Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Jamoatchilik bilan aloqalar markazi rahbari Aziz Abidov maʼlum qildi.
Jinoyat ishlari boʻyicha Mirobod tuman sudining raisi S. Sodiqov eʼlon qilgan hukmga koʻra, A. Moʻminov fuqarolar L. M., F. K. va E. E.ning pul mablagʻlarini firibgarlik yoʻli bilan egallash holatlari boʻyicha jinoiy hodisa yuz bermagani hamda uning qilmishida jinoyat tarkibi boʻlmagani sababli Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b”, “v” bandlari bilan aybsiz deb topilib, reabilitatsiya etildi hamda jinoyat ishining shu qismlari Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi (reabilitatsiya uchun asoslar) 1, 2-bandlariga asosan tugatildi.
A. Moʻminov Jinoyat kodeksining 141-1-moddasi (shaxsiy hayot daxlsizligini buzish) 2-qismi “a” bandi, 165-moddasi (tovlamachilik) 3-qismi “a” bandi, 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi, 189-moddasi (savdo yoki xizmat koʻrsatish qoidalarini buzish) 1-qismi va 28,211-moddasi (pora berishda ishtirokchilik) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi.
Unga Jinoyat kodeksining 45 (muayyan huquqdan mahrum qilish) va 57 (yengilroq jazo tayinlash) moddalarini qoʻllagan holda Jinoyat kodeksining 59 (bir necha jinoyat sodiri etganlik uchun jazo tayinlash) va 61 (jazolarni qoʻshishning hisoblash qoidalari) moddalari tartibida 3 yil muddatga jurnalistik (blogerlik) faoliyati bilan shugʻullanish huquqidan mahrum qilgan holda 7 yil 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyada oʻtattirilish belgilandi.
Shuningdek, A. Moʻminovdan jabrlanuvchilar foydasiga jinoyat oqibatida yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zararni undirish belgilandi.
Birinchi instansiya hukmidan norozi taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent shahar sudining apellyatsiya instansiyasiga shikoyat berish va protest keltirish huquqi mavjudligi maʼlum qilindi.