Bloger Kabul Dusovning ozodlikni cheklash jazosi ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirildi

    Jazoni manzil-koloniyalarda oʻtash belgilandi.

    Jinoyat ishlari boʻyicha Chilonzor tuman sudining 2024-yil 22-noyabrdagi hukmiga muvofiq K. Dusov (1984-yilda Samarqand viloyatida tugʻilgan) Jinoyat kodeksining 140-moddasi (haqorat qilish) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 1-yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan edi.

    Sud humiga koʻra Jinoyat kodeksining 48-1-moddasiga (ozodlikni cheklash) asosan K. Dusovga sutkaning muayyan vaqti, yaʼni kech soat 21:00 dan ertalabki soat 07:00 ga qadar yashash joyidan chiqish cheklanishi va unga qoʻshimcha internetdan foydalanmaslik, ommaviy va boshqa tadbirlar oʻtkazishda ishtirok etmaslik, har oyda bir marotaba yashash joyi boʻyicha IIO FMB Probatsiya boʻlimidan roʻyxatdan oʻtib turish hamda mahkumlarni nazorat qiluvchi organning roziligisiz yashash joyini oʻzgartirmaslik kabi taqiqlar yuklanishi belgilangan.

    Oliy sud axborot xizmatining xabar berishicha, Yashnobod tuman IIO FMB Probatsiya boʻlimi tomonidan sudga taqdimnoma kiritilgan.

    Taqdimotda keltirilishicha, K.Dusov ahloqan tuzalish yoʻliga oʻtmagan, uning cheklov va taqiqlarga rioya etmasdan jazo oʻtashdan qasddan boʻyin tovlab kelgan. Bir necha marotaba u bilan olib borilgan profilaktik suhbatlardan oʻziga ijobiy xulosa chiqarmagan. Keltirilishicha, uni jamiyatdan ajratmagan holda tarbiyalash imkoniyati yoʻqligini inobatga olib hamda sud hukmi ijrosiz qolayotganligi sababli Jinoyat kodeksining 48-1-moddasi 6-bandi va Jinoyat-ijroiya kodeksining 44-4-moddasi (ozodlikni cheklash tariqasidagi jazoni oʻtash tartibi va shartlarini buzganlik uchun javobgarlik) 3-qismi “a” bandiga asosan K.Dusovning oʻtalmay qolgan 11 oy 2 kun ozodlikdan cheklash jazosini shu muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirish soʻralgan.

    Ish hujjatlariga koʻra K. Dusovga nisbatan chiqarilgan sud hukmi roʻyxatga olinib, ijroga qaratilib, unga jazo oʻtash qonun-qoidalari bilan tanishtirilgan va Jinoyat kodeksining 48-1-moddasi 6-qismi bilan ogohlantirilib, bu haqida tilxatlar olingan.

    Sud hukmida K. Dusovga belgilangan cheklov va taʼqiqlarga rioya etmagan taqdirda Jinoyat kodeksining 48-1-moddasi 5 va 6-qismi talablari tushuntirilgan boʻlishiga, shuningdek, unga internetdan foydalanmaslik qoʻshimcha taqiq yuklatilgan boʻlishiga qaramasdan 2025-yil 4-yanvar kunidan 11-yanvar kuniga qadar uni nomiga ochilgan “Kobul Dusov/RASMIY KANAL” Telegram-kanaliga har xil mazmundagi materiallar joylashtirib kelganligi aniqlangan.

    Ushbu holat yuzasidan K. Dusov Yashnobod tumani IIO FMB Probatsiya boʻlimiga chaqirtirilib, unga Jinoyat-ijroiya kodeksning 44-4-moddasi 1-qismiga asosan 2025-yil 11-yanvar kuni ogohlantirish tarzidagi intizomiy jazosi qoʻllanilgan.

    Joriy yilning 24-yanvar kuni IIV TQD Kiberxavfsizlik tomonidan K. Dusovga ogohlantirish intizomiy jazosi eʼlon qilingan vaqtida xam, undan keyingi kunlarda ham internetdan faol foydalanib kelganligi aniqlangan.

    Sud taqdimnomani muhokama qilib hamda ish hujjatlarini tekshirib, taqdimnomani qanoatlantirishni lozim topdi.

    Jinoyat kodeksining 48-1-moddasi 6-qismiga asosan agar shaxs ozodlikni cheklash tariqasidagi jazoni oʻtashdan qasddan boʻyin tovlagan, shuningdek sud tomonidan oʻz zimmasiga yuklangan majburiyatlarni bajarmagan taqdirda, sud ozodlikni cheklash jazosining oʻtalmay qolgan muddatini boshqa turdagi jazo bilan almashtirishi mumkin.

    Shu tariqa jinoyat ishlari boʻyicha Yashnobod tuman sudining joriy yilning 24-yanvardagi ajrimiga muvofiq Yashnobod tumani IIO FMB probatsiya boʻlimining taqdimnomasi qanoatlantirilib, jinoyat ishlari boʻyicha Chilonzor tuman sudining 2024-yil 22-noyabrdagi hukmi bilan mahkum K.Dusovga nisbatan tayinlangan va oʻtalmay qolgan 11 oy 2 kun ozodlikni cheklash jazosi shu muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirildi. Jazoni manzil-koloniyalarda oʻtash belgilandi.