Uning ma’lum qilishicha, Chilonzor tumani prokuraturasi tomonidan Farhod Mannapovning o‘limi bilan bog‘liq jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Tergov davomida jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan klinika shifokorlari, anesteziolog hamda marhumning tanishlari, shuningdek, jami 15 nafar shaxs guvoh tariqasida so‘roq qilingan.
Shu bilan birga, jinoyat ishi bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligiga tayinlangan xizmat tekshiruvi xulosasi olinib, jinoyat ishi hujjatlariga qo‘shilgan.
Bundan tashqari, jinoyat ishi doirasida murakkab ekspertizalarni o‘tkazish jarayoni ketmoqda.
Dastlab olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari davomida 2013 yilda ushbu klinikada yana bir shaxs jarrohlik amaliyoti vaqtida vafot etganligi haqida ko‘rsatma olingan.
Biroq, tergov davomida ushbu vaj o‘z tasdig‘ini topmaganligi sababli jinoyat ishi Jinoyat kodeksining 116-moddasi 4-qismi «a» bandidan 116-moddasi 3-qismiga qayta malakalangan.
Barcha zarur tergov harakatlari o‘tkazilganidan so‘ng ish bo‘yicha qonuniy to‘xtamga kelinadi.