin aholi chiroqsiz qoldi.